Boltiq dengizida Finlandiya va Germaniyani bog‘lab turuvchi kabelga shikast yetkazildi
Cinia kompaniyasiga tegishli kabelga Shvetsiya iqtisodiy zonasi hududida shikast yetgan. Mamlakat hukumati holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv harakatlarini boshlagan.

Foto: AOP
Boltiq dengizining Gotland orollari sohilida suvosti kabelining uzilishi bilan bog‘liq yana bir holat sodir bo‘ldi. Bu haqda Shvetsiya sohilni qo‘riqlash xizmatiga tayanib Yle News xabar berdi.
SVT ma’lumotlariga ko‘ra, Shvetsiya iqtisodiy zonasida Finlandiya va Germaniyani bog‘lab turuvchi Cinia kompaniyasining C-Lion telekommunikatsiya kabeliga shikast yetgan.
Nashrning eslatishicha, 2024 yil noyabrda ham ushbu kabelga shikast yetkazilgani to‘g‘risida xabar berilgan. Kabel uzilganidan bir necha kun o‘tib ta’mirlangan. O‘shanda kabelga Xitoyning YI Peng 3 yuk tashuvchi kemasi shikast yetkazganlikda gumonlangan edi.
Bu safar kabelga qachon shikast yetkazilgani noma’lum. Shvetsiya sohilni qo‘riqlash xizmatining ma’lum qilishicha, ular mazkur voqeadan 20 fevral kuni xabar topgan. Mamlakat bosh vaziri Ulf Kristersson sodir bo‘lgan voqeadan «oldinroq» xabardor qilinganini aytdi.
«Biz Boltiq dengizidagi infratuzilmalarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan shikastlarga jiddiy qaraymiz. Oldin ham aytganimdek, bularni xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy vaziyat kontekstida ko‘rib chiqish kerak», — deya qo‘shimcha qiladi u.
Shvetsiya hukumati holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv harakatlarini boshlagan.
Oxirgi oylarda Boltiq dengizida kabellar va quvurlarning shikastlanishi bilan bog‘liq bir qator holatlar sodir bo‘ldi. Ulardan eng ko‘p e’tiborga tushgani 2024 yil dekabr oxirlarida Estlink 2 elektrokabelining uzilishidir.
Finlandiya hukumati Estlink 2ʼning uzilishiga Rossiyaning «soyadagi floti» tarkibiga kiruvchi Eagle S tankerini aloqador deb hisoblamoqda. Politsiya tanker harakatini to‘xtatib qo‘ygan, hozirda u Porvoo yaqinida qo‘riqlov ostida turibdi.
Mavzuga oid

19:19 / 25.02.2025
Tayvan suvosti kabeliga shikast yetkazgani gumonlanayotgan Xitoy kemasini hibsga oldi

22:10 / 26.01.2025
Boltiq dengizida yana bir kabel shikastlangani ma’lum bo‘ldi

21:12 / 07.01.2025
NATO Boltiq dengizidagi suvosti infratuzilmasini qo‘riqlashga 10 ga yaqin kema yuboradi

00:48 / 06.01.2025