Sport | 16:18 / 17.03.2025
3754
12 daqiqa o‘qiladi

Avtogollar, 70 yil kutilgan kubok va «Barsa»ning superkambeki – Yevroturning eng muhim 8 voqeasi

Dam olish kunlari Yevropa futbolida qiziq voqealarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, yakshanba oqshomida birdaniga uch top ligada chempionlikka da’vogar jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvi klublar futbolini yaqin ikki haftada sog‘inib qolishimizga sha’ma qilgan bo‘lsa ajab emas. Tribuna.uz jurnalisti Qahramon Aslanov yevroturning eng muhim 8 voqeasini saraladi.

AVTOGOLLAR

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Manchester Siti» qatorasiga ikki raqobatchisi bilan to‘qnash keldi va atigi bir ochko bilan kifoyalandi. Afsuski, bu safargi tur hamyurtimiz Abduqodir Husanov uchun omadsiz keldi. Birinchi taymni ancha ishonchli o‘tkazgan Husanov 48-daqiqada mehmonlarning burchak to‘pidan so‘ng o‘z darvozasiga gol yo‘llab qo‘ydi. Avvaliga ofsayd chizig‘ini ushlashda sheriklaridan kech qolgan Husanov Xinshelvudning zarbasini qaytarmoqchi bo‘ldi, ammo noqulay yo‘lantirilgan to‘p oqibatda Ortegani ham chalg‘itib, darvozaga kirib ketdi. Mana shu vaziyatdan so‘ng hisob ikkinchi marta tenglashgach, o‘yin oxirigacha mezbonlar g‘alaba golini ura olmadi.

Xuddi shu oqshom Yevropada to‘p surayotgan yana bir himoyachimiz o‘z hisobiga avtogol yozib qo‘ydi. «Rizespor» tarkibida «Bodrumspor»ga qarshi to‘p surgan Xusniddin Aliqulov o‘yining 22-daqiqasiga o‘z darvozasiga gol kiritib, hisobni ochdi. Mezbonlar safida Samet Akaydin qizil kartochka olgach, vaziyatni tenglashtirish imkoniyati kamayib ketdi va yana bir gol o‘tkazib yubordilar. Aliqulov esa jarohat tufayli birinchi taym oxirida almashtirildi.

OMADSIZ «BeShIKTOSh»

Ammo haftaning eng omadsiz jamoasini ham Turkiyadan izlaganimiz ma’qul. Sulsher boshqarayotgan «Beshiktosh» «Konyaspor»ga qarshi o‘yinning 27-daqiqasidan boshlab bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan bo‘lsa-da, mezbonlarning 45-daqiqasidagi goliga birorta ham javob bera olishmadi.

Ikkinchi taymda to‘p nazorati bo‘yicha 83-17, zarbalar soni 20-2, burchak to‘plari 7-0, jarima maydonidagi teginishlar 28-1 bo‘lsa-da, «Beshiktosh» bu ustunlikni ochkoga aylantira olmadi. Hatto 65-daqiqada Ndao ham qizil kartochka olib, qolgan qariyb 30 daqiqani mezbonlar 9 kishi qolib ham g‘alabali hisobni saqlab qolishning uddasidan chiqishdi.

«Biz nimanidir o‘zgartirishimiz kerak, bu o‘yin uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz», - dedi uchrashuv tugagach norvegiyalik mutaxassis.

Eng qizig‘i, «Beshiktosh» o‘tgan turda «Gaziantep»ni qabul qilgan va 77-daqiqadan boshlab bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagandi. Raqib futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatilayotganda hisob 1:1 edi, qolgan daqiqalarda Sulsher shogirdlari g‘alaba qozonish o‘rniga, «Gaziantep» gol urib 2:1 hisobida yutib ketgan.

G‘AZABDAGI ANCheLOTTI

Chorshanba oqshomida «Real» Chempionlar Ligasida «Atletiko»ga qarshi maydonga tushdi va 120 daqiqa o‘ynadi. La Liga esa madridliklarning navbatdagi tur uchrashuvini yakshanbaga emas, shanba oqshomiga qo‘ygan edi. Raqib ham noqulay, «Real» 2017 yildan beri safarda «Vilyarreal»ni yenga olmay kelmoqda.

O‘yin to‘lig‘icha mezbonlarning ustunligida o‘tgan bo‘lsa-da, Mbappening dubli «Real»ga irodali g‘alaba olib keldi. Ko‘ngildagidek natida qayd etilgan bo‘lsa-da, uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Karlo Anchelottini tinlantirib bo‘lmadi.

«Bu bizning 72 soatdan oz muddatda maydonga tushgan oxirgi o‘yinimiz. Agar Liga yana shunday qiladigan bo‘lsa, biz maydonga tushmaymiz» – dedi italiyalik murabbiy.

Haqiqatan ham o‘yindan keyin madridliklarning ahvoli yaxshi emasdi. Bir necha futbolchilar maydonning o‘zida yotib olishdi va shifokorlar ham aralashgan holatlar bo‘ldi.

«BAVARIYa» YaNA OChKO YO‘QOTDI

«Bavariya» bu safar «Union» bilan durangga rozi bo‘ldi. O‘tgan turda «Bavariya» o‘yin boshidayoq 2 gol urib, yana penaltidan aniq foylana olmay, qizil kartochka olib, yakunda 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi. Bu safar 75-daqiqada urilgan Sanening golini asrab qola olishmadi – mezbonlar 83-daqiqada hisobni tenglashtirishdi. Myunxenliklarda Bundesligada oxirgi 2 o‘yinda atigi 1 ochko.

Atigi bir hafta oldin Bundesligada hammasi hal bo‘lgandek, 16 va 13-o‘rinlarda borayotgan «Boxum» va «Union»ga qarshi o‘yinlarda Kompani shogirdlarining ochko yo‘qotishini kutish ham qiyin edi. Katta ehtimol bilan «Bayyer» ham buni kutmagan, aks holda, agar liverkuzenliklar bu «sovg‘a»dan foydalana olishganda edi, ayni paytda ikki peshqadam orasidagi farq atigi 3 ochkoni tashkil qilgan bo‘lardi.

Ammo «Bayyer» ham qolishmadi. Bu safar Alonso shogirdlari Shtutgartda ajoyib kambek (4:3) amalga oshirgan bo‘lishsa-da, o‘tgan haftadagi «Verder»dan mag‘lubiyat qimmatga tushdi. Hammasi Harri Keynning faoliyatidagi ilk sovriniga qarab ketmoqda.

YeTMISh YILLIK SOG‘INCh

Bu bo‘limni bir haftada ikki sovrinni boy bergan «Liverpul»ga bag‘ishlash ham mumkin edi, ammo «Nyukasl»ga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Edi Hau shogirdlari so‘nggi uch yilda ko‘rsatgan o‘yini uchun albatta, sovringa munosib edilar. Jamoa ikki yil oldin ham xuddi shu turnir finaliga yetib kelgan, ammo 0:2 hisobida «Manchester Yunayted»ga yutqazib qo‘ygandilar. Bu safar o‘xshadi. Bu sovrin 1955 yildan beri «Nyukasl» qo‘lga kiritgan ilk sovrindir. O‘shanda nyukaslliklar Angliya kubogida zafar quchgandi. Liga kubogi esa ilk marta jamoa muzeyidan joy oladi.

Albatta, «Liverpul»ning bu qadar yomon o‘yiniga hafta o‘rtasidagi «PSJ»ga qarshi uchrashuv ham ta’kir ko‘rsatgani shubhasiz. «Nyukasl» bir hafta davomida finalga bor e’tiborini qaratib tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lgandi, «Liverpul» esa hafta davomida ham jismonan charchadi, ham emotsional chuqurga tushib chiqishgandi. Natija faqat hisobda emas, o‘yinda ham yaqqol ko‘rindi – Slot shogirdlari to Keza so‘nggi daqiqada hisobni qisqartirguncha 5 marta zarba bera olishdi xolos. «Nyukasl»da esa zarbalar soni 17 ta.

Darvoqe, oxirgi marta «Nyukasl» «Liverpul» ustidan qariyb o‘n yil oldin, 2015 yilning dekabrida ustun kelgandi.

«BOLONYa» O‘ZIGA KeLMOQDA

«Bolonya»ning o‘tgan mavsumdagi yuksalishini ko‘pchilik haqli ravishda murabbiyga bog‘lagani aniq. Ayniqsa, «Yuventus» bunga ko‘proq e’tibor qaratib, Mottani o‘z jamoasiga chorlagan edi. Bu turda esa «Bolonya» «Yuventus»ni quvib o‘tdi va 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Turinliklar Florensiyada yirik mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalar, «Bolonya» yana bir asosiy raqobatchisi «Latsio» ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Birinchi davrada rimliklar o‘z maydonida 3:0 hisobida ustun kelgandilar, javob o‘yinida qasos ortig‘i bilan olindi. Bu «Bolonya»ning chempionatdagi qatorasiga to‘rtinchi g‘alabasi ekanini ham e’tirof etish kerak.

Qizig‘i ana endi boshlanadi. Jamoa keyingi turlarda qatorasiga «Napoli», «Atalanta» va «Inter» bilan kuch sinashadi. Qaysidir ma’noda chempionlik kurashiga ham ta’sir etish bilan birgalikda, hali yana asosiy raqiblar «Milan» va «Yuventus» bilan bahslar ham kutib turibdi.

ITALIYa VA FRANsIYaDA PeShQADAMLAR BAHSI

«PSJ» Chempionlar Ligasining hal qiluvchi o‘yinlari oldidan ichki chempionatni hal qilib qo‘ymoqchi shekilli. Bu safar Enrike shogirdlari eng yaqin ta’qibchi – de Dzerbining «Marsel» jamoasini 3:1 hisobida dog‘da qoldirishdi. O‘rtadagi farq esa endi 19 ochko. Demak «PSJ» chempionlikni rasman hal qilishi uchun qolgan 8 turda 5 ochko olsa kifoya. Bu degani, hatto keyingi turdayoq, mabodo»Marsel» yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, parijliklar chempionga aylanishi mumkin.

Italiyada esa «Napoli» eng kutilmagan paytda qoqildi. Konte shogirdlari «Venetsiya»da durang o‘ynagach, «Inter»da 1 ochkolik farqni 3 taga oshirish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘ldi. Raqib esa yana bir chempionlikka da’vogar bo‘lgan «Atalanta». Qizig‘i, «Atalanta» ham ikki tur oldin aynan «Venetsiya» bilan xuddi shunday 0:0 hisobidagi durang o‘ynab, qimmatli ochkolarni boy bergandi. Augusto va Martinesning gollari milanliklarga «Atalanta» ustidan g‘alaba keltirdi va endi «Inter» «Napoli»dan 3, «Atalanta»dan 6 ochko oldinda, yakka peshqadam bo‘lib oldi.

YaNA SYoRLOTNING GOLI «HAL QILDI»

Yevropa oqshomi gollarga boy bo‘lgan ajoyib uchrashuv bilan yakuniga yetdi. Yaqinda «Atletiko» va «Barselona» Ispaniya kubogi o‘yinida ham shou (4:4) uyushtirib bergandilar, bu safar ham kam bo‘lmadi. Ammo bu safar ham madridliklar 2:0 hisobidagi g‘alabani ushlab qololmadilar.

Esingizda bo‘lsa, Barselonadagi o‘yinning so‘nggi daqiqasida Syorlot mehmonlarni oldinga olib chiqib, «Atletiko»ga g‘alaba keltirgandi. Bu safar ham norvegiyalik hujumchi zaxiradan chiqib, ikkinchi golni urgan paytda, go‘yo hammasi hal qilingandek edi. Balkim aynan mana shu tuyg‘u «Atletiko» futbolchilarining xayolidan o‘tgandir? Natijada, 1:0 paytidagi konsentratsiya yo‘qolib qoldi, mehmonlar esa tezda javob berishdi. Yakunda Torresning dubli, Yamalning hal qiluvchi zarbasi yordamida kataloniyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bir paytlar italiyalik mashhur murabbiy Elenio Errera unga 2:0 dan ko‘ra 1:0 yoqishini aytganida, mana shunday holatlarni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

Ispaniyada qo‘shhokimlik yuzaga keldi, ammo «Barselona» «Real»dan bir o‘yin kam o‘tkazgan. «Atletiko» esa 4 ochkoga orqada qolib ketdi.

Bu jamoalar terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng yana bir marta to‘qnash keladilar. Ispaniya kubogi yarimfinali javob bahsida o‘sha sakkiz goldayam chala qolgan masalaga oydinlik kiritiladi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid