Jahon | 09:21 / 22.02.2025
2642
3 daqiqa o‘qiladi

G7 Ukrainadagi urushning uch yilligi bo‘yicha kommyunike loyihasini yumshatdi

Katta yettilik davlatlari AQSh va Yevropa o‘rtasidagi kelishmovchilik fonida kommyunike bo‘yicha kelishib olishga qiynalmoqda. Ukrainaning Atlantika integratsiyasi va Rossiya bosqinining «noqonuniyligi» haqidagi havolalar allaqachon matndan olib tashlangan.

Foto: Alexander Ermochenko/REUTERS

21 fevral, juma kuni Bloomberg agentligi muzokaralardan xabardor diplomatlarga tayanib, «Yettilik guruhi» (Katta yettilik) davlatlari AQSh va Yevropa o‘rtasidagi ziddiyat kuchayayotgan bir paytda Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinining uch yilligi munosabati bilan kommyunike loyihasi bo‘yicha kelishib olishda qiynalayotganini xabar qildi. Bo‘linishga AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya bilan Yevropa va Ukrainaning o‘zi ishtirokisiz ikki tomonlama tinchlik muzokaralarini olib borishi sabab bo‘ldi.

Agentlik ma’lum qilishicha, hujjatning 19 fevraldagi so‘nggi tahririda «ishonchli xavfsizlik kafolatlari va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi kelajakdagi tajovuzning oldini oluvchi barqaror tinchlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», deyiladi.

Bu ibora «Ukraina uchun uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari, shu jumladan uning hududida qo‘shinlar va resurslarni joylashtirish, shuningdek, kelishuvlarga rioya etilishi ustidan ishonchli xalqaro nazorat» orqali «tajovuzni rag‘batlantirmaydigan yoki kelajakdagi urushlarga ruxsat bermaydigan» tinchlik haqida gapirilgan dastlabki versiyadan yumshoqroq. Asl nusxadan Ukrainaning Atlantika tuzilmalariga integratsiyalashuvi haqidagi eslatma ham olib tashlandi.

So‘zlarni yumshatish

«Katta yettilik» an’anaga ko‘ra Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqinini qo‘shni davlatga qarshi tajovuz deb atagan. Dastlabki loyihada u «noqonuniy» deb ham ta’riflangan, biroq oxirgi versiyada matn «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan boshlangan halokatli urush» deb o‘zgartirilgan.

Muzokarachilar, shuningdek, ittifoqchilar o‘z moliya vazirlariga Moskvani muzokaraga majburlash maqsadida Rossiya neftining narxini to‘g‘irlash yoki ko‘tarish haqida ko‘rsatma bergan bandni olib tashlashdi. Matn yuzasidan munozaralar davom etmoqda va yana o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, deydi diplomatlar. Ular masalaning nozikligi sababli o‘z nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan.

G7 tashqi ishlar vazirlari faqat o‘tgan hafta Myunxen xavfsizlik konferensiyasida «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi» va uning «tajovuzkor tabiati»ni muhokama qilgan matn bo‘yicha kelishuvga erisha oldi. Rasmiylar bu safar ham xuddi shunday murosaga erishish mumkinligiga umid qilmoqda.

Mavzuga oid