Irlandiya va Buyuk Britaniyaning shimoliy qismlariga «Eovin» to‘foni yopirildi. Sky News ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida Irlandiyaning Donegol grafligida daraxt qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.
O‘z navbatida The Guardian’ning yozishicha, minglab reyslar bekor qilingan, qator avtomagistrallar ob-havoning «qizil» darajadagi xavfi tufayli yopilgan.
Irlandiyaga yopirilgan to‘fon shamolining tezligi soatiga 183 kilometrga yetgan bo‘lib, bu Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Qayd etilishicha, Irlandiya va Shimoliy Irlandiyadagi milliondan ortiq uy xo‘jaliklari, ferma va korxonalar, shuningdek, Shotlandiyada 100 mingga yaqin iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Mamlakat hukumatiga ko‘ra, elektr energiyasi ta’minotini to‘liq tiklash uchun 10 kungacha vaqt kerak bo‘ladi.
Kuchli shamol temiryo‘l infratuzilmasiga ham zarar yetkazgan, paromlar qatnovi bekor qilingan.