Filippinga «Usagi» to‘foni yopirildi

Jahon 20:51 / 14.11.2024 1596

Filippin shimoli-sharqiga «Usagi» to‘foni yopirildi — bu oxirgi uch haftada kuzatilgan beshinchi tabiiy ofatdir, deb xabar beradi Associated Press.

Qayd etilishicha, to‘fon Filippin arxipelagidagi eng yirik orol hisoblanuvchi Lusonda joylashgan Kagayan provinsiyasiga yetib kelgan. To‘fon zonasida shamol tezligi soniyasiga 49 metrga, uning markazida esa 66 metr/soniyaga yetgan.

Meteorologlar suv toshqinlari va ko‘chkilardan ogohlantirmoqda. Sohil bo‘yidagi hududlarga yopiriladigan to‘lqinlar balandligi 3 metrga yetishi mumkin.

Avvalroq hukumat 20 mingdan ortiq aholini evakuatsiya qilgandi. Prognozlarga ko‘ra, to‘fon shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda harakatini davom etirib, Tayvanga qadar yetib boradi.

«Usagi» Filippinda oxirgi uch haftada kuzatilgan beshinchi to‘fondir. Bundan oldin «Toraji» to‘foni yopirilishi oqibatida 2,5 ming kishi evakuatsiya qilingan va portlar yopilgan edi. Oktyabr oxirlarida Filippinga yopirilgan «Trami» tropik to‘foni natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 110 kishiga yetgandi.

Hukumat millionlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va qishloq xo‘jaligi maydonlarini vayron qilgan oxirgi to‘rtta to‘fon oqibatlarini bartaraf etishda qiynalmoqda. Ijtimoiy ta’minot vazirining yordamchisi Iren Dumlaoning so‘zlariga ko‘ra, prezident Ferdinand Markos administratsiyasi to‘fondan jabr ko‘rgan yuz minglab fuqarolarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga 17 million dollar sarflagan.

Ko‘proq yangiliklar: