Jahon | 21:06 / 10.03.2025
1863
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya hukumati sud orqali Abramovichning 2 mlrd funtini tortib olmoqchi

Rossiyalik milliarder «Chelsi» klubini sotishdan tushgan mablag‘laridan foydalana olmayapti. Pullar Britaniya bankidagi hisobraqamda muzlatilgan holatda turibdi.

Foto: AFP

Britaniya hukumati «Chelsi» futbol klubini sotishdan tushgan 2 milliard funt sterlingdan ortiq mablag‘ni blokdan chiqarish va ularni Ukraina uchun yordamga yo‘naltirish maqsadida rossiyalik milliarder Roman Abramovichni sudga berishga tayyorlanmoqda.

The Guardian manbalaridan birining ta’kidlashicha, hukumat Abramovichni sudga berishi mumkin, chunki u bilan hukumat o‘rtasida bu pullarni qayerga yo‘naltirish borasida kelishmovchilik mavjud. Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan, ammo Britaniya hukumati Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni muzlatib qo‘yganidan keyin moliyalashtirishni davom ettirish uchun ushbu pullarni qo‘lga kiritishga urinmoqda.

Rossiyalik milliarder Rossiya va Ukraina urushi boshlanganidan keyin Britaniya hukumatining bosimi ostida «Chelsi»ni 2022 yilda 2,5 milliard funt sterlingga sotgan edi. Shu bilan birga, u o‘sha vaqtda sanksiyalar ostida bo‘lgan va klubni sotish uchun litsenziya qo‘lga kiritilgan mablag‘lar urushdan jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish sharti bilan berilgandi. Ayni vaqtda pullar Britaniya bankidagi hisobraqamda muzlatilgan holatda turibdi va uni taqsimlash bilan shug‘ullanadigan yangi mustaqil fond tuzilmoqda. Shundan buyon hukumat va Abramovich o‘zaro murosaga kela olmayapti: vazirlar mazkur mablag‘lar faqat Ukraina uchun sarflanishi kerak demoqda, Abramovich esa ularni mamlakatdan tashqariga ham yo‘naltirish mumkin deb hisoblayapti.

Abramovich Buyuk Britaniya hukumatining jiddiy bosimiga duch kelgan. Yanvar oxirlarida u 20 yil davomida xej-fondga kiritgan investitsiyasidan olgan daromadlari sabab soliq organlaridan 1 milliard funtgacha qarzdor bo‘lib qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Abramovichning pullari Yevropa davlatlari kelisha olmayotgan yagona bahsli mavzu emas. Ular Rossiyaning butun Yevropa bo‘ylab muzlatilgan 350 milliard dollaridan foydalanish bo‘yicha ham murosaga kela olmayapti. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ushbu aktivlarni musodara qilib, Ukrainaga yordam uchun yoki AQShdan qurol sotib olishga yo‘naltirishni taklif qilyapti. Ammo Fransiya va Germaniya bu huquqiy tamoyillarni buzishi mumkinligi sabab Britaniya rejasiga qarshi chiqmoqda.

Avvalroq Britaniya sobiq bosh vaziri Rishi Sunak ham Ukrainani qayta tiklash G‘arb soliq to‘lovchilari hisobidan emas, balki Rossiya mablag‘laridan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid