Rishi Sunak: Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirish kerak
Britaniya sobiq bosh vazirining ta’kidlashicha, Ukrainani qayta tiklash G‘arb soliq to‘lovchilari hisobidan emas, balki Rossiya mablag‘laridan amalga oshirilishi lozim.

Foto: AP
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida uylar, sanoat korxonalari va butun boshli shaharlar vayron bo‘lib, yetkazilgan zarar 524 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ukrainani qayta tiklash G‘arb soliq to‘lovchilari hisobidan emas, balki Rossiya mablag‘laridan amalga oshirilishi kerak. Bu haqda Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Rishi Sunak ma’lum qildi.
Hozirda G‘arb moliyaviy tizimlarida Rossiyaning 300 milliardga yaqin muzlatilgan davlat aktivlari mavjud. Sunakka ko‘ra ushbu mablag‘lar musodara qilinib, Ukrainani tiklashga yo‘naltirilishi lozim.
«Ayrimlar bu xalqaro huquqqa putur yetkazishini aytmoqda. Ekspertlar ushbu aktivlarni qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritish va uni Ukraina kelajagi uchun sarflash mumkinligini tasdiqlamoqda.
Boshqalar esa bu global moliyaviy tizimni barqarorlashtirishi mumkinligini ta’kidlayapti. Ammo ma’lumki, Rossiya bosqindan oldin o‘z zaxiralarining katta qismini olib chiqib ketishga uringan… Agar G7 va YeI birgalikda harakat qilsa, biz moliyaviy barqarorlikni himoya qilgan holda adolatni ta’minlashimiz mumkin», — deydi Rishi Sunak.
Shuningdek, Britaniya sobiq bosh vaziri bosqinchilar o‘zlari boshlagan urush uchun to‘lashlari kerakligini qayd etdi. «Kim buzsa, o‘sha to‘g‘irlashi kerak. Bu Putinga ham taalluqli», — deydi u.
Sunak muzatilgan mablag‘lardan kelib tushayotgan foizlar Ukrainaga yordam sifatida yo‘naltirilayotganini eslatib o‘tib, ushbu aktivlarning asosiy qismini musodara qilish vaqti kelganini ta’kidladi.
«Biz Rossiyaning harbiy mablag‘larini Ukrainani tiklash fondiga aylantirishimiz kerak. Gap faqat pulda emas. Gap adolat va tiyib turish haqida ketmoqda. Agar Rossiya biror javobgarlikka tortilmasa, boshqalar ham shunday yo‘l tutadi», — deya qayd etadi Rishi Sunak.
Avvalroq Britaniya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga birinchi milliard dollarni taqdim etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
G7 davlatlari Rossiya Markaziy bankining g‘arbda muzlatilgan mablag‘larini foydalanishdan keladigan daromaddan Ukrainaga 50 milliard dollar kredit ajratishga kelishib olgan. Rossiya muzlatilgan mablag‘larining aksariyati (umumiy summa 260 milliard yevrodan oshadi) Belgiyaning Euroclear depozitariylarida saqlanadi. G‘arb davlatlari ushbu mablag‘lardan foydalanish masalasini bir necha bor muhokama qilgan, ammo yakunda yuridik jihatdan aktivlarning o‘zini musodara qilish mumkin emas, degan xulosaga kelgan.
Mavzuga oid

19:58 / 07.03.2025
Britaniya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga birinchi milliard dollarni taqdim etdi

22:17 / 04.03.2025
Britaniya fuqaroligini olishni istayotgan amerikaliklar soni rekord darajada oshdi

20:17 / 02.03.2025
Britaniya va Fransiya Ukraina uchun tinchlik rejasini tayyorlamoqda

15:12 / 02.03.2025