Jamiyat | 12:16 / 29.03.2025
8783
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar ishlash uchun Yevropaning qaysi davlatlariga ko‘proq boryapti?

2024 yilda xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar soni 6,2 mln kishini tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 29 foizga ko‘p. Shuningdek, o‘tgan yilda pul o‘tkazmalari miqdori ham keskin oshib, qariyb 15 mlrd dollar bo‘lgan. Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston rezidentlari soni 95 ming kishiga yaqinlashgan bo‘lsa, Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishlash uchun berilayotgan vizalar miqdori 2021-2023 yillar oralig‘ida 7,4 barobarga oshgan.

Foto: AP

Markaziy bank o‘zbekistonlik mehnat migrantlari oqimining dinamikasiga oid hisobotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda aholining tashqi mobilligi sezilarli darajada oshgan. Bu o‘sishni, bir tomondan, xorijga chiqqan fuqarolar umumiy soni 6,2 mln kishini (asosan qarindoshlarni yo‘qlash, turistik va boshqa maqsadlar uchun) tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 29 foizga oshganida, boshqa tomondan pul o‘tkazmalari oqimi dinamikasida kuzatilgan yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarida (2023 yilga nisbatan 30 foizga oshib, 14,9 mlrd dollarga yetgan) ko‘rish mumkin.

So‘nggi yillarda migratsiyaning sezilarli o‘sishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, jumladan, Polsha (YeIga berilgan vizalarning 21 foizi), Litva (17 foiz), Germaniya (16 foiz) va Latviyada (7 foiz) kuzatilgan.

Buyuk Britaniya tomonidan mehnat muhojirlariga bo‘lgan mavsumiy talab ham saqlanib qolyapti. O‘zbekiston fuqarolariga berilayotgan mavsumiy vizalar barcha mavsumiy berilgan vizalarning qariyb 13 foizini tashkil etgan. Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga 2021 yilda 556 ta, 2022 yilda 4228 ta, 2023 yilda esa 4094 ta viza berilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreyaga umumiy migratsion oqim ham oshib boryapti.

2024 yilda makroiqtisodiy vaziyatning bosqichma-bosqich barqarorlashuvi fonida Turkiyaga migratsiya oqimi ko‘paygan. Buni O‘zbekiston fuqarolariga berilgan ruxsatnomalar (Residence Permit) oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, 2024 yilda iqtisodiy noaniqliklarning nisbatan kamayishi fonida doimiy bo‘lmagan migratsiya darajasi asta-sekin pasayib borib, bu migrantlarning uzoqroq muddat ishga joylashishga tayyorligini ko‘rsatadi.

«Umuman olganda, mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishlari Qozog‘iston va Rossiya bo‘lib qolmoqda. Pul o‘tkazmalarining joriy dinamikasini, shuningdek, boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (valuta kursi, ish haqi) bo‘yicha so‘nggi tendensiyalarni hisobga olgan holda ushbu mamlakatlarga mehnat muhojirlari oqimi nisbatan barqaror darajada saqlanib qolmoqda», deyiladi MB sharhida. 

Mavzuga oid