Tesla, SpaceX va X kompaniyalari egasi Ilon Mask ittifoqchilari bilan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni 2029 yilda o‘tkaziladigan saylovlarga qadar lavozimidan chetlashtirishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mask X ijtimoiy tarmog‘idagi «tajovuzkorona postlaridan tashqari», ittifoqchilari bilan Buyuk Britaniyadagi leyboristlar hukumatini beqarorlashtirish masalasini muhokama qilmoqda. «Uning hisoblashicha, G‘arb sivilizatsiyasi xavf ostida», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.
Mask Starmerni lavozimidan chetlashtirish uchun Buyuk Britaniyadagi muqobil siyosiy harakatlar, xususan, Nayjyel Farajning o‘ng qanot populistik partiyasi yordam bera olishi mumkinligini o‘rgangan. Nashrning qayd etishicha, Mask, shuningdek, partiya yetakchiligi uchun Faraj o‘rniga boshqa nomzod qidirmoqda.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ilon Maskni Yevropa siyosatiga aralashishda ayblagan edi. «10 yil oldin dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqlardan birining egasi saylovlarga, shu jumladan, Germaniyadagi saylovlarga bevosita aralashishini kim ham tasavvur qilgandi», — degan Fransiya prezidenti. O‘z navbatida Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Yevropa komissiyasini amerikalik tadbirkor Ilon Maskka nisbatan qattiqroq chora ko‘rishga chaqirdi.
Shuningdek, Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore ham Maskning siyosatga aralashuvidan xavotirda ekanini bildirgan.