Shaxsan hokim bosh-qosh: Quvasoyda 300 ga yaqin daraxt qo‘porib tashlandi
Quvasoy shahar prokuraturasining shundoqqina qarshisida yuzlab daraxtlar “ko‘chirib o‘tqazish” bahonasi bilan qo‘porib tashlandi. Bu shahar hokimi Zafar To‘raqulovning shaxsiy tashabbusi bo‘lgan: ekologiyadan rozilik olinmagan. “Qabristonlarga ko‘chirildi” deyilgan daraxtlarning keyingi taqdiri ham noma’lum.
Holatni o‘rganish uchun hududga borganimizda aynan daraxtlar ko‘chirilgan manzilda Quvasoy shahar hokimi Zafar To‘raqulov, viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Jumanov va bir qancha rasmiylarni uchratdik.

“Daraxt ko‘chirishga hech kimning haqqi yo‘q”
“Daraxtlar ko‘chirilishi bilan bog‘liq holat nazoratimizga olingan. Hozirda sanoqlash ishlarini amalga oshiryapmiz. Qonunda qanday javobgarlik belgilangan bo‘lsa, tegishli tartibga chora ko‘riladi.
Ko‘chirish bo‘yicha bizdan ruxsat olinmagan. Daraxtlarni ko‘chirish uchun ruxsat berishga hech kimning haqqi yo‘q. Daraxtni boshqa joyga ko‘chirishga ham hech kimning haqqi yo‘q”, deydi viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Jumanov.

Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari Oybek Akbarovga ko‘ra, daraxtlar shaharning to‘rt hududida joylashgan qabristonga ko‘chirib o‘tqazilgan, ular ko‘karib ketishi uchun barcha kerakli tadbirlar amalga oshirilayotgan ekan.
“Daraxtlar qurimaydi”
“Ko‘rib turganingiz 3 gektardan iborat maydon Quvasoy shahar hokimligi balansida. Bu yerda asosan qarag‘ay daraxtlari bo‘lgan. Ularni maxsus texnikalarda ko‘chirib, kerakli joylarga o‘tqazdik.
Parvarishini agrotexnik talablarga javob beradigan holatda amalga oshiryapmiz.

Ko‘chirishdan avval shahar ekologiya bo‘limidan og‘zaki ruxsat olganmiz.
Hududdan jami 250 tupga yaqin daraxt ko‘chirilgan. Yaqin orada bu maydonda ko‘p qavatli uy quriladi. Binolarning 1-qavati maishiy xizmat ko‘rsatish, qolgan 4 qavati esa turar joy majmuasi bo‘ladi. Jami 275 ta xonadondan iborat 6 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilgan.
Hududdan o‘tuvchi soydan unumli foydalanish, turistlarni jalb qilish maqsadida aynan shu maskan tanlandi. Xavotirga o‘rin yo‘q. Daraxtlar qurimaydi”, deydi Quvasoy shahar hokimi Zafar To‘raqulov.
Qiziq jihati, daraxtlar ko‘chirilgan hudud yaqinida shahar prokuraturasi joylashgan. Nahot ular holatga ko‘z yumgan?!
Quvasoy shahar prokurori Sanjarxon Jahonovdan holat bo‘yicha izoh olmoqchi bo‘ldik. Biroq u masala yuzasidan intervyu bera olmasligi, tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini aytish bilan cheklandi.

Quvasoyda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da antiqa ishlar sodir bo‘lyapti. Daraxtlarning ildizi bilan qo‘porib tashlanishi bilan bog‘liq holatni o‘rganish asnosida o‘sha hududda yashaydigan aholi vakillariga mikrofon tutdik. Lekin ularning hech biri savollarimizga javob berishni istamadi.
Faollarning aytishiga qaraganda Quvasoy shahrida onkologik va nafas yo‘llari kasalliklari kundan kunga ortib boryapti. Bunga sabab esa hududda yirik kvars, sement ishlab chiqarish zavodlarining mavjudligidir. Ekologik inqiroz va ortib borayotgan kasalliklar oldini olish uchun aynan daraxtzorlarni ko‘paytirish o‘rniga aksincha, ularning tomiriga bolta urilmoqda.
O‘zbekistonda daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qo‘yilgan moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori 5 baravarga oshirildi. Prezident farmonida shu haqda ma’lum qilingan. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlari ekish majburiyati belgilandi. Bunda qo‘shimcha ravishda yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimalar qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Prezident qarori bilan taqiqlangan ishni qilish uchun hokim eng kamida “ajdar yurakli” bo‘lishi kerak.
Avvalroq Kun.uzʼda Quvasoyda bog‘cha bolalarini sifatli ovqatlantirishga qaratilgan investitsiya loyihasini shahar hokimi Zafar To‘raqulov o‘ziniki qilib olishga uringani, aynan ta’sis etilgan firmadagi 40 foiz ulush To‘raqulovning qarindoshi nomiga rasmiylashtirilgani haqida surishtiruv e’lon qilingan edi.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov
Mavzuga oid

15:13 / 03.03.2025
Quvasoyda daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgan, zarar 2 mlrd so‘m atrofida – Ekovazirlik

15:39 / 24.02.2025
Oyoqosti bo‘lgan qonunlar va yo‘q qilingan yashil jamoat parki: “Ajdar yurak” hokimga chora ko‘riladimi?

09:43 / 21.02.2025
2 tup daraxt kesgan fuqaro 223 ta ko‘chat ekib berdi

21:37 / 20.02.2025