Jahon | 23:38 / 24.02.2025
8899
2 daqiqa o‘qiladi

«Juda yaxshi suhbat». Zelenskiy G7 yig‘ilishi doirasida Tramp bilan gaplashib oldi

Kanada rahbarligi ostida «katta yettilik» davlatlarining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Volodimir Zelenskiy yig‘ilish doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan gaplashib olganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 fevral kuni G7 ning onlayn sammitida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan gaplashib olganini ma’lum qildi.

«Kanada rahbarligi ostidagi «katta yettilik» davlatlarining yig‘ilishi doirasida juda yaxshi suhbat bo‘ldi… Biz Qo‘shma Shtatlar boshqa sheriklar kabi qo‘llab-quvvatlashni davom etishiga juda umid qilamiz. Albatta, biz Yevropa va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi ushbu birdamlikni yo‘qotmasligimiz kerak», — deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti o‘zaro suhbat tafsilotlarini ochiqlamagan. Tramp esa hozircha Zelenskiy bilan muloqotiga izoh bermadi.

AR-Riyodda o‘tkazilgan Rossiya—Amerika muzokaralaridan keyin Donald Tramp Zelenskiyni keskin tanqid qilmoqda. AQSh prezidentining ma’lum qilishicha, ukrainaliklar orasida Zelenskiyning reytingi pasayib ketgan, shuningdek, Tramp uni «diktator» deb atadi va Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi.

Politico’ning yozishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga nisbatan ochiqchasiga keskin fikr bildirishi Vashington Rossiya tomon burilishi bilan bog‘liq emas, balki konlar bo‘yicha kelishuv tuzish uchun Kiyevga bosim o‘tkazish usulidir.

Zelenskiy jamoasi xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukrainadagi foydali qazilmalar huquqini AQShga berish taklifini 2024 yil oxirlarida ishlab chiqqandi. Ammo Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin bitimga boshqacha qaray boshladi — u nodir metallarni qazib olish huquqini shu kungacha Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam uchun talab qilmoqda.

Mavzuga oid