Boltiq dengizida yana bir kabel shikastlangani ma’lum bo‘ldi

Jahon 22:12 / 26.01.2025 3545

Boltiq dengizida Latviya va Shvetsiyani bog‘lovchi Latviya radiotelemarkaziga (LVRTC) tegishli suvosti kabeli shikastlangani aniqlandi. Markaz Venspils-Gotland yo‘nalishida ma’lumotlar uzatishdagi uzilishlarni qayd etdi, ammo boshqa yo‘nalishlar ishlashda davom etmoqda. Bu haqda LSM portali xabar berdi.

LVRTC korporativ aloqa bo‘limi boshlig‘i Vineta Sprugai so‘zlariga ko‘ra, kabel jiddiy shikastlangan va unga tashqi ta’sirlar oqibatida zarar yetkazilgan deb hisoblash uchun asos bor. Zarar yetkazilgan joy Shvetsiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasida joylashgan.

Hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda. Latviya harbiy-dengiz kuchlarining patrul kemasi allaqachon shikastlangan joyni ko‘zdan kechirgan va Rossiyaga yo‘l olgan «Mixalis San» kemasini tekshirgan. Kema bortida hech qanday shubhali harakat yoki langarning shikastlanishi aniqlanmagan.

Bosh vazir Evika Silina voqea uchun mas’ul vazirlik va xizmatlar yig‘ilishini o‘tkazdi va boshqa Boltiqbo‘yi mamlakatlari hukumat rahbarlari bilan ham aloqaga chiqdi. Tergovga Shvetsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati jalb etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq NATO Boltiq dengizidagi muhim infratuzilmani himoya qilish uchun «Baltic Sentry» missiyasini boshlagani ma’lum bo‘lgan edi. Unda turli kemalar va samolyotlar, shuningdek, dengiz dronlari kabellarni himoya qilish uchun hududlarda navbatchilik qiladi.

Avvalroq, Shvetsiyani Litva bilan bog‘laydigan Nordbalt suvosti energiya kabelida shikastlanish aniqlangan edi. Javobgarlik boshqa kabellarga ham zarar yetkazganlikda gumon qilinayotgan Xitoyning Yi Peng 3 yuk kemasi zimmasiga yuklandi.

Dekabr oyida Finlyandiya hukumati Rossiyaning «maxfiy floti» tarkibiga kiruvchi Eagle S tankerini Estlink 2 elektr kabeli va to‘rtta telekommunikatsiya kabeliga langarini dengiz tubi bo‘ylab sudrab olib shikastlangan degan gumon bilan hibsga olgan edi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, kema NATO floti va samolyotlarini kuzatish uchun josuslik uskunalari bilan jihozlangan.

Ko‘proq yangiliklar: