«Arsenal» va «Barsa» derbilarda g‘alaba qozondi, Italiyada - tartibsizlik

Sport 12:33 / 16.09.2024 6734

Angliya: Arteta tarkibdagi muammolarga qaramay, prinsipial raqibiga qarshi safardagi o‘yinda g‘alabaga erishdi

«Tottenhem»  «Arsenal» 0:1
Gol: Gabriel (64).
«Tottenhem» – Vikario, Udoji, van de Ven, Romero, Porro, Meddison (Verner, 80), Bentankur (Sarr, 68), Kulusevski, Son, Solanke, Jonson (Odober, 68).
«Arsenal» – Rayya, Timber, Gabriel, Saliba, Uayt, Martinelli (Sterling, 80), Jorjinio, Parti, Haverts, Trossar (Jyezus, 80), Saka (Nvaneri, 86).
Ogohlantirishlar: Saliba (15), Udoji (27), Bentankur (32), Timber (35), Vikario (37), van de Ven (45+2), Kulusevski (45+2), Jorjinio (49).

Derbi arafasida «Arsenal» yarimhimoya chizig‘ida jiddiy muammolarga duch keldi. Deklan Rays o‘tgan turda qizil kartochka olingan va bitta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi. Martin Edegor Norvegiya milliy jamoasi o‘yinida oyog‘ini qayirib oldi. Bu Rays «Arsenal»ga kelganidan buyon bu ikki futbolchidan birortasi startda bo‘lmagan ilk holat edi. Qolaversa, jamoaning ispaniyalik yangi yarimhimoyachisi Merino ham mashg‘ulot vaqtida qo‘lini sindirib olgani tufayli lazaretda qolmoqda, FIFA kunlarida jarohat olgan yana bir futbolchi Kalafiori hamda anchadan buyon jarohatini davolayotgan Tomiyasu ham o‘sha yerda.

Raysning o‘rniga kutilganidek Jorjinio tushirilgan va sardorlik bog‘ichida harakatlangan bo‘lsa, Edegorning pozitsiyasiga Kay Havers tushishi mumkin edi, u o‘tgan mavsumda yarimhimoyada ham o‘ynagandi. Ammo shunday bo‘ldiki, bu o‘rin amalda bo‘sh qoldirildi. «Arsenal» 4-4-2 sxemasini tanladi, unga ko‘ra Havers va Leandro Trossar ko‘proq oldinda harakatlandi.

«Tottenhem» o‘tgan mavsumda to‘pga egalik qilishdagi o‘rtacha ko‘rsatkich bo‘yicha faqat «Siti»dan ortda qolgandi, Angelos Posteko‘g‘li jamoasi bu mavsumda esa yaqqol yetakchilik qilmoqda – 68,3 foiz. Jamoa asosiy yetakchilarisiz kelgan «Arsenal»ni maydonning uchinchi qismiga qamab qo‘ygani ajablanarli emasdi. Lekin, katta ehtimol bilan, mehmonlarning o‘zi ham qarshi hujumlarda omadini izlash uchun raqibdan aynan shunday o‘yin kutgandi.

Birinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyat ham «Arsenal»da bo‘ldi. Trossar tezda to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va uni katta tezlik olgan Gabriel Martinellining yo‘liga tashlab berdi. Unda yetarlicha kenglik bor edi, ammo braziliyalik vinger o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirib borgan Sakadan to‘pni qizg‘andi va amalda to‘pni darvozabonning qo‘llariga qarata tepdi.

Bu o‘yindagi yodda qolarli voqealardan biri sariq kartochkalar bo‘ldi. Derbidan bir kun oldin APLda bir o‘yinda futbolchilarning ogohlantirilishi bo‘yicha rekord o‘rnatilgandi – Maykl Oliver «Chelsi» va «Bornmut» futbolchilariga 14 marta sariq kartochka ko‘rsatgandi. «Tottenhem» va «Arsenal» futbolchilari birinchi bo‘limning o‘zidayoq yetti bor ogohlantirish oldi (beshtasi mezbonlarga). Bunga Yurriyen Timber va Guliyelmo Vikarioning to‘qnashuvidan keyin boshlangan janjalning ham ta’siri bo‘ldi. Ammo ikkinchi bo‘limda faqat Jorjinio sariq oldi va yangi rekord o‘rnatilmay qoldi.

«Tottenhem» bir soat davomida nafaqat tashabbusga egalik qildi, balki muntazam ravishda xavfli vaziyatlar yaratib turdi. Bir necha bor Rayya xaloskor vazifasini bajardi. Ammo ikkinchi bo‘limda golni baribir «Arsenal» urdi. Bunday uchrashuvlarda barchasini detallar hal qiladi. Derbida bu — «kanonir»larning sabri edi. Angelos Posteko‘g‘li hujumkor uslubi ularga qo‘l keldi, ikkinchi bo‘limda «shporlar» bosimni oshirishga urinib, ko‘proq kuchlarni oldinga tashladi, natijada raqib qarshi hujumlardan biri vaqtida burchak to‘pi ishladi. Agar kimdir o‘tgan mavsumda «Arsenal»ning kornerlari butun ligani dahshatga solganini yoddan chiqargan bo‘lsa — APLdagi 15-golini urgan Gabriel Magalyans buni eslatib qo‘ydi.

Aytish mumkinki, «Tottenhem» o‘z xatolaridan saboq chiqarmagan — «Arsenal»ning derbilardagi so‘nggi to‘rt golidan uchtasi burchak zarbasidan keyin urilgan. Bu safar burchakdan to‘pni oshirib bergan Saka prinsipial raqibga qarshi o‘yinlarda gol va pas tizimidagi ballari sonini 6 taga yetkazdi. Shuningdek, joriy mavsumda eng yaxshi assistentlar reytingida Palmerga yetib oldi (4 tadan). 

«Tottenhem» o‘tkazib yuborilgan goldan keyin ham tashabbusga egalik qilishda davom etdi, ammo «Arsenal» ishonchli himoyalandi va g‘alabani saqlab qoldi. Bu natijadan keyin «Arsenal» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Tottenhem» to‘rt turdan keyin to‘rt ochkosi bilan 13-pog‘onada qoldi. Shu kunlarda klub bilan shartnomasini yangilagan Mikel Arteta qiyin holatdan chiqib ketdi va «shporlar»ga qarshi qatorasiga uchinchi safar uchrashuvida ham g‘alaba qozondi, bunaqasi 1988 yildan buyon kuzatilmagandi.

Ispaniya: Messi davridagi kabi

«Jirona» — «Barselona» 1:4
Gollar:
Stuani (80) — Yamal (30, 37), Olmo (47), Pedri (64).
«Jirona» – Gassaniga, Migel Gutiyerres, Blind, David Lopes, Franses (Martines, 85), Solis, Martin, Danjuma (Portu, 55), Tsigankov (van de Bek, 69), Xil (Asprilya, 54), Abel Ruis (Stuani, 69).
«Barselona» – ter Stegen, Balde, Martines, Kubarsi (Fort, 61), Kunde, Pedri (Viktor, 69), Kasado, Rafinya, Olmo (Erik Garsiya, 61), Yamal (Martin, 90+1), Levandovski (Ferran Torres, 69).
Ogohlantirishlar: Xil (36), Viktor (84), Portu (90+1), Stuani (90+4). 
Chetlatish: Torres (86).

So‘nggi vaqtlarda «Jirona» Kataloniya derbilarida jiddiy raqobat ko‘rsatayotgandi. Hatto shunday paytlar bo‘ldiki, Joan Laporta «Barsa»da sovrin uchun imkoniyat qolmagan taqdirda, chempion titulini aynan shu jamoa qo‘lga kiritishini tiladi. Lekin bu mavsumda oldingi «Jirona»dan ko‘p narsa qolmagan. Bir necha muhim futbolchilar ketishgan va bosh murabbiy Michel Sanchesdan cheklangan resurslar bilan oldingi kuchli jamoani qaytarish uchun vaqt talab etiladi.

Yoki kamida David Lopes jarima maydonidan chiqishda o‘ziga haddan tashqari ishonib yuborganida bo‘lgani kabi oddiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik. Uning o‘ziga ishonchi Yamalni cho‘chita olmadi va u to‘pni olib qo‘yib, hisobni ochdi. Barselonalik vunderkind nafaqat gollar urib, golli paslar bermoqda, balki chempionatda maydonning raqib jarima maydoni tomonidagi uchinchi qismida to‘p olib qo‘yish bo‘yicha ham (20) yetakchilik qilmoqda.

Ko‘p o‘tmay Yamal Ispaniyadagi 100-o‘yinini o‘tkazgan Levandovski yordamida yana bir gol urdi. Ushbu o‘smirning sovuqqonligi anchadan buyon hech kimni ajablantirmay qo‘ygan, Dani Olmoning samaradorligi ham. Kataloniyaliklarning yozdagi asosiy xaridi bo‘lgan futbolchi ikkinchi bo‘lim boshidayoq Kundening uzun pasidan keyin o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi. Yevropa chempioni ko‘k-anorranglilar safidagi dastlabki uch o‘yinida ham gol urdi, bungacha bunday natija bilan faqat Ibragimovich va Fabregas maqtana olardi. Lekin Olmo jarohat tufayli keyingi turni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keladi, Hans Flik ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushib, qizil kartochka olgan Ferran Torresning xizmatidan ham foydalana olmaydi.

Intrigani yo‘q qilgan va revansh olgan «Barsa» futbolchilari o‘yinning qolgan qismida o‘z zavqi uchun o‘ynay boshladi. Flik jamoasi vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlarda «Jirona»ni jazolashga harakat qildi. Levandovski yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmagan bo‘lsa, Pedri Kasadoning ajoyib uzatmasidan keyin jarima maydoniga yorib kirib, darvozabonni ham sovuqqonlik bilan aldab o‘tgan holda, o‘z vaziyatidan foydalandi. Maydon markazi bo‘ylab juda chiroyli, «barselonacha» kombinatsiyada to‘rtinchi gol urildi. Bu haqiqiy «Barsa»ni eslatib yubormoqda. 

«Barselona» besh turda besh g‘alabaga erishdi. Eng yaqin ta’qibchisi «Real»dan to‘rt ochkoga o‘zib ketgan holda yakkapeshqadamlik qilmoqda. Jamoada a’lo kayfiyat hukm surmoqda. Besh turdan keyingi bunday samaradorlik (17 gol) ko‘k-anorranglilarda Messi o‘ynagan davrdan buyon (2017/18 yillar mavsumi) kuzatilmagandi. Bundan yaxshiroq ko‘rsatkich (bitta gol ko‘proq) bilan boshlash Yohan Kroyf boshqaruvidagi 1990-yillar boshidagi jamoaga nasib qilgandi.

«Atletiko» — «Valensiya» 3:0
Gollar:
Gallaher (39), Grizmann (54), Alvares (90+4). 
«Atletiko» – Oblak, Lorente, Lino (Rikelme, 67), Aspilikueta (Reynildu, 77), Himenes, Le Norman, Gallaher, Koke, De Paul (Korrea, 61), Syorlot (Alvares, 61), Grizmann (Simeone, 76).
«Valensiya» – Mamardashvili, Terri Korreyya, Moskera, Tarrega, Fulke (Xesus Vaskes, 71), Pepelu, Gilyamon (Barrenechea, 46), Rioxa (Kanos, 70), Diyego Lopes, Dani Gomes (Texon, 79), Gerra (Valera, 79).
Ogohlantirishlar: Tarrega (10), Koke (25), Gilyamon (32).

«Atletiko» qariyb bir bo‘lim davomida Mamardashvili darvozasiga kalit topa olmadi. U Serlotning urinishlarini osonlik bilan bartaraf etdi, ammo kreativ qo‘shilganidan keyin madridliklar darvozabonga hech qanday imkon qoldirishmadi. Qarshi hujumlarning bir necha ijodkorlari bor edi, ammo asosiysi — De Paul bo‘ldi, u o‘z vaqtida pauza ushlab, to‘pni Moskeraning oyoqlari orasidan o‘tkazdi va Gallaherni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi. Angliyalik yarimhimoyachi Diyego Simeonening yangilangan tizimida muhim figuraga aylanmoqda.

«Valensiya»da o‘yinni qutqarish uchun imkoniyat bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Liorente shvedka uslubidagi pas bilan jarima maydoniga to‘p uzatdi, Samuel Linoning muvaffaqiyatsiz chiqqan zarbasi Grizmannga golli uzatmaga aylandi. Bu ushbu fransuzning «Ko‘rshapalaklar» darvozasiga urgan 13-goli bo‘ldi. U bundan ko‘proq marta (14) faqat «Atletik» darvozabonlarini ranjitgan. Antuanning la ligadagi gollari soni 190 taga yetdi. U yubileyga yaqinlashmoqda, turnir tarixida 200 talik dovonni faqat o‘n futbolchi zabt etgan. «Matraschilar»ning o‘yini chiqqan kunda Gallaherdan tashqari Angliyadan kelgan yana bir futbolchi Hulian Alvares ham Ispaniyadagi ilk golini nishonladi.

Italiya: Tribunadagi tartibsizlik

«Kalyari» — «Napoli» 0:4
Gollar:
Di Lorenso (18), Kvaratsxeliya (66), Lukaku (70), Buonjorno (90+3). 
«Kalyari» – Skuffet, Luperto, Mina, Dzappa, Gaetano (Mutandva, 59), Luvumbu, Aujyello, Atssi (Zortea, 59), Deyola (Adopo, 46), Marin (Makumbu, 78), Pikkoli (Pavoletti, 78).
«Napoli» – Meret, Buonjorno, Rahmani, Di Lorenso, Kvaratsxeliya (Maktominey, 74), Politano (Neres, 81), Spinatssola (Olivera, 64), Matssokki, Lobotka (Gilmur, 74), Zambo-Angissa, Lukaku (Simeone, 74).
Ogohlantirishlar: Lobotka (42), Lukaku (57), Mina (75).

«Napoli» qatorasiga uchinchi g‘alabaga erishdi, ammo o‘yindagi yirik hisob aldamchi. Aslida o‘yin o‘ta qiyin kechdi, jumladan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham. Chunki birinchi bo‘lim o‘rtalarida tribunada «Kalyari» fanatlari provokatsiyali banner ko‘tarishgach, qoni qaynoq neapolitanliklar hissiyotlarini tiyib tura olishmadi. Qolaversa, mezbonlar quyidagi so‘zlarni aytib baqirishgandi: «Vezuviy, ularni yoqib yubor». Shundan keyin mezbonlar sektori tomon qandaydir buyumlar uchib bordi, maydonga esa mash’alalar uloqtirildi. Hissiyotlarni ikki jamoa futbolchilari yordamida so‘ndirishga erishildi, tartibsizlik tufayli yuzaga kelgan tanaffus sakkiz daqiqa davom etdi.

Hodisa vaqtida hisob 1:0 ko‘rinishida edi, hisobni ochgan Di Lorensoga rikoshet ham yordam bergan, natijada darvozabon ilojsiz holatda qolgandi. Lekin bu oqshom Meretni ajablantirishning imkoni bo‘lmadi va janubliklar darvozaboni g‘alaba ijodkorlaridan biri bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida u aqlbovar qilmas seyv ijro etdi, u Marinning zarbasidan keyin to‘sin ostiga kirib ketayotgan to‘pga barmoqlari uchi bilan teginishga ulgurdi, bu holat tur hit-paradlarini bezashi tayin. Meretning qahramonligi tufayli mehmonlar sinib qolishmadi va qarshi hujumlarda imkon izlashdi, Lukaku shvedka uslubida ajoyib pas tashlab berganida, Kvaratsxeliya ham darvozani ishg‘ol etish uchun xuddi shu usuldan foydalandi.

Ikkinchi gol «Kalyari»ni sindirdi. Ko‘p o‘tmay Xvicha raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni raqibdan olib qo‘ydi va Lukakuni zarba berish vaziyatiga chiqardi. Bu tandem ish bermoqda, belgiyalik tajribali hujumchi Antonio Kontening ishonchini to‘la oqlamoqda. Jamoaning yozdagi yana bir transferi David Neres ham o‘zini oqlamoqda. Uch uch o‘yinda zaxiradan tushib — uch golga assistentlik qildi. Opta A seriyada yangi futbolchilarda bunday bo‘lganini avval qayd etmagan (kompaniya 2004/05 yillardan buyon statistika yuritib keladi).

«Monsa» — «Inter» 1:1
Gollar:
Mota (81) — Dumfris (88).
«Monsa» – Turati, Karboni, Mari, Itsso, Kaprari (Mota, 62), Maldini (Byanko, 72), Kiryakopulos, Pedru Pereyra, Bondo, Pessina, Jurich.
«Inter» – Zommer, Karlos Augusto, de Vrey, Pavar, Dimarko, Darmian (Dumfris, 56), Mxitaryan (Zelinski, 56), Aslani (Korrea, 74), Frattezi, Martines (Torimiy, 56), Tyuram (Arnautovich, 74).
Ogohlantirishlar: Dumfris (62), Mota (85), Pavar (90+5)

Sardiniyadagi yorqin uchrashuv fonida «Monsa»ning «Inter» bilan o‘yini u qadar voqealarga boy bo‘lmadi. Amaldagi chempionlar tashabbusga egalik qilishdi, ammo katta ehtimol bilan bir necha kun keyin boshlanadigan Chempionlar ligasi uchun kuch tejashdi, «neradzurrilar»ni ilk turda «Manchester Siti» bilan o‘yin kutmoqda. O‘yin oxirida esa mehmonlar sergaklanishga majbur qilindi. «Monsa» futbolchisi Dani Mota Pavardan balandroq sakrab hisobni ochdi. Sensatsiya yaqin edi, ammo bunga milanliklarning laterallari yo‘l qo‘yishmadi. Dyumfrisga uzatmani «Monsa»ning sobiq futbolchisi Karlos Augusto yetkazib berdi. Simone Indzagi jamoasi hozircha safar o‘yinlarida qiynalmoqda — bundan oldinroq «Jyenoa» maydonida g‘alabali hisob boy berilgandi.

Kun statistikasi

  • «Kanonirlar» safida debyut qilgan Rahim Sterling APLda «Liverpul», «Chelsi», «Manchester Siti» va «Arsenal» klublarida o‘ynagan Nikolya Anelkadan keyingi 2-futbolchi bo‘ldi.
  • «Roma» o‘z tarixida 4-bor mavsum startidagi biror o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Yakshanba kuni rimliklar «Jyenoa» bilan o‘yinning qo‘shib berilgan daqiqalarida g‘alabani boy berdi (1:1).
  • «Reyms» hisobda ortda borayotgan o‘yinlarida 7 ochko to‘plashga erishdi.
  • «Nyukasl» Eddi Hau bosh murabbiylikka tayinlanganidan keyingi davrda 185 ochko to‘plagan. Bu oraliqda faqat «Manchester Siti» (262), «Arsenal» (232) va «Liverpul» (228)da ko‘proq ochko bor.
Ko‘proq yangiliklar: