Jahon | 22:28 / 09.03.2025
2481
2 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan beri Ilon Maskning boyligi 100 mlrd dollarga kamaydi

Ilon Mask egalik qiladigan Tesla va boshqa yirik kompaniyalar aksiyalari kotirovkasi pasaymoqda. O‘z navbatida bu amerikalik milliarderning boyligi kamayishiga sabab bo‘lyapti.

Foto: REUTERS

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskning boyligi yil boshidan beri 100 milliard dollardan ortiqqa kamaydi. OAV va birja tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tesla va boshqa kompaniyalar aksiyalari kotirovkasining pasayishi tufayli Maskning boyligi endi 330 milliard dollarga baholanmoqda — bu yil boshidagi ko‘rsatkichdan 102 milliard dollarga kam.

Tahlilchilarning qayd etishicha, so‘nggi oylarda Amerika fond indeksi pasaymoqda va bu qator yirik kompaniyalar kotirovkalarining qulashiga olib kelmoqda. Natijada, Ilon Maskniki kabi sezilarli darajada bo‘lmasa ham, ayrim amerikalik milliarderlarning boyliklarni kamayishni boshlagan.

Xususan, Oracle korporatsiyasi asoschisi Larri Ellisonning boyligi yil boshidan beri 19 milliard dollarga, Amazon asoschisi Jyeff Bezosniki esa 17 milliard dollarga kamaygan.

Ko‘plab ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, Ilon Mask kompaniyalari kotirovkalarining pasayishi jamoatchilik va investorlarning uning Donald Tramp ma’muriyatidagi harakatlariga nisbatan bildirayotgan munosabatlariga bog‘lik. Xususan, AQSh va Yevropada Ilon Maskning harakatlariga nisbatan norozilik namoyishlari boshlangan, qator davlatlarda esa Tesla savdolari sezilarli darajada tushib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabrida The Guardian amerikalik tadbirkor Ilon Mask 2027 yilga borib dunyodagi birinchi dollardagi trillionerga aylanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Mavzuga oid