Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Cho‘llashtirish avjida” - Buxoroda 1800 dan ortiq daraxt ko‘chirilayotgani tanqidlarga sabab bo‘lmoqda
Buxoro viloyatida avtomobil yo‘lini kengaytirish uchun 1824 ta daraxtni ko‘chirib o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Internetda tarqalgan videolarda yo‘l bo‘yidagi daraxtlar ag‘darilib yotganini ko‘rish mumkin. Tarmoqlarda buxoroliklar bundan noroziligini bildirmoqda. 2023 yilda bu loyihaga qarshi chiqqan ekologiya organi endi bu ishlar qonunchilikka muvofiq bo‘layotganini aytmoqda.

Tarmoqlarda Buxoro–Kogon yo‘lidagi daraxtlar ko‘chirilayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Tarqalgan videolarda Buxorodagi 15-17 yillik bir nechta daraxtning ag‘darilib yotgani aks etgan.
Viloyat Ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynau" avtomobil yo‘lining 218-228 km (20 km) qismi ta’mirga tushgan. Shu sabab 1824 tup daraxtning 151 tupi Boqiy Buxoro majmuasi hamda Yangi O‘zbekiston bog‘iga ko‘chirib o‘tqazilgan, qolgan daraxtlarni ham xoli hududlarga ko‘chirish ishlari davom ettirilyapti.
“Hududdagi 1824 tup mevali hamda manzarali daraxtlar qonunchilik talablari asosida xoli hududlarga ko‘chirib o‘tqazilmoqda. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qarorining 5-bob 33-bandiga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz”, deyilgan munosabatda.
Ushbu yo‘l ta’mirlash loyihasi doirasida daraxtlarni ko‘chirish harakatlari 2024 yilning fevral oyida ham bo‘lgan.
Daraxtlar ko‘chirilayotgani haqida yozayotgan buxoroliklar holat achinarli ekani, ko‘chirilgan daraxtlar qurib qolishidan xavotirdaligini bildirmoqda.
“Kogon markazidagi yo‘l yoqasidagi ko‘pyillik daraxtlar butkul qurib ketdi. Bu haqida videolar ham qildik, lekin chora ko‘rilmadi”, deb yozgan bir foydalanuvchi.
“Muammo bartaraf etilmasa va “cho‘llashtirish” ishlari davom etsa, haqiqatan tabiatimiz juda abgor bo‘p qolishi tayin. Lekin daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish va uni parvarishlab, xalqqa o‘sha turishida topshirish masalasini ko‘rmayapmiz”, degan boshqa bir vatandosh.
Troll.uz kanali holatga “Cho‘llashtirish avjida” deya baho bergan.
“Daraxtlarni nima sababdan kesishyapti, shunisiga tushunmayman. Shu daraxtlar tufayli havo tozalanib turardi”, deydi boshqa bir tarmoq foydalanuvchisi.
Bundan tashqari, buxoroliklardan Kun.uz'ga ham norozilik murojaati kelgandi. Unda yo‘l bo‘yidagi daraxtlarni joyida qoldirish so‘ralgan.
“Kesilgan daraxtlar yonidan o‘tayotganimizda yonimizda sayyohlar ham bor edi. Ular bu holdan shokka tushishdi. Buxoroda o‘zi daraxt deyarli yo‘q. Borini ham yo‘q qilishyapti. Bu yerda yashovchilarning aytishicha, yo‘l qatnov qismini kengaytirish maqsadida daraxtlar olib tashlanayotgan ekan. Iltimos, daraxtlarni yo‘q qilishmasin”, – deyiladi murojaatda.
Ko‘chirishdan oldin jamoatchilik eshituvi bo‘lganmi?
Kun.uz muxbiri shu savol bilan viloyat Ekologiya boshqarmasidan javob olishga urindi. Mas’ul jamoatchilik eshituvi 2023 yilning 28 oktyabrida o‘tkazilganini bildirdi. Eshituv qanday xulosa qilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Kun.uz muxbiri 18 fevralda shov-shuv bo‘lgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazayotgan “Qorako‘l dizayn” MChJ rahbari bilan bog‘landi. Uning aytishicha, yo‘l qurayotgan Xitoy kompaniyasi “Qorako‘l dizayn” MChJ bilan 550 dona daraxtni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha shartnoma qilgan.
“O‘zim 10 yildan beri ko‘chat ekish va uni o‘tqazib berish bilan shug‘ullanaman. Meni ham shu Xitoy kompaniyasi topdi va daraxtlarni ko‘chirishga kelishdi”, – dedi u.
Shuningdek, u ko‘chirilgan daraxtlarni parvarish qilish, ko‘kartirib berishga ishonch bildirdi. “Agar birorta daraxt qurib qolsa, o‘rniga 10 ta qurib beramiz. Ko‘chirishni qoidalari asosida bajaryapmiz”, – dedi u.
2 yil oldin shov-shuv bo‘lgan loyiha
Buxoro va Surxondaryoda trassalarni kengaytirish uchun daraxtlar ko‘chirilishi 2023 yilda ma’lum bo‘lgandi. Bu tarmoqlarda ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan, o‘shanda Ekologiya vazirligi va ayrim deputatlar jamoatchilik bilan hamfikrligini bildirgan edi.
Xususan, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odil Tojiyev munosabat bilan chiqqandi. “Hech qanday yo‘l qurilishi tabiatga ziyon yetkazish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Bu masalaga Parlament tomoshabin bo‘lib turmaydi, albatta. Muhokama qilamiz va deputatlik so‘rovi yuboramiz”, – degandi deputat.
Ekologiya vazirligi esa daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha so‘rovlarga rad javobini berganini bildirgandi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, Qashqadaryoda “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” yo‘lini ta’mirlash uchun 31 371 ta daraxt va butani ko‘chirish, Surxondaryoda esa “Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” yo‘lining bir qismi va “Darband-Boysun-Elbayon” yo‘lining bir qismini ta’mirlash uchun 21 803 ta daraxtni ko‘chirish ko‘zda tutilgan. O‘shanda vazirlik bunga rozilik bermasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, yashillikning kamayib borayotgani, havo sifatining yomonlashayotganidan tashvishga tushgan o‘zbekistonliklar tarmoqlarda #DaraxtlarniAsraylik, #NafasOlolmayapman heshteglari bilan bu boradagi mulohazalarini bildirib keladi.
Tavsiya etamiz
20 iyuldan boshlab 1-2 kunga xorijga chiqqanlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi
Iqtisodiyot | 19:31 / 15.07.2025
Bolalarni itdek vovullatgan «defektolog»ga yangi jinoiy ish ochildi
Jamiyat | 18:06 / 15.07.2025
Etihad Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston | 15:18 / 15.07.2025
Bank kartalardan 1 mlrd so‘mga yaqin pullarni o‘zlashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Jamiyat | 21:42 / 14.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Barselona» dunyoning eng qashshoq davlatidan 44 million yevro oladi
Sport | 23:49 / 16.07.2025
-
AQSh xavotirda: BRICS G‘arb gegemoniyasini yiqitadimi?
Jahon | 23:14 / 16.07.2025
-
Ko‘kdaladagi portlash, Qoraqalpog‘istonda anomal harorat va Mirobodda ushlangan podpolkovnik – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:06 / 16.07.2025
-
Germaniyani jahon chempioni qilgan murabbiy O‘zbekiston bilan ishlashi mumkin
Sport | 22:44 / 16.07.2025
Mavzuga oid

12:33 / 11.07.2025
Buxoroda sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi

09:54 / 09.07.2025
Buxoroda qutqaruvchilar tomonidan 9 kishining hayoti saqlab qolindi

20:42 / 06.07.2025
Buxoro viloyatida zilzila sodir bo‘ldi

20:13 / 04.07.2025