Fan-texnika | 23:45 / 24.07.2025
3041
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt olimlarga Qadimgi Rim tarixidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam beradi

«Eney» dasturi yozuvlar yoki yozuv parchalarini qadimgi Rim yozuvlari va tasvirlaridan iborat ulkan ma’lumotlar bazasi bilan taqqoslaydi, o‘xshashlarini topadi, yo‘qolgan so‘zlar va jumla qismlarining variantlarini taklif qiladi, sanalarni ko‘rsatadi va bularning barchasini bir zumda amalga oshiradi.

Foto: The Metropolitan Museum of Art

Britaniyalik olimlar va Google DeepMind laboratoriyasi mutaxassislari «Eney» dasturini ishlab chiqdi, u sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida tarixchilarga yodgorliklar, devorlar va maishiy buyumlardagi yozuvlarni tahlil qilish, taqqoslash va tiklashga yordam beradi va shu bilan Qadimgi Rim tarixi haqidagi bilimlar bo‘shliqlarini to‘ldiradi.

«Eney» taklif qilingan yozuvlarni yoki yozuv parchalarini qadimgi Rim yozuvlari va tasvirlaridan iborat ulkan ma’lumotlar bazasi bilan taqqoslaydi, o‘xshashlarini topadi, yo‘qolgan so‘zlar va jumla qismlarining variantlarini taklif qiladi, sanalarni ko‘rsatadi va bularning barchasini bir zumda amalga oshiradi.

«Tarixchilar bir necha soniya ichida o‘n minglab yozuvlarda bu o‘xshashliklarning barchasini topa olmaydi va aynan shu masalada sun’iy intellekt ularga yordamchi bo‘lishi mumkin», deb tushuntiradi dastur yaratuvchisi, Google DeepMind laboratoriyasining sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassisi doktor Yannis Assael.

Ishlab chiquvchilar jamoasi 23 nafar tarixchiga dasturni sinovdan o‘tkazishga ruxsat berdi va dastur ancha aniq natijalar berishini bilib oldi.

«Eney» qadimgi Rim haqidagi bilimlar bo‘shliqlarini to‘ldirishda sun’iy intellektni qo‘llash bilan bog‘liq birinchi urinish emas.

Shu yil boshida olimlar jamoasi eramizning 79 yilida Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida Pompey bilan birga vayron bo‘lgan Gerkulanum shahridagi o‘ramni virtual ravishda «yoyib» o‘qishga kirishdi.

Oksforddagi Bodlian kutubxonasida saqlanayotgan papirus o‘rami butunlay ko‘mirga aylangan, deyarli ikki ming yil davomida kul va tuproq qatlami ostida yotgan va uni qo‘lda ochib bo‘lmas edi. Ammo olimlar rentgen va sun’iy intellekt yordamida o‘ramning «tekis» raqamli tasvirini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Undagi qandaydir harflar va so‘zlar aniqlandi va olimlar bu falsafiy matn bo‘lgan deb taxmin qilmoqda. Lekin uni baribir o‘qib bo‘lmadi va bu yozuvlarni tiklash va tushunishda «Eney» yoki shunga o‘xshash boshqa dastur yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid