G7 davlatlari 2035 yilgacha ko‘mirdan voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Jahon 10:16 / 30.04.2024 3868

«Yettilik guruhi» (G7) mamlakatlari energetika vazirlari 2030-yillarning birinchi yarmigacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. «Texnik kelishuv bor», dedi Italiya energetika vaziri Jilberto Piketto-Fratin 29 aprel, dushanba kuni Turindagi uchrashuvda. 

Yakuniy kelishuv 30 aprel, seshanba kuni imzolanishi kerak. Shu kuni iqtisodiyotni karbonsizlantirish bo‘yicha batafsil reja e’lon qilinadi. «Katta yettilik» davlatlari 2023 yilda ko‘mirda ishlovchi elektr stansiyalarini bosqichma-bosqich to‘xtatishga kelishib oldi, biroq davlatlar umumiy sana bo‘yicha bir qarorga kelmadi.

BMT iqlim bo‘yicha sammiti qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishga chaqirdi

Yakuniy kelishuv BMTning 2023 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan iqlim konferensiyasida kelishilgan maqsadlarga erishish yo‘lidagi qadam bo‘ladi. COP28 yakuniy hujjati qazib olinadigan yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich voz kechishni talab qiladi, ammo unda ko‘mir, neft va gazdan voz kechish aniq belgilanmagan.

Shu bilan birga, bu yil G7’ga raislik qilayotgan Italiya 2025 yilgacha Sardiniya orolidagidan tashqari barcha ko‘mir elektr stansiyalarini o‘chirib qo‘yish niyatida. Hozirda elektr energiyasining 26 foizi ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalaridan olinadigan Germaniya 2038 yilgacha ko‘mirdan butunlay voz kechishni rejalashtirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: