Sloveniya nashrlarining yozishicha, O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruvida 2026 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishga yaqin turgan 61 yoshli mutaxassis salomatligi bilan bog‘liq sabablar tufayli qolgan 4ta rasmiy o‘yinda jamoani boshqara olmasligini tushungan va shartnomani bekor qilgan.
Sloveniyaning Sportklub saytining qayd etishicha, Katanets bilan birga uning yordamchilari Aleks Chex, Nixad Peykovich va Vlado Radmanovich jamoa bilan xayrlashadi.
Nashr Sloveniya milliy jamoasini o‘z tarixida ilk Yevropa chempionati (2000) va jahon chempionatiga (2022) olib chiqqan murabbiy bilan suhbatlashib, xastalik bilan kurashayotgan murabbiyga sog‘lik tiladi.
«Ikki oycha avval o‘zimni juda yaxshi his qilayotgandim, hozir ham yomon emas, barchasi joyida. Ammo, baribir o‘zim istaganimdek emas. Shu bilan birga to‘shakka mixlanib qolganim yo‘q, hali ham sayrga, yurishga chiqaman. Yaratgan egam menga yordam bermoqda. So‘nggi vaqtlarda men Sloveniya va Xorvatiya orasida ko‘p qatnaydigan bo‘ldim.
Murabbiylik faoliyatimga kelsak, iste’foga chiqish qarorini faqat o‘zim qabul qildim. Hayotim davomida faqat boshqalar uchun harakat qilib, o‘zimni fido qilgandekman. Necha marta shartnomani bekor qilishni so‘raganimni bilasizmi? Ammo har safar bu fikrimdan qaytarishgan. Ammo bu – meni ishlashga undaganlarning aybi emas, faqatgina o‘zimning bosh murabbiy sifatidagi mas’uliyatim edi», - deydi Srechko Katanets intervyusida.
Sportklub sayti muxbirining Srechkoga «futboldagi faoliyatingizga nuqta qo‘ydingizmi?» deya bergan savoliga Sloveniyaning afsonaviy murabbiyi hatto ertaga nima bo‘lishini bilmasligini aytib, murabbiylik faoliyatini yakunlaganiga sha’ma qilgan.
Avvalroq, 61 yoshli mutaxassisning saraton kasalligi bilan kurashayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Tribuna.uz sayti nafaqat Sloveniyaning afsonaviy murabbiyi, balki O‘zbekiston milliy jamoasining ham eng muvaffaqiyatli xorijlik murabbiyiga sog‘lik tilaydi.
Eslatib o‘tamiz, 61 yoshli mutaxassis 2021 yil kuzidan beri O‘zbekistonni boshqarib kelayotgandi. Uning qo‘l ostida milliy jamoa Osiyo Kubogi-2023da chorakfinalgacha yetib bordi, JCh-2026 saralashida esa 3-bosqichga chiqdi va ayni vaqtda guruhda mundialga yo‘llanma beradigan 2-o‘rinni egallab turibdi.