Ona duosini olmagan kishining nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 18:20 / 20.09.2024 17525

«Hayotiy hikoyalar» ruknidan berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni keksa yoshdagi otaxon. U maktubida boshidan o‘tkazgan hodisalarni bayon qilar ekan, bir paytlar onasi keksayib qolganda unga yetarlicha g‘amxo‘rlik qila olmaganini, o‘sha ishining jabrini bugun o‘zi tortayotganini hikoya qilibdi.

«Otam 1950-yillar o‘rtalarida, men ikki yosh bo‘lganimda vafot etgan. Hatto uning surati ham saqlanib qolmagan, shu uchun otamni eslay olmayman. Men esimni taniganimda oilada yolg‘iz farzand ekanimni va onam bilan yashashimni anglaganman.

Bolalik yillarim 1950-yillar oxiri va 1960-yillarda bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda vaziyat juda og‘ir edi. Xrushchyovning «makkajo‘xori siyosati» O‘zbekistongacha yetib kelgan, hamma yoqqa shu ekin ekilardi.

Oqibatda, magazinlardan, odamlarning uyidan bug‘doy uni topilmay qoldi va hamma makkajo‘xori unidan tayyorlangan zog‘ora non yeyishga o‘tdi.

Birinchi sinfga borganimni yaxshi eslayman, u paytlarda maktab sumka, forma degan narsalar yo‘q edi. Maktabga onam qalin matodan tikib bergan jildni ko‘tarib, egnimda bo‘zdan tikilgan ko‘ylak-ishton bilan oyoqyalang holda maktabga borganman.

Maktabimiz hashar yo‘li bilan paxsadan tiklangan, devorlari somon suvoq qilinib, ohak bilan oqlab qo‘yilgan edi. Bitta sinfga yigirmatacha bolani yig‘ishning iloji bo‘lmagani uchun, sinfimizda turli yoshli bolalar bor edi.

1965 yil bahordan biz yashagan kolxoz yerlarida yana bug‘doy ekila boshlandi. Keyin bilsak Xrushchyov o‘rniga kelgan Brejnev makkajo‘xori ekitirshni bas qilib, dalalarga qaytadan bug‘doy ekila boshlagan.

Onam meni juda qiynalib katta qilgan. Esimda, kolxozning g‘allapoyasi uyimizdan 5-6 chaqirim narida edi. U paytlarda kombaynlar yo‘q, bug‘doy qo‘lda o‘rilardi.

Kolxoz bug‘doy o‘rimiga chiqqan odamlarga pul to‘lay olmas, ish haqiga bug‘doy berilardi. Onam ham bir necha qop bug‘doy undirib qolish payida o‘rimga chiqardi.

U ertalab vaqtli turib sigirimizga qarardi. Menga nonushta tayyorlab berar va dalaga piyoda ketardi. Tushda sigirga qarash uchun boshiga bir bog‘ o‘t qo‘yib, shuncha yo‘ldan kelardi.

Tushda ikki burda non va bir piyola choyni ichib, yana o‘rimga shoshilardi. Qaytishda meni ham o‘zi bilan birga olib ketardi. Bug‘doy o‘rimi tugagancha umri shu zaylda dalada o‘tardi. Bug‘doy o‘rimi tugagach, boshoq terardik.

Hozir onam o‘sha paytda piyoda borib kelgan yo‘lni salmoqlab ko‘rib yuragim orqamga tortib ketadi. Bechora bir kunda shu masofaga ikki marta piyoda borib kelardi. Buning ustiga, qaytishda bir bog‘ o‘t ham ko‘tarib olardi.

Keyinroq maktabning yuqori sinfiga o‘tganimda onamga yordamchi bo‘ldim, lekin shunda ham u tinmasdi.

Maktabni bitkazganimdan so‘ng ikki yil harbiy xizmatni o‘tab keldim. Armiyadan qaytganimdan so‘ng onam meni uylantirish uchun qiz qidira boshladi.

Qo‘shni qishloqda yashovchi bir qizni ko‘z ostimga olgandim, onam sovchilikka bordi. U paytlarda qizlar bilan uchrashish, sevishish degan gaplar bo‘lmasdi. Bo‘lajak xotinimni bir-ikki marta to‘ylarda qizlar orasida ko‘rganman va ko‘z urishtirganman, xolos.

Onam sovchilikka birinchi gal borganida qizning otasi rad etibdi.

«Opa, sizni va o‘g‘lingizni yaxshi taniyman. Eringiz vafot etib, yolg‘iz qolganingizda ham yana turmush qurishni emas, yolg‘iz bolangizni o‘yladingiz. Iffatingizni saqladingiz. Sizni juda hurmat qilaman, o‘g‘lingiz ham aqlli, es-hushi joyida yigit. Biroq qizimni unga berolmayman. Sababi, qizim ancha erka o‘sgan. Sizning ro‘zg‘oringizga ko‘nikib keta oladimi-yo‘qmi, bilmayman. Gap bunda ham emas, mabodo ertaga sizday farishtasifat ayolning ko‘nglini og‘ritib qo‘ysa, yaxshi ish bo‘lmaydi», debdi.

Onam bir kun o‘tkazib yana borishini va albatta o‘sha qizni kelin qilishini aytib meni yupatdi:

«Bolam, otasi aytganday erka bo‘lib o‘sgan bo‘lsa ham men uning injiqlariga chidayman. Faqat sen baxtli bo‘lsang bo‘ldi».

Hozir, shu tobda bundan ellik yil oldin bo‘lgan hodisalarni eslab yozayapman-u, o‘zimni yig‘idan to‘xtata olmayapman. Chunki «Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada» deyilganiday, o‘sha tobda onamning meni qanday qiyinchilikda ulg‘aytirganini unutgan edim. Ko‘nglim dalada edi.

Onam ikkinchi marta sovchilikka borib, oqlik olib keldi. Avval fotiha, keyin to‘y bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda mendan baxtli odam yo‘q edi.

Qaynotam ogohlantirganday xotinim ancha erka o‘sgan ekan, bizning kamtarona ro‘zg‘orga moslashishi qiyin bo‘ldi. Shunday paytlarda ro‘zg‘or ishlarida onamga yordam berardim.

Bu gapim bilan xotinim ro‘zg‘or ishlarini qilmasdi demayman. U kayfiyat bandasi edi. Kayfiyati yaxshi bo‘lganda hamma ishni a’lo darajada bajarardi. Kayfiyati bo‘lmaganda esa ro‘zg‘or ishlari, osh-ovqat tayyorlash kabi ishlar onamga qolib ketardi.

«Xotinning kayfiyati erga bog‘liq-da», deyishga shoshilmang, men erlik vazifamni qoyillatib bajarardim. Xotinimning kayfiyatiga ta’sir qiladigan holat oddiy oila bo‘lganimiz edi. Otasining uyida yaxshi sharoitda yashagan xotinim yo‘qchilikdan biroz yuqori pog‘onada yashashimizni hazm qila olmasdi.

Oradan yillar o‘tdi, birin-ketin farzandlarimiz tug‘ildi va onamga ovunchoq bo‘lishdi. To‘ng‘ich farzandim tug‘ilganida onam qanchalik xursand bo‘lganini eslayman.

Farzandlarim esini taniy boshlaganda keksalik, yillar davomidagi og‘ir turmush va zahmatli mehnat onamga o‘z kuchini ko‘rsatdi. Onam avvalgiday dala ishlari va ro‘zg‘or yumushlariga yordam bera olmay qolgandi.

Shundan so‘ng xotinimning unga bo‘lgan munosabati butunlay o‘zgardi. Onam ro‘zg‘or va dala ishlarida mehnat qilgan yillarda, bolalarimizga qaragan paytlarda biroz toqatli bo‘lgan xotinim, onam keksayib, ishdan qolganiga chiday olmadi.

Eng avval bolalarga alohida xona qilish bahonasida onamni hovli chetidagi kichik hujraga ko‘chirdi. O‘shanda xotinimni bu fikridan qaytara olmadim. To‘g‘risini tan olaman, yillar davomida u menga ham gapini o‘tkazadigan bo‘lgandi.

Eng yomoni shu ediki, xotinim onamga bolalarimiz ko‘z o‘ngida zug‘um qilar, uni qarg‘ar, kamsitardi. Men bu holat bolalarning tarbiyasiga yomon ta’sir ko‘rsatishidan qo‘rqardim.

Xotinimga «Qush uyasida ko‘rganini qiladi, ertaga o‘g‘illaring ulg‘ayganda kelinlar tushirsang, ulardan biri seni seni o‘sha hujraga olib borib tiqadi», derdim. Biroq xotinim bu gaplarimga parvo qilmasdi.

Uch o‘g‘limning barchasi onamni juda yaxshi ko‘rardi. Xotinim onamni jyerkib berganda unga ola qarash qilishardi. Biroq o‘z onalarini to‘xtata olishmasdi.

Ayniqsa, kenja o‘g‘lim buvisini juda yaxshi ko‘rar, bo‘sh bo‘ldi degancha uning oldiga yugurardi. Onam bolalarimga biron marta xotinimni yoki meni yomonlamasdi. Bolalarga ertak, ibratli hikoyalar aytib berar, odobdan dars berardi.

Esimda, o‘sha paytlarda O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» degan asari va yana bir ona haqidagi hikoyasi kitob holida chop etildi. Har gal shu asarlarni o‘qiganimda onamni o‘ylab ko‘zimga yosh kelardi. Biroq xotinimdan qo‘rqqanim uchun hech narsa qila olmasdim.

Ayniqsa, urush paytida frontga ketgan eridan ayrilib, o‘g‘lini yolg‘iz tarbiyalagan ayol haqidagi hikoya menga qattiq ta’sir qilardi. Asarda yigit amaldorning qiziga uylanadi va onasini hovlida yolg‘iz qoldirib, o‘zi xotini bilan alohida yashaydi. Oxirida hatto onasi jon berayotganda ham yonida bo‘lmaydi.

Hikoya qahramonidan farqli ravishda men onamni yolg‘iz holda tashlab ketmadim, birga yashadim. Biroq uni xotinimning zug‘umlari va kamsitishlaridan asray olmadim.

Kunlarning birida onam o‘sha hujrada jon berdi. Uni ko‘mib kelgach, ma’rakalarini hech kimdan kam qilmagan holda o‘tkazdik. Tirikdan ko‘ra, o‘liklarni ko‘proq qadrlaymiz-ku axir.

O‘sha paytda nazarimda xotinim qari kampirdan qutulganiga xursand edi. Men esa suyangan tog‘imdan ayrilganim uchun o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim.

Onamning qirqini o‘tkazganimizdan so‘ng bir kun xotinim hujrani tozalashga kirishdi. Shunda bo‘g‘zimgacha chiqib kelgan gapni ichimga yuta olmadim: «Ha, umringning so‘nggi yillarini o‘tkazadigan xonani tozalab qo‘yyapsanmi?»

Xotinim bu gapimga javob bermadi, ola qarash qildi xolos. U o‘shanda gapimni jiddiy olmagandir, birpasdan so‘ng sovuq so‘zlarimni unutgandir, buyog‘i menga qorong‘i. Lekin men bir kun qaysidir bolam va uning xotini bizni o‘sha hujraga tiqishiga amin edim.

Navbati bilan o‘g‘illarni uylantirdik. Ikkita kattasi alohida bo‘lib chiqib ketdi va uyda kenja o‘g‘il va uning xotini bilan qoldik. Yillar o‘tib, xotinim bilan men ham keksaydik.

O‘g‘illarimizning topish-tutishi yaxshi edi. Aynisa savdo bilan shug‘ullanadigan kenja o‘g‘limizning puli ko‘p edi. U men qiynalib qurgan uyni buzib yangitdan tiklamoqchi bo‘lganda ko‘nmadim.

Shundan so‘ng o‘g‘lim usta olib kelib eng avval hujrani biroz epaqaga keltirib, devorlarini bo‘yab berdi. Xotinim bilan vaqtinchalik o‘sha yerga ko‘chib o‘tdik.

O‘g‘lim ko‘p pul sarflab uyni ta’mirlatdi. Hamma yoq fason bo‘lib ketdi. Yangi gilamlar va boshqa jihozlar sotib olindi. Xotinim bilan xos xonamizga ko‘chib o‘tishga taraddud ko‘ra boshladik.

Biroq... biroq chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Kelin xotinim va menga oshkora qilib, «Uyni ta’mirlatishga katta pul ketdi. Endi sizlar xonangizga qaytib ko‘chmaysizlar. Hujra ham binoyiday ta’mirlandi, o‘sha yerda yashaysizlar», dedi.

Bu gapni anchadan buyon kutayotgandim uchun xotirjam qabul qildim. Menga endi umrimning qolgan qismini qayerda yashab o‘tishning ahamiyati yo‘q edi.

Biroq kelinning gapi xotinimga yomon ta’sir qildi. U rosa janjal qildi. Kelin ham bo‘sh kelmadi. Shundan so‘ng xotinim o‘g‘limizni qarg‘ay boshladi. O‘g‘lim ham xotini tomon bo‘ldi. Chunki u ham xotinidan o‘lguday qo‘rqardi.

Janjallarning birida o‘g‘lim axiyri xotinimga bir paytlar u onamga qilgan munosabatni eslatdi:

«Ona, bizni siz tug‘gansiz. Lekin buvim tarbiyaladi. Ishtonimizni bulg‘aganimizda u tozaladi. Ovqatimizni u qilib berdi. Esingizdami, buvimni hujraga ko‘chirganingizda otam sizga inday olmagandi. Lekin biz aka-ukalar bunga qarshi chiqqandik. Lekin yosh edik, siz o‘shanda bizga tarsaki tushirib, og‘zimizni yopgandingiz. Hozir xotinim qilayotgan ishni yoqlamayman. Biroq uni to‘xtatmoqchi emasman. Chunki garchi onam bo‘lsangiz ham buvim his qilgan narsani siz ham his qilib ko‘rishingiz kerak. Xohlasangiz, ilohim bolangdan qaytsin, deb qarg‘ayvering. Menga baribir».

O‘g‘lim va kelinimga nasihat qildim, nafi bo‘lmadi. O‘shandan buyon avvallari onam yashagan hujrada yashab kelyapmiz. Bir paytlar eshitganimiz, «Ota-onangga nima qilsang, bolangdan qaytadi» degan gap haqiqat ekan va biz buni boshimizdan o‘tkazayapmiz. Hujrada yashab, bir umr men uchun o‘lib-tirilgan bechora onamni eslayapman.

Bu orada xotinim qozon-o‘chog‘ini boshqa qildi, biz uchun ovqatni o‘zi tayyorlayapti. Nabiralarimiz oldimizga kelganda xotinim onamdan farqli ravishda ularni oldiga solib quvadi.

O‘shanday paytlarda onam qanday fe’li keng ayol bo‘lganini, kelini kamsitganda va zug‘um o‘tkazganda ham «Dunyodan o‘tsam ortimdan duo qilasizlar», deb nabiralarini erkalatib, oldida olib o‘tirganlarini eslayman.

Maktubimning oxirida yoshlarga aytar so‘zim, siz men va xotinim qilgan xatoni takrorlamang. Doim ota-onangizning xizmatida bo‘lib, ularning duosini olishga harakat qiling. Aks holda, ota-onangizga nima qilgan bo‘lsangiz bolangizdan qaytadi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: