«Do‘stimning o‘limiga sababchi bo‘lganman» – «avariya» sodir etgan yigitning nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 13:28 / 03.10.2024 14529

«Hayotiy hikoyalar» ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni bir paytlar qilgan ishidan hanuzgacha afsuslanib yurgan kishi.

U mashinani juda katta tezlikda boshqarib, yaqin do‘sti va yana ikki ayolning umriga zomin bo‘lgani haqida hikoya qildi.

«Yoshligimizda keksalar «Har bir kishida qiyomatlik do‘st bo‘lsin», deyishganda bu gapning ma’nosini tushunmasdim. Ammo keyinchalik shunday do‘stga ega bo‘lganimda har qanday insonda bir nafar bo‘lsa ham yaqin do‘st bo‘lishi kerak ekan deb o‘ylaganman.

Xudoyberdi bilan tengdosh va qo‘shni bo‘lganmiz. U bilan maktabga ham birga chiqdik, bir sinfda o‘qidik. Bir partada o‘tirdik. Esimda, bolaligimizda bir gal u, boshqasida men uydan non olib chiqardim va buloqdan kelayotgan ariqda oqizib yerdik.

Ulg‘ayib boraverganimiz sayin u bilan qalin do‘stlarga aylandik. Do‘stimning menga eng ma’qul tomoni odam tanlamas, juda samimiy bola edi.

Maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurgan paytlarimizda O‘zbekistonda avtozavod ishga tushdi va otam birinchilardan bo‘lib «Nexia» sotib oldi.

Otam uyda yo‘q paytlarda mashinani minishni o‘rganib oldim. Bunda menga avtomobil tuzatuvchi usta bo‘lib ishlaydigan qo‘shnimiz yordam berdi.

Maktabni bitirgan paytimda mashina haydashni yaxshi o‘rganib olgandim va otam uyda bo‘lgan paytlarda ham «Nexia»ni minaverardim.

Ko‘p o‘tmay ikki do‘st oldinma-keyin uylandik, farzandlarimiz tug‘ildi. Uylanganimizdan keyin ham do‘stligimiz davom etaverdi.

Ko‘p o‘tmay otam boshqa mashina oldi va «Nexia» tamomila menga qoldi. Lekin o‘tgan yillar mobaynida haydovchilikka o‘qimadim va guvohnoma olmadim.

Ustoz ko‘rmaganim bir kun kelib pand berishini bilganimda balki birinchi navbatda haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qirmidim?

Mashinani tez haydashni juda yoqtirardim. Bu ishim uchun bir necha marta mahalladoshlar tanbeh berishdi, bilganimdan qolmadim. Keyin otamga ham aytishibdi.

Otam qattiq urushdi va agar tez haydashda davom etsam mashinani tortib olishini aytdi. Biroq bu ham meni qo‘rqita olmadi. Endi mahalla ichidagi yo‘lda emas, katta yo‘llarga chiqsam ham tez haydaydigan bo‘ldim.

Agar o‘shanda bu ishim og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishini bilganimda, balki otamga mashinani o‘zim topshirib, piyoda yurarmidim? Ne ajabki, xom sut emgan banda qachonki boshiga og‘ir tashvish tushsa aqlini yig‘adi. Ungacha hech narsa dars bo‘lmaydi.

Kunlarning birida otam qo‘shni qishloqqa borib kelishimni aytdi. «Nexia»ni minib otlandim. Mahallamiz ko‘chasidan ketib borarkanman, do‘stimni ko‘rib qoldim.

Unga «qo‘shni qishloqqa birga borib kelaylik», degandim, u: «otam zarur ish buyurgan, shuni qilishim kerak», dedi. Qaytgach, men ham yordam beraman deb do‘stimni birga borishga unday boshladim. U ancha ikkilandi va axiyri mashinaga o‘tirdi.

«Otam aytilgan ishni bajarmay sen bilan ketib qolganimni bilsa xafa bo‘ladi, hali ham kechmas, mahalla boshida tushirib ket», dedi u mashinaga o‘tirgach. Men esa qo‘l siltadim va to‘xtamay gazni bosdim.

Katta yo‘lga chiqqach to‘rt nafar ayollar qo‘l ko‘tardi. Olib ketaylik, savob bo‘ladi dedi do‘stim. Ayollar biz borayotgan qishloqdan bo‘lib, mehmonga kelishgan ekan.

Ayollarni mindirib olgach tekis yo‘lda ichimda bir narsa «yo‘l tekis, gazni bos» deyaverdi. Mashina tezligi avvaliga soatiga 100, so‘ng 120 ga, undan ham o‘tib 140 ga chiqdi.

Tezlikni oshira boshlagan paytimdayoq do‘stim «bir kor-holni boshlamay sekinroq yuraver», deb yalinishga tushgandi. Unga quloq solmay gazni qattiqroq bosdim.

Yo‘lning bir qismi «garmoshka» bo‘lgan ekan, tez ketayotgan mashina bir ko‘tarilib tushganini eslayman. Keyin «Nexia» katta tezlikda xuddi futbol to‘piga o‘xshab ko‘tarilib tusha boshladi.

Bunday paytda rul va tormoz haydovchiga bo‘ysunmas ekan. Oxirgi marta ko‘tarilib tushishida tormozni keskin bosganimni bilaman, mashina yo‘l chetiga chiqib ketib, nimagadir qarsillab urildi.

Zarba oqibatida hushimni yo‘qotdim. Ko‘zimni ochsam — mashina ko‘cha chetidagi chuqurlikda o‘sib turgan katta daraxtning ikki shoxi o‘rtasiga qisilib, yonboshlagan holda turibdi.

Bir guruh odamlar qo‘liga turli temir buyumlar bilan eshikni ochishga urinishyapti. Men tomon tepada, do‘stim o‘tirgan tomon pastda bo‘lib qolgan ekan. A’zoyi badanim og‘rirdi. Oyog‘imni qimirlata olmadim, singanga o‘xshadi.

Mashina daraxt shoxlari orasiga qisilgan paytda do‘stim o‘tirgan tomon ko‘proq qisilib qolgan ekan. Qarasam uning hamma yog‘i qon, qimirlamaydi. Orqada o‘tirgan ayollarning biri ingrayapti, boshqalari hushsiz, tirikmi, o‘lganmi, bilib bo‘lmasdi.

O‘sha tobda ishqilib biron kishi o‘lmagan bo‘lsin, deb Xudoga yolvorardim. Ayniqsa do‘stimdan xavotirlanayotgandim. Kimdir xabar beribdi shekilli, otam va do‘stimning yaqinlari ko‘rinishdi.

Odamlar ancha urinib ham eshiklarni ocha olishmadi. Ko‘p o‘tmay avval YPX xodimlari, so‘ng «Tez yordam» yetib keldi. YPX xodimlari holatni ko‘rib darhol qayergadir qo‘ng‘iroq qilishdi, birpasdan so‘ng qutqaruvchilar guruhi mashinasi ham yetib keldi.

Qutqaruvchi turli asboblari bilan g‘ijimlanib qolgan eshiklarni ochib, hammamizni tushirib olishdi. Eng avval meni hamda ayollarni chiqarishdi va o‘tkinchi mashinada shifoxonaga olib ketishdi.

Tekshiruvlarda oyog‘im singani ayon bo‘ldi. Ayollardan ikki nafari tan jarohatlari olgan, ikkitasi esa jon bergan ekan.

Daraxt shoxida qisilib turganimizda e’tibor bermagan ekanman, mashina zarb bilan daraxtga urilganda ayollardan biri o‘rtadan o‘tib, old oynani sindirib tashqariga chiqib ketgan ekan. Halok bo‘lganlardan biri o‘sha ekan.

Ming afsuski, do‘stim ham jon bergan edi. Buni eshitib, o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qoldim. Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib tuyulardi.

Men shifoxonada ancha yotdim. Hodisaning ertasi kuni do‘stim va ikki ayolning janozasi bo‘libdi. Otam janozalarga borib, marhumlarning yaqinlaridan kechirim so‘rab, ma’rakalarni o‘tkazish uchun ancha pul beribdi.

Men oilada to‘ng‘ich, do‘stim esa yagona farzand edi. U oilasi bilan ota-onasining yonida yashar, ular ancha keksayib qolishgandi. Do‘stimning o‘limi ota-onasiga yomon zarba bo‘ldi va ular ancha cho‘kib qolishdi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va shifoxonada yotganimda tergovchi bir necha marta kelib so‘roq qilib ketdi. Keyinchalik u kelmay qo‘ydi, eshitsam otam ancha pul beribdi.

Kasalxonadan qo‘ltiqtayoq bilan chiqdim va uyga bordim. Otam meni avval do‘stimning ota-onasi oldiga, keyin mashinamga chiqqan ayollarnikiga olib bordi.

Do‘stimning otasidan, tirik qolgan ayollardan va halok bo‘lganlarining yaqinlaridan kechirim so‘radim. Ular meni astoydil kechirishdimi yoki til uchida kechirdik deyishdimi, bilmayman.

Bir necha oydan so‘ng sud bo‘ldi. Qo‘ltiqtayoq bilan bordim. Otam hammasini «gaplashgani» va da’vogarlar o‘z da’volaridan kechishgani uchun menga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berishdi.

Kunlarning birida otam meni mashinaga o‘tqazib yana do‘stimning uyiga olib bordi. Uning ayoli va bolalariga doim yordam berishini aytib, olib borgan oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni topshirdi. Do‘stimning xotini qo‘liga ancha pul tutqazdi. O‘sha onda men boshimni egib, «E Xudo bunday holatda turgandan ko‘ra yer yorilsa va kirib ketsam», deb o‘ylardim.

Do‘stimning bevaqt o‘limi uning ota-onasiga yomon qattiq ta’sir qilgan ekan, ular ham ko‘p yashamadi. Bir yilga yetmay oldinma-keyin vafot etishdi. Ularning o‘limida ham o‘zimni aybdor his qilib, ancha payt vijdonim qiynalib yurdi.

Keyinroq qo‘ltiqtayoqni tashlab sal oqsab bo‘lsa ham yuradigan bo‘lib ketdim. Do‘stimning bolalari ulg‘aydi, hayotda o‘rnini topdi. Lekin men tufayli ota mehriga zor bo‘lib o‘sishdi.

O‘sha mash’um hodisaga ham 20 yildan oshdi. Hamon o‘zimni uch kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan qotil deb bilaman va bundan ruhan azoblanaman. Ammo na vaqtni orqaga qaytarib bo‘ladi, na o‘lganlarni tiriltirib...»

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: