2023 yil 17 iyun kuni 30 yoshli M.Sh. (ayol) Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘ining nomiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.
U shu kuni soat 09:00 larda, noma’lum shaxs uning yashab kelayotgan Toshkent shahri Chilonzor tumani 19-mavzesida joylashgan xonadoniga erkin ravishda kirib, javon ichida bo‘lgan o‘ziga tegishli 6102 AQSh dollari miqdoridagi naqd pullarni hamda umumiy narxi 3600 AQSh dollari bo‘lgan 1 dona bilak uzuk va 1 dona tilla uzugini o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni ushbu xonadonda enaga bo‘lib ishlab kelayotgan 36 yoshli R.Z. (ayol) 16 iyun kuni xonadonda hech kim bo‘lmaganidan foydalanib, xonadon egasining yotoqxonasida joylashgan javon ichida bo‘lgan pullarini va tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlagani aniqlangan. Tergov jarayonida undan ashyoviy dalil tariqasida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan taqinchoqlari, 2500 AQSh dollari rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, ayol o‘g‘irlangan pul mablag‘larining bir qismini, ya’ni 22,7 mln pullarni milliy valutaga aylantirib, o‘zining bank plastik kartasiga tushirib olgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan R.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha R.Z. ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.