Jahon | 14:50 / 07.04.2025
1970
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya muxolifati Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishlarni davom ettiradi

O‘zg‘ur O‘zel namoyishlarni davom ettirishga va’da berdi. Muxolifat prezidentlik saylovlarini «noyabrdan kechiktirmay» o‘tkazishni talab qilmoqda.

Foto: AP

Turkiyaning eng yirik muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi rahbari, 50 yoshli O‘zg‘ur O‘zel partiya har haftaning dam olish kunlari turli shaharlarda Istanbul sobiq meri, navbatdan tashqari saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan Akrom Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishlari tashkillashtirishini ma’lum qildi. O‘zel 6 aprel, yakshanba kuni partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida nutq so‘zladi.

Bundan tashqari, Respublika xalq partiyasi har chorshanba kuni kechqurun Istanbulning turli hududlarida mitinglar o‘tkazadi, deya aniqlik kiritdi Reuters.

Respublika xalq partiyasining navbatdan tashqari qurultoyi rasmiylar 2023 yilgi qurultoy paytidagi qonunbuzarliklar bo‘yicha prokuratura tekshiruvi paytida ishonchli shaxsni tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilganidan keyin chaqirildi.

Imomo‘g‘li qo‘lga olinganidan keyin bir hafta ichida partiya har kuni kechqurun Istanbul munitsipaliteti binosi oldida katta mitinglar o‘tkazdi va o‘tgan hafta oxirida shahar tumanlaridan birida katta namoyish tashkillashtirdi.

O‘zel yana partiya raisi etib saylandi. Dpa axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi 1276 delegat ovozidan 1171 tasini olgan. Respublika xalq partiyasi yetakchisi, shuningdek, Turkiyada muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini joriy yilning noyabr oyidan kechiktirmay o‘tkazish taklifini takrorladi, deya aniqlik kiritdi AFP.

Respublika xalq partiyasi Imomo‘g‘li uchun ozodlik va erta saylovlar o‘tkazish talabi bilan ramziy imzo to‘plash kampaniyasini boshladi.

Mavzuga oid