Katanets ketdi. U O‘zbekistonni JChga yaqinlashtirgandi

Sport 21:26 / 22.01.2025 9460

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets ishdan ketdi. Murabbiy ancha vaqtdan buyon betobligi sabab milliy jamoaning ba’zi yig‘in va o‘yinlarini o‘tkazib yuborayotgandi. Iste’fo sababi ham aynan murabbiyning salomatligi bo‘lgan, tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qilgan.

Bir necha kun avval murabbiy Qatarda yig‘in boshlagan O‘zbekiston milliy jamoasi qarorgohiga bormasligi, yig‘inni uning yordamchilari o‘tkazishi e’lon qilingandi. Vaholanki, aksar legionerlarsiz, asosan mahalliy klublardagi futbolchilar ishtirokidagi yig‘in aynan Katanets yangi futbolchilarni saralab olishi uchun o‘tkazilayotgandi. 27 yanvar kuni Dohada O‘zbekistonning Iordaniya bilan o‘rtoqlik o‘yini bor. Hali bu o‘yinga kim futbolchilarimizga murabbiylik qilishi aniq emas.

Asosiy nomzod – Kapadze

Milliy jamoa bosh murabbiyi lavozimi uzoq vaqt bo‘sh turmasligi tabiiy, chunki avvaliga Iordaniya bilan o‘yin, keyinroq JCh saralashining har qiluvchi o‘yinlari boshlanadi. Biz aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA tez orada Temur Kapadzeni milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida e’lon qiladi. Boshqa murabbiy varianti ham ko‘rib chiqilmayapti. Kapadze O‘zbekistonni futbolimiz tarixida ilk marta olimpiadaga olib chiqqani inobatga olinsa, uning bosh jamoa murabbiyi bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Kapadze avvalroq «Paxtakor» va «Navbahor»ning takliflarini rad etgan. Balki milliy jamoaga taklif qilishlarini kutgandir.

Katanets nimalar bilan yodda qoldi?

Futbol bo‘yicha milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lish O‘zbekistondagi eng mas’uliyati katta ishlardan biri, men sizga aytsam. O‘zbekistondagi hech bir siyosatchi bunday tanqid qilinmaydi. Futbol jurnalistikasida azaldan demokratiya juda kuchli va bu lavozimni egallaydigan odam gap ko‘taradigan bo‘lishi kerak. Katanets ham futbol jamoatchiligining tanqidlaridan chetda qolmadi. Muxlislar uni zerikarli o‘yin ko‘rsatishda, jurnalistlar qat’iyatsizlikda aybladi. Lekin faqat Katanets davrida Eron kabi gigantlar O‘zbekistondan hayiqib maydonga tushdi. Boshqa murabbiylar forslarning oyog‘ini qaltiratishni uddalay olmagandi.

Katanets pragmatik futbol ko‘rsatib, natijani birinchi planga qo‘ydi. Sloveniyalik murabbiy tavakkal qilishni yoqtirmasdi va katta ehtimol shu uchun O‘zbekiston Osiyo chempionatida Qatarni yenga olmagandi.

Katanets O‘zbekiston milliy jamoasini 2021 yil 12 avgustdan, 2025 yil 22 yanvargacha boshqardi. Bu lavozimda eng ko‘p ishlagan murabbiylardan biri bo‘ldi. Katanets qo‘l ostida O‘zbekiston 42 ta o‘yinda maydonga tushib 26 marta g‘alaba qozondi. Tarixda ilk marta BAA Toshkentda mag‘lub etildi. Uning davrida Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov kabi endilikda Yevropa futboli yulduzlari porlab chiqishdi. Shubhasiz, ularning faoliyatida Katanetsning hissasi juda katta bo‘ldi.

Shaxsan mening fikrimcha, Srechko Katanets O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi murabbiylardan biri bo‘ldi. Aynan uning murabbiyligi vaqtida O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta jahon chempionati yo‘llanmasiga juda yaqin keldi. Men milliy jamoamiz jahon chempionatiga chiqishiga shubha qilmayman va bu tarixiy voqea sodir bo‘lsa, eng katta mehnatni aynan sovuqqon Srechko Katanets qilgan deb hisoblayman. Mehnatingizga rozi bo‘ling, janob Katanets. Thank you, MISTER.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: