Elektr va gaz uchun ijtimoiy limit qayta ko‘rib chiqilishi kerak
Hukumat sovuq kunlar bilan boshlangan mart oyi uchun ham tabiiy gaz ta’minotida ijtimoiy me’yorni 500 metr kub miqdorida belgiladi. Bungacha bu me’yor yoz oylaridagidek 100 metr kub edi. Xo‘sh, bu bir martalik chorami yoki doimiy chegarami?

Foto: Getty images
Ijtimoiy limit – fuqarolar haqqi yoki cheklov?
O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun joriy etilgan ijtimoiy limitlar kuchga kirganidan buyon qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Mamlakatda elektr ta’minotidagi barqarorlik va energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida 200 kWhʼgacha bo‘lgan elektr limiti va isitish mavsumida 500 m³, qolgan oylarda 100 m³ gaz limiti joriy qilingan. Shu miqdorgacha arzonlashtirilgan narxda to‘lov qilinadi. Undan ortig‘iga iste’molga qarab narx oshib boradi. Buni hamma bilib, o‘rganib, ko‘nikib bo‘ldi.
Biroq bu cheklovlar ayrim toifa aholi uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Mar oyida ham sovuqlar chekinmasligi, qorli va minus darajali tunlar davom etishi munosabati bilan prezident tomonidan mart oyi uchun ham gaz limitini uzaytirish topshirig‘i berilgani, hukumat mart oyida ham 500 m³lik limit joriy etdi. Bu albatta ko‘pchilik kutgan xayrli qadam bo‘ldi.
Hozircha bu faqat joriy yil uchun amal qiladimi yoki doimiy bo‘ladimi, degan savolga aniq javob yo‘q. Biroq bu faqat 2025 yil uchun taalluqli vaqtinchalik chora emas, kelgusi yillar uchun ham amal qiladigan yechimga aylanishi kerak.
Elektr energiyasidagi limitlar
Ayni paytda O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh ijtimoiy limit joriy qilingan. Agar iste’mol bu me’yordan oshsa, fuqarolar elektr energiyasini qimmatlashgan tarifda to‘lashadi.
Bu, ayniqsa, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda yashayotgan fuqarolar uchun adolatsiz holatdir. Chunki respublikaning ko‘plab hududlari, ayniqsa uzoq qishloqlar gazlashmagan. Aholida isitish yoki ovqat tayyorlash uchun elektrdan foydalanishdan boshqa imkoniyat yo‘q.
Shuning uchun elektr ta’minotiga bog‘liq hududlarda yoki ijtimoiy limit oshirilishi kerak, yoki to‘lovda 50 foizlik chegirma joriy qilinishi lozim.
Gaz limiti – kuz-qish mavsumi uchun yechim bo‘lishi shart
Tabiiy gaz bo‘yicha joriy yilda Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 1 oktyabrdan, qolgan viloyatlar va Toshkentda esa 1 noyabrdan 1 martgacha 500 m³ gaz limiti berilishi belgilangan.
Hukumatning mart oyi uchun ham bu limitni davom ettirish qarori to‘g‘ri va o‘rinli bo‘ldi.
O‘zi ilgari isitish mavsumi 15 oktyabrdan 15 aprelgacha amal qilib kelgan. Baza uchun shu muddatga asoslanish adolatdan bo‘lar edi. Hech kim ortiqcha gazni yoqib yubormadi, shundoq ham issiq kunlar bo‘lsa iqtisod qiladi. Chunki aholi uchun gazning narxi 1 apreldan boshlab 1 m³ uchun 1000 so‘m bo‘lmoqda. Hamma birdek iqtisod qilishga o‘tadi — bu aniq.
Xorazm va Qoraqalpog‘istondan boshqa hududlarda oktyabr oyida, barcha hududlarda aprel oyida hech bo‘lmaganda 250 m³ li limit joriy etilishi sovuq va salqin kunlarda gaz ta’minotidan hadiksiz foydalanishga imkon yaratgan bo‘lardi.
Qolaversa, sovuq kunlarda odamlar limitdan ortiq qimmat gazdan foydalanish (chunki 1 apreldan boshlab 100 m³ limitdan ortgan gaz narxi 1000 m³ gacha 1800 so‘m qilib belgilanmoqda) dan ko‘ra konditsioner yoki elektr isitgichlarni qo‘shib, elektr energiyasidan foydalanishni afzal ko‘rishlari, bu esa elektr ta’minotiga ortiqcha yuklama tushirishi ham mumkin.
Limit qoldig‘i kuyib ketmasligi kerak
Hozirgi amaliyotga ko‘ra, oy davomida ishlatilmagan ijtimoiy limit qoldig‘i kuyadi. Aytaylik, 200 kWh limit belgilangani holda oyda 150 kWh tok ishlatsangiz, 50 kWh kuyadi va keyingi oyga o‘tmaydi. Gazda ham shu ahvol.
Bu foydalanuvchilarni limitdan maksimal darajada foydalanishga majbur qiladi va energiyani tejashga imkon bermaydi.
Agar fuqaro 100/500 m³ gaz yoki 200 kWh elektr limitini to‘liq ishlatmagan bo‘lsa, uning qoldig‘i keyingi oyga o‘tishi kerak. Bu aholi uchun ham, ta’minotchilar uchun ham foydali bo‘ladi.
Masalan, dekabr oyida gaz va elektrdan unchalik ko‘p foydalanmagan insonlar yanvar oyida limitdan ko‘proq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu tizim iste’molchilarni tejamkorlikka ham undaydi.
Boshqa davlatlar tajribasi
Dunyoda ijtimoiy limit tizimi qator davlatlarda mavjud, biroq ularda O‘zbekistonnikidan farqli yondashuvlar qo‘llanadi:
- Qozog‘iston — aholining ijtimoiy himoyalangan qatlamlari uchun elektr va gaz narxlari davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
- Rossiya — ba’zi hududlarda ijtimoiy me’yor joriy qilingan bo‘lib, kam ta’minlangan aholiga belgilangan limitgacha arzon narx taklif qilinadi.
- Germaniya — energiyani tejashga rag‘batlantirish uchun aholi uchun oylik me’yorlar belgilangan, lekin ishlatilmagan limit keyingi oyga o‘tadi.
- Fransiya — oylik limit tizimi yo‘q, lekin ma’lum qatlamlar uchun davlat tomonidan to‘lov kompensatsiyalari taqdim qilinadi.
Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda ham elektr va gaz limitlarini kambag‘allik yoki aholiga qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan, six ham kabob ham kuymadigan qilib qayta ko‘rib chiqish zarur.
Muxtasar qiladigan bo‘lsak, hukumat tomonidan elektr va gaz uchun ijtimoiy limit joriy qilinishi, albatta, iqtisodiy asosga ega. Biroq bu cheklovlar aholining real ehtiyojlarini hisobga olgan holda takomillashtirilishi kerak.
Quyidagi choralar amalga oshirilsa, bu tizim yanada samarali bo‘ladi:
- Elektr ta’minotida gaz yetib bormagan hududlarda limit 400 kWh etib belgilanishi (keyingi chegaralari ham uzaytirilishi) yoki to‘lovda 50 foiz chegirma joriy qilinishi kerak.
- Gaz ta’minotida limit butun mamlakatda 1 oktyabrdan 1 maygacha joriy qilinishi lozim. Bunda, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdan boshqa hududlarda oktyabr oyida 250 m³lik va aprel oyida barcha hududlarda yana 250 m³lik ijtimoiy limit joriy qilinsa, yaxshi bo‘lardi.
- Ijtimoiy limit qoldig‘i keyingi oylarga albatta o‘tishi kerak. Chunki tejamkor iste’molchilar rag‘batlantirilishi shart.
Energiya resurslaridan samarali foydalanish va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarur. Bunday islohotlar gaz va elektr ta’minotidagi barqarorlikni ta’minlabgina qolmay, aholi uchun ham qulaylik yaratishi lozim.
Shuhrat Shokirjonov
Mavzuga oid

12:24 / 24.03.2025
Gaz, svet va suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilish tartibi bekor qilindi

15:36 / 20.03.2025
21−22 mart kunlari elektr energiyasi uchun onlayn to‘lov qilishda uzilishlar bo‘ladi

20:30 / 18.03.2025
Toshkent viloyatida 29 ta kichik va mikro GES quriladi

20:50 / 16.03.2025