O‘zbekiston | 15:24 / 28.02.2025
5028
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yanvarda gaz eksportini 9 foizga oshirdi

2025 yilning yanvar oyida 21,8 mln dollarlik gaz eksport qilindi, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga ko‘p. Bundan 5 yil oldin, 2025 yildan boshlab gaz eksporti to‘xtatilishi reja qilinayotgani aytilgandi.

O‘zbekiston 2025 yilning ilk oyida 21,8 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qildi. Bu – o‘tgan yil yanvariga nisbatan 9 foizga ko‘p. Bu haqda Statistika agentligiga hisobotida keltirib o‘tilgan.

Shuningdek, yanvarda neft, neft mahsulotlari va shunga o‘xshash materiallar eksporti o‘tgan yilga nisbatan 48,2 foizga o‘sib, 30,2 mln dollarni tashkil qildi. Bundan tashqari, o‘tgan oyda 17,2 mln dollarlik elektr toki ham eksport qilindi.

Rasmiy statistikaga qaraganda, O‘zbekiston ichki bozordagi talab qondirilmayotgan sharoitda tabiiy gaz eksportini davom ettirayotgani e’tiborli.

Pandemiya bilan o‘tgan 2020 yilda 478 mln dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, 2021 yilda 717 mln dollarlik, 2022 yilda 911 mln dollarlik gaz sotilgan. O‘zbekiston ilk marta tabiiy gazning netto importyoriga aylangan 2023 yilda 530 mln dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan. 2024 yilda bu raqam 628 mln dollargacha oshgan.

Bundan 5 yil oldin, 2020 yil yanvarida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlagan bosh vazir Abdulla Aripov 2025 yilgacha O‘zbekiston tabiiy gaz eksportini to‘xtatishni rejalashtirayotganini aytgandi.

“2025 yilgacha O‘zbekiston tabiiy gaz eksportini to‘xtatish, uni o‘zimizda to‘liq qayta ishlash ishlash, shuningdek qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralarini ko‘radi”, degandi hukumat rahbari.

Kun.uz hukumatning 2025 yildan boshlab gaz eksportini to‘xtatishga oid rejasi hali ham o‘z kuchidami degan savol bilan bosh vazir va Energetika vazirligi matbuot xizmatlariga so‘rov yubordi, ammo bir necha kundirki javob bo‘lmadi.

Mavzuga oid