«Oq bo‘rilar»da «to‘daboshi» o‘zgardi: Kopa uddalaydimi?
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets iste’foga chiqqani haqida xabar bergandik. Kutilganidek bu post uzoq vaqt bo‘sh qolmadi. Sloveniyalik murabbiy o‘rnini futbolimiz tarixidagi eng kuchli o‘yinchilardan biri Temur Kapadze egalladi. Hozir hammada bir savol: Kopa eplaydimi? Futbolga qiziqmaydiganlar uchun aytib o‘tishimiz kerak, futbol olamida Kapadzeni aynan Kopa deb atashadi.
Hozir O‘zbekiston milliy jamoasi Qatarda yig‘in o‘tkazmoqda. 27 yanvar kuni Dohada Iordaniya bilan o‘rtoqlik o‘yini bor. Yangi murabbiy aynan Osiyo kubogi finalchisiga qarshi o‘yinda debyut qiladi. Biroq hozir Qatarda milliy jamoaning asosiy futbolchilari, ya’ni aksar legionerlar qatnashmayapti. FIFA kunlari bo‘lmagani uchun yig‘inda mahalliy klublardagi futbolchilar chaqirilgan. Kapadze kechaning o‘zida Qatarga uchib borib, milliy jamoani qabul qilib oldi. Allaqachon birinchi mashg‘ulotni o‘tkazishga ham ulgurdi.
«Biz askarmiz»
Kapadze O‘FAning yangi prezidenti bo‘lishi kutilayotgan Ravshan Ermatov bilan birga Qatarda futbolchilar oldida nutq so‘zladi. Kopaning maydonda katta professional bo‘lganini ko‘rganmiz. U maydondan tashqarida ham haqiqiy professional edi. Milliy jamoa bosh murabbiyi vazifasidagi ilk nutqida ham Kapadze buni isbotladi. U so‘zi boshida Kanatets JCh saralash siklini yakunlab qo‘yishini ko‘pchilik qatori istaganini aytib, unga hurmatini izhor qildi.
«Milliy jamoa menga begona emas, o‘ynaganman, bosh murabbiy, yordamchi murabbiy bo‘lganman. Biz askarmiz, vazifa yuklatildi – uni bajarishimiz kerak. Oldimizda mas’uliyatli o‘yinlar bor, hammasi joyida bo‘ladi deb o‘ylayman. Barcha o‘yinchilar martdagi yig‘inda yaxshi formada bo‘lishi kerak. Futbolchilarning kuchi va mahorati jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yetadi. Barchamizning orzumiz shu, xalqimizdan esa duoda bo‘lib turishlarini so‘rayman», dedi Kapadze.
Nega aynan Kopa?
Temur Kapadze qachondir milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lishi aniq va bu vaqt masalasi edi xolos. Chunki yetishib chiqayotgan murabbiylar orasida undan yaxshisi yo‘q. Kapadze chindan yuqori darajadagi murabbiy. Siz milliy jamoaga dunyoning eng zo‘r murabbiylarini olib kelishingiz mumkin, lekin ular sizga mahalliy murabbiylardek jon kuydirishmaydi. Oddiy fakt: futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixidagi barcha chempionlarni mahalliy murabbiylar boshqargan. Shu bois Temur Kapadzening tayinlanishi anchadan buyon pishib kelgan va shubhasiz to‘g‘ri qaror edi.
Ba’zi muxlislar orasida Kapadzega ishonchsizlik borligiga ko‘zim tushdi, buni tushunish mumkin: olimpiadadagi natijalar, yorqin bo‘lmagan o‘yin murabbiyga nisbatan fikrlar o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. Lekin olimpiadaga O‘zbekistonni aynan Kapadze olib chiqdi. Bu ishni o‘z vaqtida Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Samvel Babayan, Rauf Inileyev kabi katta murabbiylar, xorijlik boshqa murabbiylar ham uddalay olmagandi. Parij yo‘lidagi hal qiluvchi o‘yinda O‘zbekiston juda kuchli Saudiyani yengganini ham unutmang.
Kapadzening eng katta ustunligi – zamonaviy murabbiy ekanida. Kopa ko‘pchilik «old school» murabbiylari kabi 20 yil avvalgi konspektga qarab ishlamaydi, futbol bilan birga rivojlanadi. Tarkib tanlashda ham o‘zining doimiy ko‘chirib yuradigan «armiyasi» yo‘q, O‘zbekiston chempionatini kuzatadi, futbolchilarni taniydi. Katanets davrida aynan mana shu jiddiy muammo edi. Sloveniyalik murabbiy chempionat o‘yinlarini ko‘rmas, kuchsizroq jamoalardagi yaxshi futbolchilar soyada qolib ketayotgandi. Kapadze davrida bu muammo bo‘lmaydi.
Xullas, futbol muxlislari xursand bo‘lishlari mumkin. Temur Kapadze hozirgi kunda O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarish uchun eng munosib nomzod edi. Menimcha, Kopa O‘zbekistonni olimpiada va jahon chempionatiga birinchi marta olib chiqqan unikal murabbiy sifatida tarixga kiradi. Axir Tohir Kapadzening ta’biri bilan aytganda, jahon chempionatiga chiqishimizga jichchagina qolgan...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

00:03 / 28.01.2025
O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston - Iordaniya o‘yinida hisob ochilmadi

22:19 / 23.01.2025
«Necha marta shartnomani bekor qilishni so‘raganimni bilasizmi?» – Katanets murabbiylik faoliyatini yakunlamoqda

13:49 / 23.01.2025
Temur Kapadze: «Oldimizda mas’uliyatli o‘yinlar turibdi. Biz askarmiz. Vazifa berildi va uni bajarishimiz kerak»

21:24 / 22.01.2025