Jahon | 00:29 / 17.04.2025
3733
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada davlatga xiyonat uchun sudlanganlar soni SSSR davridan beri rekord ko‘rsatkichga chiqdi

RFda o‘tgan yili davlatga xiyonat va josuslik uchun qariyb 170 kishi sudlangan. Shuningdek, maxfiy ravishda chet el davlatlari bilan hamkorlik qilishda ayblanganlar soni 10 baravarga oshgan.

Photo: Moscow Agency

Rossiyada 2024 yilda 145 kishi davlatga xiyonat (RF Jinoyat kodeksining 275-moddasi) ishlari bo‘yicha sudlandi. Bu haqda Sud departamenti ma’lumotlariga tayanib, «Vajniye istorii» xabar berdi

Qayd etilishicha, bu 2023 yilgi ko‘rsatkichlardan to‘rt barobarga ko‘p va zamonaviy Rossiya tarixidagi barcha ko‘rsatkichlardan yuqori.

Sudlar bir yil davomida 23 nafar rossiyalikni josuslik (Jinoyat kodeksining 276-moddasi) uchun jazoga hukm etgan — bu 2023 yilga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p. Yuqoridagi ikki modda bo‘yicha sudlangan shaxslar soni qo‘shiladigan bo‘lsa, Rossiya sudlari o‘tgan yili kunora bir kishini «xiyonat» uchun qamoqqa hukm etgan. 

Maxfiy ravishda chet el davlatlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha sudlanganlar soni 10 baravarga oshgan — o‘tgan yili ushbu modda asosida 21 nafar rossiyalik aybdor deb topilgan. Mazkur moddaning o‘zi Jinoyat kodeksiga Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlanganidan so‘ng kiritilgan.

Bundan tashqari, davlat sirlariga oid moddalar bo‘yicha jazoga tortilganlar soni ham oshgan. O‘tgan yili ushbu moddalar bo‘yicha 209 kishi sudlangan — bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p.

RTVI e’lon qilgan statistikaga ko‘ra, o‘tgan yil davomida josuslik moddasi bo‘yicha kamida 28 kishi sudlangan. Ularning 18 nafari Ukraina fuqarosi, 7 nafari rossiyalik, 2 nafari esa AQSh fuqarosi.

2024 yil dekabrda Vladimir Putin FXXdan Rossiyada xoinlarni aniqlash bo‘yicha ishini kuchaytirishni talab qilgandi. «Chet el maxsus xizmatlari faoliyatini tezda to‘xtatish, qo‘poruvchilik va terrorchilik harakatlarini uyushtirayotganlarga qarshi faol kurash olib borish, josus va xoinlarni aniqlash zarur», — degandi u Xavfsizlik xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatida.

Mavzuga oid