“Kiyevda tanishganmiz” - 75 yoshida ingliz tilida gaplasha oladigan nuroniylar hikoyasi

Jamiyat 16:51 / 01.10.2024 5273

Chiroqchilik Abduhamid ota Nurmuhammedov va andijonlik Sharifa momo Ubaydullayeva turmush qurishganiga 53 yil bo‘lgan. Ular 1960-yillarda Kiyev chet tillari institutida ingliz tilini o‘qishayotgan vaqtlarida tanishishgan. Kun.uz “Hayotiy hikoyalar” ruknida nuroniy juftlikning hayot yo‘llari haqidagi hikoyasini taqdim etadi.

Sharifa aya Ubaydullayeva – 75 yoshda. U Andijonda tug‘ilgan. Abduhamid ota Nurmuhammedov Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, yoshi – 76 da. Hozirda ular Qarshi shahrida yashaydi.

Sharifa Ubaydullayeva va Abduhamid Nurmuhammedov. Foto: Kun.uz

Sharifa aya: Ota-onam meni 10 yil kutishgan. Xudo 10 yildan keyin meni ularga bergan. Shu sababli ularning sevimli qizi bo‘lganman. Xohlagan hamma narsamni muhayyo qilishgan. Onam tibbiyot markazida ishlagan, otam esa tarix fani o‘qituvchisi bo‘lgan. U bizga o‘zining yoshligi va Afg‘onistonda yashagani haqida ko‘p gapirib berardi. U mening shifokor bo‘lishimni xohlagan, lekin o‘qituvchim biz o‘zbeklarni qo‘y deb atagani uchun ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishga qaror qildim. Otam meni Kiyevga yubordi, u yerda 5 yil o‘qidim. Ukrain manbalaridan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Ukrain va rus yigitlarini urushda ko‘rib yig‘layman, chunki ular mening qalbimga yaqin. Bu yerda biz bilan inglizcha gaplasha oladigan hech kim yo‘q. Shu sababli ingliz tilim unchalik yaxshi emas.

Abduhamid ota: Mening ham ingliz tilim unchalik yaxshi emas, so‘z boyligim ham zo‘r emas. Men 1948 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilganman, Kiyevda o‘qiganman. Biz o‘sha yerda tanishganmiz. 1971 yilda esa turmush qurdik. To‘rt nafar farzandimiz bor, ikkisi qiz, ikkisi o‘g‘il.

Hayot taqozosi bilan shunday bo‘ldiki, biz maktabni bitirgandan keyin 1966 yilda ham 10-, ham 11-sinflar maktabni tugatdi va o‘qishga kiradigan abituriyentlar juda ko‘payib ketdi. Undan tashqari, 1966 yilda yer qimirlashi sodir bo‘lgandi, shu sababli qardosh respublikalar O‘zbekistonga yordam qo‘lini cho‘zdi. Ukraina va Rossiya o‘qituvchi kadrlarni tayyorlab beramiz degan majburiyatni olgan shekilli, Rossiya, Ukraina shaharlariga o‘qishga tanlov boshlandi. Yo vrach yoki o‘qituvchi bo‘lmoqchi edim. Tibbiyot institutiga kirish uchun hamma hujjatlarni tayyorlab turganimda e’lon kelib qoldi. Taqdir taqozosi bilan kirib qoldik. Hech qayerga chiqmagan qishloq bolasi Kiyevga ketishga majbur bo‘ldi.

Qishloqda o‘sganmiz, rus tilini bilish darajamiz ham o‘ziga yarasha. Non bilan suvni bilamiz, boshqa rus tilidan bilimimiz yo‘q edi. Keyin majbur bo‘ldik rus tilini o‘rganishga. Bizni rus bolalar ichiga qo‘shib qo‘ydi, ular o‘zbek tilini, biz rus tilini bilmaymiz. Ammo muloqot qilib, bir yil ichida tilni o‘rganib oldik.

Universitetda ingliz tilini o‘rgandik, qo‘shimcha sifatida fransuz tili ham bor edi. Asosiy urg‘uni ingliz tiliga berganmiz.

Sharifa bilan tanishishimiz boshqacha bo‘lgan. U Farg‘ona tomondan, men Qashqadaryo tomondan Kiyevga borganman. O‘sha yerda tanishganmiz. Ko‘z uchirgani, qosh qoqqani yo‘q, o‘qishni bitirib, 1971 yilda oila qurganmiz.

Sharifa Ubaydullayeva va Abduhamid Nurmuhammedovning shaxsiy arxividan

Sharifa aya: Dadam o‘qituvchi, keyin bolalar uyi direktori bo‘lgan. Juda ko‘p tanishlari bo‘lgan, masalan, Mukaramma Turg‘unboyeva, Tamaraxonimlar bilan tanishganman. Dadam meni teatrlarga olib borardi. Ingliz tilidan yaxshi o‘qimaganman. Ustozimiz arman ayol edi: “daraxt ham oxir-oqibat ovoz chiqaradi, siz o‘zbeklar qo‘ysizlar” deb aytardi. Shu gaplari ta’sir qilib, ingliz tilini o‘qiyman dedim. Dadam yo‘llanma olib kelib, Kiyevga o‘qishga yubordi.

Akam ham o‘qituvchi bo‘lgan, tarix fanlari nomzodi, dotsent bo‘lgan. Oilamizning yarmi savdogar, yarmi o‘qituvchi edi.

Ketayotganimizda Toshkentga yig‘ildik. G‘afur G‘ulom kelib, bizga nasihat qilib yubordi. Hammamizga 28 rubldan tarqatishdi. Mening navbatim kelganda, to‘rtta erkak o‘tirgan ekan, bittasi aytdi: dadangizni ismi nima, deb. Mirabdulla aka dedim. Dadamning o‘quvchilari ko‘p edi, istalgan universitetga joylashtira olardi. Hammaga 28 rubldan berib, menga 40 rubl berdi.

10 yil maktabda dars berdik, bu yerga kelgandan keyin maktab yo‘qligi uchun bolalar bog‘chasida ishladim, O‘zbek tilidan dars berdim. Kasal bo‘lib qolganim uchun nogironlik nafaqasiga chiqib, uyda zerikib, bolalarga [ingliz tilini] o‘rgatishni boshladim, Nechadir yil oldin sanaganimda 300 dan ziyod o‘quvchim bor edi. Turli davlatlarda – Amerikada, Ispaniyada ham o‘quvchilarim ko‘p, ular mendan ham o‘tib ketgan.

Kichik bolalarga fonetika, grammatikani pastdan o‘rgatishni boshlayman. Bolalar chidasa keladi, qattiqqo‘lman. Kim menga kelsa, talaffuzini yaxshi qilishga harakat qildim.

Abduhamid ota: Ingliz tili bizga baribir begona til, qaysi paytda bo‘lsa ham ona tili yodda turadi, lekin begona til yoddan chiqib ketarkan.

Sharifa aya: Baribir qoladi, ustozim ingliz tilida o‘ylashingiz kerak, tush ko‘rsanglar ham ingliz tilida ko‘ringlar, derdi.

Abduhamid ota: Universitetimiz katta urg‘uni talaffuzga bergan, salgina xato talaffuz qilsak ham gap eshitardik. Hozirgi paytda televizorlarda eshitamiz, umuman talaffuzini anglolmay qolasan kishi. Biz o‘qigan universitet nomi Kiyev chet tillari universiteti, 4 ta til o‘qitilardi: ingliz, fransuz, nemiz va ispan. Umumiy leksiyalar ukrain tilida bo‘lardi, asta-sekin uni ham tushunib ketdik. Ukrain tili chiroyli va yumshoq til, kundalik muloqotni eshitib, tushunsa bo‘ladi.

Sharifa aya: Poyezddan tushganimda qizlar bilan chemodan ustida o‘tirganman, xoxolab kuladigan odatim bor edi, bu kishi ko‘rib qolganlar.

Abduhamid ota: Qo‘lga o‘rgatilmagan gijinglagan ot bo‘ladi-yu, u shunaqa yovvoyi edi. 4-5 yil ichida o‘zimizga o‘rgatib oldik. Dadasi [turmush qurishimizga] rozi bo‘lgan, zamonaviy inson bo‘lgan.

Sharifa Ubaydullayeva va Abduhamid Nurmuhammedovning shaxsiy arxividan

Sharifa aya: Men Chiroqchida birinchi marta sariq o‘tni ko‘rib so‘radim: bu nima, o‘t yashil bo‘ladi-ku, dedim. Hayron qolardim. Chiroqchida yo‘lda ketsak, yig‘lab ketardim, bu odamlar qanday yashaydi, daraxt ham yo‘q, uychalari kichkina deb. Bu kishi aytardi: ular juda boy, yuzta yuzta qo‘yi, oti, mollari bor desalar, yoshlarimni artib hayron qolardim. Lekin shunday bolalarim bor, katta qizim o‘qituvchi. Toshkentda ixtisoslashgan maktabda dars beradi, oliy toifali. Bitta o‘g‘limiz svarkachi, kanat yo‘llari, amfiteatr qurdi.

Abduhamid ota: Oilamizda 4 farzandimizdan 3 tasi oliy ma’lumotli. Bitta oliy ma’lumotli bo‘lmagani svarkachi o‘g‘limiz. Onasi shuni oliy ma’lumotli qilolmadik, deb afsuslanadi. Men aytaman: “Sen afsuslanma, darvozangni taqillatib keladiganlar usta bormi deb keladi, meni so‘ramaydi”. Obro‘yi katta, ishini pishiq qiladi.

Uchinchi qizimiz ham o‘qituvchi. Tug‘ilganda qaychini ushlab olgan, doktorlar bu qiz hunarmand qiz bo‘ladi deyishgan. Rus tili va adabiyotini bitirdi, lekin bir kun ham ishlamadi. Sartaroshlik kasbini egalladi, bekorga qaychini ushlab olmagan-da.

Sharifa aya: Furqatim kichkinaligidan yonimda o‘tirardi, men dars o‘tardim, o‘shanda ingliz tilini o‘rganib olgan, qornimda bo‘lganida ingliz tilida kitoblar o‘qirdim, shu ham yordam berganmi, bemalol gaplasha olardi.

Abduhamid ota: Mahalladagi pensionerlar hozir erta bilan 10 km piyoda yurib kelamiz, 20 dan ortiq pensioner erkaklar, 30 dan ortiq ayollar bor.

[Uzoq vaqt birga yashashning siri] bir-birini tushunishda. Er xotinni, xotin erni tushunishiga bog‘liq. Bir yoqadan bosh chiqarib, shuncha yildan beri bir birimizga chidab kelyapmiz.

Sharifa aya: Asosiysi, chidam. Qiyinchilik ko‘p bo‘ldi. 10-11 ta uyga ko‘chdik. Uydan, kiyimdan, ovqatdan – hammasidan qiynalib, asta-asta erishdik.

Sharifa Ubaydullayeva va Abduhamid Nurmuhammedov. Foto: Kun.uz

Abduhamid ota: 1972-73 yillarda o‘qituvchilar oyligi past bo‘lgan. Bir yilcha Qarshida institutda o‘qituvchilik qilib, oyligi pastligi uchun ketishga majbur bo‘ldim. Oilamiz: kichkina bo‘lsa ham tomog‘imiz, kiyimimiz bor, shu tomondan qiynalganimiz uchun 1978 yildan keyin boshqa sohaga, texnika sohasiga o‘tib ketishga majbur bo‘ldim. 1978 yildan to shu kungacha texnika xavfsizligi muhandisi bo‘lib ishlaganman.

Sharifa aya: Qariyb 10 yil tikuvchilik qildim, oyligimdan borib sariyog‘, konfet olib kelib bolalarimga yedirardim. Ishqilib ancha yaxshi bo‘ldik.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: