«Nevaram bilan birga o‘qidim» – 71 yoshida bakalavr darajasini olgan ayol hikoyasi

Jamiyat 14:11 / 01.07.2023 24211

Chinnigul Do‘stxo‘jayeva 71 yoshda. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida o‘qib, bakalavr darajasini oldi.

“Oilam uchun o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lgandim”

Taxtako‘pir tumanida tug‘ilganman. Keyin Xo‘jayli shahriga ko‘chib ketganmiz. Chunki mendan oldin 7 nafar farzand nobud bo‘lgan. O‘sha paytda ota-onamga “bir daryo nariga ko‘chib ketinglar, bo‘lmasa, bu farzandingiz ham o‘ladi” deyishgan. Ota-onam bir daryo emas, uch daryo uzoqroqqa – Xo‘jayli tumaniga ko‘chib ketishgan.

1970 yil boshlarida texnikumda akusher ginekologlikka o‘qidim, lekin bu kasb bo‘yicha ishlamadim. San’atga qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun televideniye, radio, ansamblda qo‘shiqlar aytardim. Efirga qo‘shiqlarni o‘zim tayyorlab chiqardim. Shunday qilib, televideniyeda qo‘shiqlarimni aytib yuraverdim, 1979 yil Toshkentga qarab ketdim, san’at texnikumiga o‘qishga kirdim.

O‘qishni bitira olmadim, 2 yil o‘qib, o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lganman. 1981 yil qizim 7 sinfda o‘qir, o‘g‘lim 1,5 yashar edi. Onam va turmush o‘rtog‘im o‘qishimni xohlashmadi. Oilam uchun o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldim: o‘g‘lim betob, bolalarimga g‘amxo‘rlik qilishim kerak edi.

“Bir kun ham o‘qishni qoldirmaganman”

Bir necha yil oldin o‘qishni davom ettirishga qaror qildim. Oliy ta’lim vazirligiga borib tashlagan o‘qishimni davom ettirish niyatida ekanimni aytdim. “Istalgan o‘qishingizda o‘qishingiz mumkin, hech qanday cheklov yo‘q” deyishdi. Madaniyat institutiga borib, hujjatlarimni so‘radim, 3 kunda ularni topib berishdi. Ular ham “istalgan o‘qishingizga kirib o‘qishingiz mumkin, yoshingizning ahamiyati yo‘q” deyishdi.

Shundan keyin San’at va madaniyat instituti Nukus filiali rektorining oldiga kirdim. Rektor “imtihondan o‘tsangiz olaman, bo‘lmasa olmayman” dedi. Avgust oyining boshida ijodiy imtihon topshirdim. Ansamblda uzoq ishlaganim uchun yetarli tajriba va bilimim bor edi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim.

Institutdagilar “sentabrdan o‘qishga kelavering, o‘qishga kirdingiz” deyishdi. Sentyabrda o‘qishga borsam, dekanat mendan sirtqi ta’limda o‘qiysizmi yoki kunduzgidami deb so‘radi. Men kunduzgi ta’limda o‘qishni xohladim. Qizim, o‘g‘lim va nevaralarimning barchasini o‘qitdim. Endi o‘zim ham o‘qishni xohladim. Har kuni ertalab 8:00da o‘qishga borib o‘tirardim, barcha imtihonlarni 4-5ga topshirganman, bir kun ham o‘qishni qoldirmaganman.

Ilm olishning erta-kechi bo‘lmaydi, qarisanmi, yoshsanmi – ilm olishga bel bog‘lash kerak. Men qariman deb o‘tirmadim, o‘qituvchilardan ayashni so‘ramadim, darslarda ham a’lo qatnashdim.

“Yoshlar hayratlanib qarashardi, shu yoshida o‘qib nima qiladi deb”

Qizig‘i shuki, men nevaram – o‘g‘limning qizi Mehribon bilan bir kursda, bitta guruhda o‘qidim. U 23 yoshda. Kursdoshlarim ham nevaram tengi. O‘rganib ketish juda qiyin bo‘ldi. 22-23 yoshdagi yoshlar bilan bir guruhda, bir kursda o‘qiyman. Yoshlar 70 yoshida o‘qib nima qilarkan deb hayratlanib qaraydigan hollar juda ko‘p bo‘ldi. Insonda bir armon bo‘lsa, shu armonidan qutulmaguncha tinchimas ekan. O‘qish orzum edi, butun umrga armon bo‘lmasin deb o‘qidim va buni uddaladim. Vaqtida o‘qiy olmadim, men ham bir diplom olay, oliy ma’lumotli bo‘lay degan maqsadim bor edi.

“Yolg‘iz ona bo‘lishimga qaramay, farzandlarimni o‘qimishli qildim”

Hozir 8 nafar nevaram bor. Yolg‘iz ona bo‘lishimga qaramay, barini o‘qimishli qildim. Qizim pedagogika-psixologiya fanidan universitetda dars beradi, 25 yillik pedagog. O‘g‘limni ham o‘qitdim, u pedagogika institutining tarix fakultetini tugatgan.

Sekin-asta nevaralarimning ham barchasini o‘qimishli qilishga harakat qilyapman, Bir nevaram shifokor, tez yordamda ishlaydi. Yana biri men bilan birga san’at sohasini bitirdi. Biri esa Qozog‘istonda o‘qiydi. Axborot texnologiyalar sohasida universitetda o‘qiyotgani ham bor. Qolganlari hali maktabda.

“Shogirdlar tayyorlashni va magistraturada ham o‘qishni xohlayman”

Yana o‘qigim kelyapti, oldimga qo‘ygan rejalarim bor. Avgust oyida magistraturaga topshiraman, Hozir magistraturaga kirish uchun til sertifikati kerak. Bu talab esa meni cho‘chitmayapti. Turk tilini bemalol o‘rganib sertifikat olishimga ishonaman. Bizning vaqtlarda ingliz tili o‘qitilmas edi, shu sababli ingliz tilini noldan o‘rgana olmasligim mumkin.

Shogirdlar tayyorlasam deyman. Ortimda izdoshlarim qolishini orzu qilaman. Qoraqalpoq xalq kuylari, folklorlarini ularga o‘rgatsam, shogirdlarim shogirlariga o‘rgatsa, milliyligimizni saqlab qolishsa deyman. O‘zbekistonimga xizmat qilsam deb orzu qilaman. Nafaqaxo‘rman, yoshlarga teng bo‘lolmayman deb o‘ylab o‘tirmayman.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: