Kimnidir bosib qolishi kerakmi? Yunusobodda “zamhokim”ning ham “tishi o‘tmayotgan” masala haqida

Jamiyat 12:15 / 06.05.2024 22622

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida fuqarolar qurib qolgan daraxtlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan kestirib tashlashda muammolarga duch kelmoqda: ularni kesishga ruxsatnoma olingan, ammo kesib beradigan tashkilot yo‘q.

Hududda yashovchi Kun.uz muxbiri shunday hikoya qiladi:

“Yunusobod tumani, Shahriston ko‘chasida yashayman. Uyimizni yonida bir tup, undan 30 metrlar chamasi narida, chiqindi qabul qilish puknti yonida yana bir tup ko‘p yillik qayrag‘och qurib qolgan. Ularning quriganiga ham 2 yildan oshgan aslida. Tashqarida bolalar o‘ynaydi, o‘tib-qaytuvchilar bo‘ladi, birortaga shikast yetkazmasin, degan maqsadda ularni kestirib tashlamoqchi bo‘ldim. Ammo aynan shu masala – qurigan daraxtni kesib olishda bunchalik tizimsizlik, sansalorlik bor deb o‘ylamagandim.

Avvaliga qurigan daraxtlarni kesib berishni aytib tuman obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qildim. Ular ruxsatnoma kerakligini aytishdi, ammo uni qayerdan olishim mumkinligini aytishmadi.

So‘ngra ushbu masalada “Xalq nazorati”ga murojaat yo‘lladim. U yerda murojaatimni rad qilishdi va license.gov.uz orqali ruxsatnoma olishimni tushuntirishdi.

Shunday qildim. Qariyb 10 kunlarda ekologiyadan xodimlar kelib, daraxtlarni ko‘rishdi hamda dalolatnoma tuzib ketishdi. Keyin ularni kesish bo‘yicha ruxsatnoma berildi.

Ruxsatnomani olib, tuman obodonlashtirish boshqarmasiga bordim. Biroq ushbu tashkilotdan mening ishimni bitkazib beradigan xodim topolmadim: o‘ta tartibsiz tashkilotda ostonada yotadigan 2 ta supurgi va qorovul amakidan boshqa odamni ko‘rmaysiz. 

Ushbu ovoragarchiliklardan keyin maslahat olish maqsadida tuman hokimligi matbuot xizmati rahbariga bog‘landim. U tuman hokimi o‘rinbosariga aytdi. Shu tariqa, ertasi kuni soat 9:40larda o‘zini “tuman obodonlashtirish boshqarmasidanman” deb tanishtirgan odam qo‘ng‘iroq qildi va daraxtlarni kesib olish uchun guruh yo‘lga chiqqanini bildirdi. Ammo hech kim kelmadi.

Tushdan keyin soat 15:00larda o‘sha raqamga qaytib qo‘ng‘iroq qildim. Qo‘ng‘irog‘imga javob qaytargan odam hozir sizga bog‘lanishadi, dedi. Oradan chamasi 5 daqiqa o‘tib, bir kishi telefon qildi va yarim soatda manzilga kelishini bildirdi. Aytgan vaqtida keldi ham. Lekin daraxtlarni ko‘rib, ularni kesib berishi uchun 2 mln so‘m to‘lashim kerakligini aytdi. Buning sababini so‘raganimda esa “Men xususiy firmadanman, obodonlashtirishning vaqti yo‘q, shunga meni yubordi”, degan javobni oldim. Rad etdim.

Tuman hokimligi matbuot kotibiga ikkinchi bor qo‘ng‘iroq qildim. U “zamhokim”ga vaziyat haqida axborot berganini aytdi. Hokim o‘rinbosari bosh vazir bilan yurganini, bo‘shashi bilan masalani nazoratga olishini aytdi. Mana, shunga ham 4 kun bo‘ldi. Qurigan daraxtlar hamon turibdi”.

Muxbirning qo‘shimcha qilishicha, u daraxtlarni kesish masalasida boshqaruv kompaniyasiga ham murojaat qilib ko‘rgan. Ammo rad javobini olgan, “bu bizning vakolatimizga kirmaydi”, deyishgan ular.

Aslida ko‘p qavatli uylar atrofidagi qurib qolgan daraxtni kim kesib olishi kerak?

Kun.uz Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan ushbu savolga izoh oldi.

Vazirlik vakilining tushuntirishicha, ko‘p kvartirali uylar talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatiga ko‘ra, hududni obodonlashtirish, o‘t o‘rish, daraxtlarni butash hududdagi boshqaruv organi tomonidan doimiy olib boriladi. Agar daraxt ko‘p kvartirali uyning tutash hududida bo‘lsa, tutash hudud esa hokim qarori bilan belgilab beriladi.

Ko‘p qavatli uyning tutash hududi belgilanmagan bo‘lsa, bu ishni, ya’ni qurib qolgan daraxtni kesib berishni tegishli obodonlashtirish boshqarmasi amalga oshirishi kerak. Chunki ushbu yer joy mulkdorlarga doimiy foydalanishga xokimiyat tomonidan berilmagan bo‘ladi.

Chilonzor tumanida qurigan va o‘z vaqtida kesib olinmagan daraxtning qulashi qanday oqibatlarga olib kelganini hammamiz ko‘rdik. Aslida mana shu hodisa aholining xavfsiz hayot kechirishi uchun mas’ul bo‘lgan hokimlarga jiddiy signal bo‘lishi, bu borada o‘z hududidagi vaziyat qay ahvolda ekanini o‘rganib qo‘yishga undashi kerak emasmi? 

O‘rinbosarining “tishi o‘tmayotgan” masalani hal qilishga poytaxt prokurori o‘rinbosari lavozimidan kelgan tumanning yangi hokimi Bahodir Abduvaliyev urinib ko‘rar. Sababi, holatda nimadir to‘g‘ri emasligi ko‘rinib turibdi va masala insonlar xavfsizligi bilan bog‘liq.

Ruslan Saburov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: