Uydan ishlash imkoni, 4 kunlik ish haftasining reallashuvi – dunyo 2023 yilda qanday sharoitlarda ishlaydi?

Jamiyat 12:15 / 24.12.2022 19637

Tahlilchilar kelayotgan 2023 yilda ishchilarni qanday ish sharoitlari kutayotgani haqida materiallar e’lon qilishdi.

Uyda ham ishlash mumkin

Pandemiya sabab joriy etilgan lokdaunlar davrida masofaviy, gibrid (ham ofisdan, ham masofadan ishlash) ish shakllari ommalashib ketdi. Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda 58 foiz amerikaliklar hech bo‘lmasa bir kun uyidan turib ishlash imkoniga ega bo‘lgan, 38 foizi esa har kuni ishga borishi shart bo‘lmagan.

Garchi bu usulda ishlashning ijtimoiy ta’sirini baholashga hali erta bo‘lsa-da, dastlabki hisobotlar bunday moslashuvchan grafiklar ishchilar kayfiyati yaxshilanishiga, mahsuldorlik oshishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Adobe Stock

Biroq bu o‘ziga xos muammolarni ham keltirib chiqaradi. Kompaniyalar xodimlari bilan korporativ tarzda bog‘lanish mumkin onlayn platformalarni va ularning xavfsizligini o‘rganib chiqish bilan mashg‘ul bo‘lishi kutilyapti.

Ofisda bo‘lmaslik xodimlarning jamoasi bilan kam muloqotda bo‘lishiga, kompaniya madaniyatidan kamroq xabardor bo‘lishlariga sabab bo‘ladi. Shuning uchun kompaniyalar biznes va xodimlar manfaatini birday o‘ylagan holda gibrid va masofaviy ish amaliyotidan foydalanishlari kerak bo‘ladi. Xodimlarning esa ishga har kuni qatnamaslik hisobiga transport xarajatlari tejaladi, lekin doimiy uyda bo‘lish bilan energiya xarajatlari oshadi.

Majlislar virtual bo‘ladi

Keyingi yil tashkilotlarda metavers ta’siri sezilarli bo‘ladi. Metavers – virtual reallik platformasi bo‘lib, unda insonlar avatar (shaxsning onlayn dunyo uchun o‘zi yasaydigan varianti) orqali harakatlanish mumkin. Bunday platformalarda korporativ majlislar o‘tkazilishi, muhokamalarni amalga oshirishi mumkin. Buning uchun Meta’ning (sobiq Facebook) ish atmosferasini beradigan Horizon platformasidan foydalanish mumkin. 

Horizon platformasi

Bundan tashqari, Nvidia’ning Omniverse platformasi, Microsoft kompaniyasining Mesh platformasi ham shunga o‘xshash imkoniyatlarni taqdim etyapti. Pandemiya davrida ommalashgan Zoom dasturi ham o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Reallikdan ko‘ra virtual hayotga ko‘proq o‘rganib borayotgan sharoitimizda 2023 yilda kompaniyalar ham yig‘ilishlarni virtual ko‘rinishda o‘tkazish variantini ko‘proq ma’qul ko‘rishi mumkin.

Uyda ishlaydigan xodim nazorat qilinadi

Xodimlar uydan ishlashi mumkin bo‘lgach 2023 yilda kompaniyalar oldida ularning ish vaqti ishda bo‘lishini nazorat qilish vazifasi ham paydo bo‘ladi. Bunda turli videokuzatuv dasturlaridan foydalaniladi. Xodimlarni nazorat qilish dasturlari hozir bozori chaqqon sohaga aylanyapti. Ular ishchilarning ishlayotganidan tashqari tanaffus qilib turishi, vaqti-vaqti bilan o‘rinlaridan turib olishlarini ham eslatib turadi.

Lekin bunday dasturlarga e’tirozlar ham yo‘q emas. Masalan, Niderlandiyada o‘tgan sudlardan birida uydan ishlayotgan xodimdan kamerani yoqib qo‘yishni talab qilish inson huquqlarining buzilishi deb topilgan.

E’tirozlarga qaramay masofadan ishlash varianti bor ekan, kompaniyalar xodimlarni nazorat qilish dasturlariga ham ko‘proq e’tibor qarataveradi.

4 kunlik ish haftasi reallikka aylanyapti

Tarixda ish haftasi texnologiyalar taraqqiy etishi bilan qisqarib borgan. Texnologiya insonga yordam bermagan paytda odamlar dam olishsiz ishlashgan, keyin bir kunlik, so‘ng ikki kunlik dam olish an’anasi amalga kiritilgan. Hozir esa rivojlangan dunyo to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘ryapti.

4 kunlik ish haftasi nima degani? Bunda ish soati o‘rtacha 40 soatlik me’yordan 32 soatga tushiriladi. Lekin bu xodimga to‘lanadigan maosh va ishxonaning umumiy foydasi pasayishiga xizmat qilmaydigan qilib amalga oshirilishi kerak. 4 kunlik ish haftasi bo‘yicha qilingan tahlillar xodimlar ko‘proq soat ishlashi qaytaga ularning samaradorligi tushib ketishiga sabab bo‘lishini aniqlamoqda.

Xodimlarga 3 kunlik dam olish jumadan yakshanbagacha berilishi mumkin yoki ish sharoitiga qarab haftaning istalgan bir kunida ta’til berilishini amalga oshirish mumkin.

2023 yilda 5 kunlik ish haftasidan 4 kunlikka o‘tish faollashishi mumkin. 2022 yilda Angliya, Belgiya, Islandiya va Shvetsiyada 4 kunlik ish haftasi bo‘yicha eksperimentlar o‘tkazib ko‘rildi. Keyingi yil bunday tadqiqotlar AQSh, Shotlandiya, Kanada, Irlandiya, Yangi Zelandiyada o‘tkazilishi reja qilingan.

Britaniyada eksperimentda qatnashgan kompaniyalarning 86 foizi 4 kunlik ish tizimini ma’qullagan. Ularning xodimlari ish unumdorligi va maoshlarini o‘zgarishsiz saqlab qolgan holda 4 kun ham ishlay olishlari mumkinligini ko‘rsatishgan. Ishdagi ortiqcha vaqt sarflashlar kamaygani sezilgan. Xullas, 2023 yilda 4 kunlik ish haftasi atamasi ancha faollashishi kutilyapti.

Siz 2023 yilda qanday sharoitda ishlashni xohlagan bo‘lardingiz? 

Ko‘proq yangiliklar: