“Gaz eksportida iqtisodiy mantiq bo‘lishi kerak” - Shuhrat Rasul

Oxirgi 7 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish 28 foizga kamaydi. Shunga qaramay, bu resursni chetga sotish hamon davom etmoqda. Bundan 5 yil oldin gaz eksporti 2025 yildan boshlab to‘xtatilishi aytilgandi, bu ro‘y beradimi, qazib olishdagi pasayish nihoyat to‘xtaydimi, noma’lumligicha qolmoqda. Kun.uz bu borada iqtisodchi Shuhrat Rasulning fikrlari bilan qiziqdi.
Gazga bo‘lgan talabning yetarlicha qondirilmayotgani qish oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta zarba bo‘lmoqda.
Mamlakatda gaz qazib olish hajmi 7 yildirki to‘xtovsiz kamayib boryapti. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil davomida gaz qazib olish hajmi 44,59 mlrd kub metrni tashkil etgan bo‘lib, 2023 yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,1 mlrd kub yoki 4,5 foizga qisqargan.
Rasmiy raqamlar oxirgi 7 yilda gaz qazib olish qariyb 28 foizga yoki 17 mlrd kub metrga kamayganini ko‘rsatmoqda.
Mutasaddilar bu tendensiyani mavjud konlardagi nisbatan oson qazib olish mumkin bo‘lgan zaxiralarning kamayib borayotgani bilan izohlaydi. Chuqurroq qatlamlardan gaz qazib olish va yangi konlarni o‘zlashtirish uchun ajratilayotgan mablag‘larning samarasi esa hozircha ko‘zga tashlanmayapti. Kun.uz bu boradagi savollar bilan iqtisodchi Shuhrat Rasulning fikrlari bilan qiziqdi.
“Qurigan quduqlar kompensatsiya qilinmayapti”
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, gaz ham, neft ham har doim yangi quduqlar ochib turilsagina barqaror qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini ushlab turishi mumkin.
“O‘zbekistonda 370 ta gaz quduqlari bo‘lsa, har yili 10-15 tasi qurib qoladi. Qurib qolganini kompensatsiya qilish uchun kamida 15 yo 20-25 ta yangi quduqlar ochish kerak. Mustaqillik davridan beri O‘zbekistonda gaz sanoatida shu muammo – quduqlar quriydi, lekin ularni kompensatsiya qilish kam bo‘lgan.
1990 yillarda 68 mlrd metr kub gaz qazib chiqarilgan. 2024 yilgi statistika bo‘yicha esa 44 mlrd kub. U paytda aholimiz 20 million edi, hozir salkam 40 millionga yetdi. Obektiv sabablar bor. Hukumatning argumentlari ham o‘rinli: sovet davrida ochilgan, yer sathiga yaqin bo‘lgan debetlar hammasi olib bo‘lindi, hozir chuqur debetlar qoldi. Buning uchun murakkab texnologiyalar kerak. O‘zbekiston o‘zining gaz sanoati potensiali bilan 5-6 ming metr pastdagi gaz quduqlarini o‘zlashtira olmaydi. Bizga sohaning mutaxassislari, ilg‘or texnologiyalar kerak. Buning uchun transmilliy kompaniyalar bor, lekin ular O‘zbekistonga qiziqish bildirmaydi, chunki dunyoda debet yaqin bo‘lgan gaz, neft konlari ko‘p. Ular biror joydan gaz qazib olmoqchi bo‘lsa, xarajatlari kamroq, lekin tez o‘zlashtiriladigan joylarga qiziqishi katta bo‘ladi.
Surxondaryodagi eng katta kon – “Mustaqillikning 25 yilligi” 10 yillar oldin Amerikaning Chevron va Britaniyaning British Petroleum kompaniyalari tomonidan o‘zlashtirilmasdan tashlab ketilgan, uning chuqurligi va xarajatlarni qoplashidan kelib chiqib shunday qaror qabul qilgan bo‘lishlari mumkin.
Xuddi shunday neft sanoati ham 20 yildan beri muttasil tushib boryapti. Neft sanoati 2000 yillarda bir yoki ikki yil O‘zbekistonning ichki talabini qondirish darajasiga yetgan, o‘shanda bir yilda 4 mln metr kubdan ziyod gaz qazib chiqarilgan. Undan keyin har yili qazib olish dinamikasi pasayib boryapti. Sababi, yuqorida aytganimdek, qazib olingan quduqlar kompensatsiya qilinmayapti.
Bunday muammo rivojlangan davlatlarda ham bo‘lgan. Masalan, 70-80-yillarda AQSh neft qazib olish bo‘yicha birinchi raqamli davlat edi, lekin 2000 yildan 2010 yillargacha birinchi o‘ntalikka ham kirmay qoldi, oxirgi 5-6 yilda yana 1-o‘ringa chiqdi. Yoki Indoneziyani oladigan bo‘lsak, 70-80-yillarda neft qazib olish bo‘yicha yetakchilik qilgan va netto eksportyor bo‘lgan, lekin bugungi kunda netto importyorga aylandi. O‘zining ehtiyojini 20 foizga ham qoplolmay qoldi. Bizning ham taqdirimiz Indoneziyaga o‘xshab qolyapti”, – deydi u.
“Gaz eksportida iqtisodiy mantiq bo‘lishi kerak”
O‘zbekiston 2023 yilda ilk marta tabiiy gazning netto importyoriga aylangan edi va bu kelgusi yillarda ham davom etishi mumkin. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yil davomida Rossiya va Turkmanistondan 1,7 mlrd dollarlik gaz sotib olgan. Bu – 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga, 2022 yilga nisbatan 6 barobarga ko‘p.
O‘tgan yili, shuningdek, gaz eksporti qiymat jihatdan 18 foizga oshib, 628 mln dollarga yetgan. Ichki taqchillik sharoitida eksportning to‘xtamayotgani esa savolli masala bo‘lib qolmoqda.
“Rasmiylar gaz eksportini 2025 yil 1 yanvardan to‘xtatiladi, ichki ehtiyojlar qondirilmayapti, gaz mahsulotlaridan tovar nomenkulaturasiga urg‘u berib o‘zimiz qayta ishlaymiz deb aytgan edi. Shu bugungi kunda eksport to‘xtadimi yo‘qmi, menda bunday ma’lumot yo‘q, ochiq manbalarda ham ma’lumot yo‘q. 1 yanvardan Xitoyga eksport to‘xtatilishi kerak.
Davlat ishida ham samaradorlik, iqtisodiy mantiqdan kelib chiqib qilinadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyadan olayotgan gazning 1000 metr kubini Xitoyga eksport qilayotgan o‘zbek gazidan arzon olayotgan bo‘lsa, to‘xtatmaslikda mantiq bor. Lekin agar teskarisi bo‘lsa, albatta to‘xtatish kerak. Biz qimmat gaz olib, arzonga Xitoyga gaz eksport qilsak, bu iqtisodiy mantiqsizlik bo‘ladi”, – deydi Shuhrat Rasul.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tabiiy gaz qancha narxda import va eksport qilinayotgani “tijoriy sir” sifatida, ochiqlanmay keladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi
Mavzuga oid

16:47 / 03.03.2025
Elektr va gaz uchun ijtimoiy limit qayta ko‘rib chiqilishi kerak

15:24 / 28.02.2025
O‘zbekiston yanvarda gaz eksportini 9 foizga oshirdi

08:57 / 24.02.2025
616 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalangan ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi

14:14 / 22.02.2025