Jahon | 13:49 / 20.03.2025
3283
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa davlatlari Istanbul meri qo‘lga olinganini qoralab chiqdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok Akrom Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishini «Turkiyadagi demokratiyaga jiddiy zarba» deb atadi. Parij va Afina Istanbul merini qo‘llab-quvvatladi. Istanbulda yuzlab kishilar namoyishga chiqdi.

Foto: Francisco Seco/AP/picture alliance

Germaniya hukumati Turkiyada taniqli siyosatchi, Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li va boshqa ko‘plab turk muxolifatchilari qo‘lga olinganini qat’iy qoraladi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok buni «Turkiyadagi demokratiyaga jiddiy zarba» deb baholadi. 19 mart, chorshanba kuni Livan poytaxti Bayrutda u shunday dedi: "Biz muxolifatdagi siyosatchilar uchun joy tobora kichrayib borayotganini aniq ko‘ryapmiz".

Berbok saylangan vakillarning huquqlarini hurmat qilish «huquqiy davlat faoliyatining markaziy sharti» ekanligini ta’kidladi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishini siyosatchiga nisbatan kuchaygan huquqiy tazyiqlar qatoridan biri deb atadi va Anqara Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod ekani, shuningdek, Yevropa Kengashi a’zosi sifatida demokratiya va qonun ustuvorligining asosiy tamoyillariga amal qilish majburiyatini olganini eslatdi.

Yevropa Ittifoqi Anqarani qonuniy me’yorlarga rioya qilishga chaqirdi 

Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishi va yil boshidan beri amaldorlar, faollar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillari va jurnalistlarning ta’qib qilinishi Turkiyaning o‘zining uzoq yillik demokratik an’analariga sodiqligi haqida savollar tug‘dirmoqda, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.

Bryussel Turkiya hukumatini to‘liq shaffoflikni ta’minlashga va barcha qonuniy tartiblarga rioya qilishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat va Yevropa Kengashining uzoq yillik a’zosi sifatida Turkiya eng yuqori demokratik standartlarni qo‘llashga majbur, deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid