Bobur Bekmurodov energetika sohasida moliyaviy ochiqlikni ta’minlashga chaqirdi

Iqtisodiyot 14:46 / 18.04.2024 12854

Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov o‘z Telegram-kanalida 1 maydan e’tiboran aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgarishi hamda ijtimoiy normalar kiritilishiga munosabat bildirdi.

“Ta’kidlash kerak, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moliga to‘lovlar uning tannarxiga mos kelmaydi, oradagi tafovut davlat budjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi. Bunday yondashuv fuqarolarning moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, butun aholi uchun qo‘llaniladi.

Energiya resurslarining jiddiy tanqisligi sharoitida moddiy ta’minlangan fuqarolar xarajatlari uchun davlat budjetidan dotatsiya olmasligi kerak, deb hisoblaymiz.

Energetika vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kWh'dan ortiq elektr energiyasini iste’mol qiladi. 75 foiz aholining iste’moli esa 200 kWh'dan oshmaydi.

Albatta, O‘zbekistonning energetika tarmog‘i tub islohotlarga muhtoj, shu munosabat bilan tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur”, – dedi deputat.

Bobur Bekmurodovga ko‘ra, ushbu jarayonda mas’ul vazirlik va idoralar quyidagilarni e’tiborga olishi kerak:

  • Qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yo‘q hududlardagi sharoitlarni, bu hududlarda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanini hisobga olish zarur.
  • Energetika vazirligi yuqori kuchlanish bo‘lganda maishiy texnikalariga zarar yetgan iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur.
  • Hukumat davlat budjetidan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak.

“Xorijiy tajribani o‘rganish ham muhim. Masalan, differensiyalangan tariflar qo‘llaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi”, – deya qayd etdi “Yuksalish” yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy norma elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh'gacha, tabiiy gaz uchun mart-oktyabr oylarida oyiga 100 kubometrgacha, noyabr-fevral oylarida oyiga 500 kubometrgacha deb belgilandi.

Avvalroq tariflar o‘zgarishi munosabati bilan aholini ijtimoiy himoya qilish choralari ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: