Jamiyat | 14:52 / 24.03.2025
3109
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yosh qizaloqni muttasil kaltaklab kelgan enaga ozodlikdan mahrum qilindi

Tojikiston fuqarosi bo‘lgan 41 yoshli ayol savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi shaxsning uyida enagalik qilgan. U yosh qizaloqni muttasil ravishda kaltaklab kelishdan tashqari o‘g‘rilikka ham qo‘l urgan: 2 yil davomida savdodan tushgan pullarni sanashish bahonasida 118 mln so‘mni o‘margan. Uy egasi yashirin kamera qo‘yish orqali enaganing qilmishlarini fosh etgan.

Foto: iStock / Evgenyatamanenko

Toshkentda yosh qizaloqni muntazam ravishda kaltaklab kelgan hamda o‘g‘rilik qilgan enaga jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 1981 yilda tug‘ilgan, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan S.X. Toshkent shahrida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi M.R.ning uyida 2 yil davomida enagalik qilib kelgan. U ushbu davrda xonadon egasi uyga savdo pullarini olib kelgan vaqtida uning chalg‘iganidan foydalanib, har safar 1-2 mln so‘mdan yashirib qolavergan. Enaga o‘g‘irlagan pullar miqdori jami 118 mln so‘mga yetgan. 

Bundan tashqari, S.X. muttasil ravishda M.R.ning 2022 yilda tug‘ilgan qizini kaltaklab kelgan. Ayol tanasining turli qismlariga urgan holda qizaloqqa tan jarohati yetkazgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qizaloqda “o‘ng jag‘ osti sohasi, o‘ng son yuqori uchligi old sohasi, chap son yuqori uchligi old yuzasida qontalashlar” aniqlangan hamda bu tan jarohatlari qattiq o‘tmas jism ta’sirida yetkazilgan.   

Enaga sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, qizaloqni asabini ko‘p buzganligi sababli urganini aytgan. Shuningdek, u o‘g‘irlagan pullari miqdori 118 mln so‘m emas, 8 mln so‘m atrofida ekanligini bildirgan. 

“2022 yilda ushbu xonadonda xizmatkorlik va enagalik qila boshladim. Uy egasi bu xizmatlarim uchun 2,5 mln so‘m oylik ish haqi berardi. Ikki bolaga qarab, uy ishlarini qilardim. Uy egasi soat taxminan 18:00 lar atrofida bozordan kelardi. U uyga kelganidan so‘ng yon sumkasida kunlik savdo pullarini olardi. Ushbu pullarni taxlab sanashda unga yordamlashib turardim. O‘zimga biror narsa olish maqsadida o‘g‘rilik qilish maqsadi paydo bo‘ldi. 2022 yildan boshlab uy egasining savdo qilgan pullaridan ma’lum miqdorda o‘g‘rilik yo‘li bilan olib turdim. 

Uy egasining kichik qizi asabimni ko‘p buzganligi uchun qo‘lim bilan doimiy ravishda bosh, qorin va tana qismiga urardim. Bir necha marotaba uning boshiga qo‘limda bo‘lgan telefon yoki televizorning pulti bilan urganman”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.

Jabrlanuvchining sudda bildirishicha, u puli kamayib qolayotganligini sezgan va enagani sinab ko‘rishni maqsad qilgan. U kunlik savdoda tushgan pulni bozorda sanab ko‘rib, miqdorini bilgan holda uyiga olib borgan va pullarni sanab, taxlab qo‘yishni enagaga topshirgan. S.X. esa pul miqdoriga qarab, 500 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha yashirib qolavergan.

Bundan tashqari, uy egasi xonadonga yashirin kamera o‘rnatgan. Bu orqali enaga kichkina qizini muntazam urib kelishini hamda savdo pullaridan yashirib olib qolayotganini fosh etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining hukmi bilan S.X. Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi “v” bandi va 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, S.X.dan jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zararni undirish belgilangan. Ayolga nisbatan qo‘llangan shaxsiy kafillik tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olingan.

Mavzuga oid