Kuchli ayollarni ko‘rganda havas qilamiz. Lekin ojiza qilib yaratilgan nozik xilqat vakiliga kuchli bo‘lish qanchalar og‘ir ekani haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Filologiya fanlari doktori, 6 marta “Oltin qalam”, “Yil jurnalisti” kabi qator mukofotlar sovrindori, jurnalist, ekolog Nargis Qosimova bilan o‘zini osmoqchi bo‘lgani, ajrashganini bir yildan so‘ng bilgani, bolalarini yolg‘iz oyoqqa qo‘ygani haqida suhbatlashdik.
Bolaligim juda yaxshi o‘tgan. Qiz bola uyda o‘tirishi kerak, o‘qib nima qilasan, ertaga turmushga chiqasan, degan gaplar oilamizda mutlaqo bo‘lmagan. Doim qiziqish, istaklarimizni hurmat qilib, qo‘llab-quvvatlashgan. Oilamizda qiz bolaga ham, o‘g‘il bolaga ham shaxs sifatida qaralgan.
Hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirganman. Bir vaqtning o‘zida “Jizzax haqiqati”da ish boshlaganim aynan jurnalistikaga qadam qo‘yishimda katta maktab bo‘lgan.
Ikkinchi kursda O‘zMUning o‘zbek guruhlariga Moskvada o‘qish uchun tanlov bo‘lardi. Shundan o‘tib o‘qishimni Moskvada davom ettirganman. Bunda ota-onam menga qarshilik qilishmagan. Aksincha, dadam o‘zlari olib borib, meni yotoqxonaga joylashtirib kelganlar.
1997 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildim. Turmushga chiqdim. Afsuski, men kelin bo‘lib borgan oilada ayolga boshqacha munosabatda bo‘lishardi. Ayol kishiga shaxs sifatida qaralmasdi.
Sevishib turmush qurgan bo‘lsak ham, turmush o‘rtog‘im meni tushunmadi. Doimiy ravishdagi janjallar, kaltaklarga qaramay men oilamizni saqlab qolishga harakat qilardim.
Bu ayol kishi uchun judayam qiyin. Hech bir ayol turmushim buzilsin demaydi, faqatgina o‘ziga inson sifatida ozgina e’tibor, mehr talab qiladi. Uni ham odam o‘rnida ko‘rishlarini xohlaydi. Balki moddiy boylikka o‘ch ayollar ham bordir. Lekin ozginagina o‘qigan, ilm, bilimga intilgan ayollar unday bo‘lmaydi. Tinch va baxtli hayot kechirishni xohlaydi.
Janjallar tushunmovchilikdan kelib chiqardi. Men inson sifatida o‘zimni realizatsiya qilishni istardim. Ishlagim kelardi. Turmush o‘rtog‘im ishlashimni istamasdi. Lekin ro‘zg‘orimizni ta’minlamasdi. Yosh bolalarim bilan och qolgan kunlarim ko‘p bo‘lardi. Ularni boqish uchun turli pishiriqlar, salatlar qilib sotgan kunlarim ham bo‘ldi.
Men oliy ma’lumotli bo‘laturib bunday yo‘l bilan pul topishim, bir tiyinga zor bo‘lishim mantiqqa to‘g‘ri kelmas edi. Shunday qilib ishga chiqishga majbur bo‘ldim. Bu ham janjallar uchun yana bir bahona bo‘ldi.
O‘rinsiz rashk, ishonchsizlik, kaltaklar meni ham jismonan, ham ruhan qiynardi. Oilada muhit shunday ediki, uka akasining xotinini urishi ham oddiy hol edi. Bitta men emas, ovsinlarim ham besabab kaltaklangan kunlari ko‘p bo‘lardi.
“Otangning o‘ligi ustida och qoldim”
Peritonit bo‘lib qoldim. Bu shunday kasallikki, qorin pardasining yallig‘lanishi bo‘lib, vaqtida davolanmasa o‘limga olib kelishi mumkin. 41 istima bilan o‘rnimdan turolmay qolganman. Ikkinchi farzandim ikki oylik chaqaloq edi. Yig‘laydi, turib qarashga ham yarolmaganman. Shu holimda ham turmush o‘rtog‘im bola qara deb meni kaltaklagan.
Shuning ustiga dadam kelib qoldilar. Zudlik bilan viloyat shifoxonasiga olib borib, operatsiya qildirganlar. O‘zlari ham shifokor edilar. Turmush o‘rtog‘im ham shifokor edi. Mutaxassis bo‘laturib shu holimda menga zug‘m qilganini dadam kechirolmadilar.
Operatsiya qilgan doktor bir soat kechikkaningizda o‘lim bilan tugar edi. Vaqtida yetkazib kelibsiz, dedi. Dadam u odam bo‘lmaydi, eringnikiga qaytib borma, dedilar. Lekin ayol kishi o‘zidan ko‘proq bolalarini o‘ylar ekan.
Bolalarim yetim bo‘lmasin, otasiz o‘smasin deb, tuzalganimdan so‘ng yana qaytib bordim. Otam vafot etgan kunlari otangning o‘ligi ustida och qoldim, deb do‘pposlagan kuni hayotim bo‘lmasligini tushunib yetdim. Yo‘q, bunday inson bilan yashab bo‘lmaydi.
“Ajrashganimni bir yildan keyin bilganman”
Lekin o‘shandayam ajrashmaganman. Bir yildan keyin bolamni maktabga berish uchun hujjatlarini so‘rab borganimda sen bilan ajrashganimizga bir yil bo‘ldi, deb ustimdan kulgan. Mening ishtirokim, xabarimsiz ajrashtirishgan.
Jizzax televideniyesida ishlardim. Bir kuni anchagina nufuzli odamdan intervyu olgani bordim. Intervyu tugaganidan so‘ng kimlardansiz deb so‘ragan. Kimligimni bilgach, erini dissertatsiyasini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan sizmisiz, degan. Anqayib qolganman. Axir erimni dissertatsiyasini o‘g‘irlab nima qilaman, hattoki sohalarimiz bir-biriga yaqin kelmaydi. Mana shunday gap-so‘zlar tarqatishgan.
Uyga kelib onam rahmatliga Jizzaxda yasholmayman, bolalarimga qarab bersangiz bo‘ldi, qiynalsam ham Toshkentga ketaman, deganman. Bir yil onam qaraganlar. Bolalarim hali kichkina edi. O‘g‘lim ichikib tez-tez kasal bo‘lib qolaverdi. Har hafta Jizzaxga borib kelishga majbur bo‘lardim.
“Vazirlikda tanishi bo‘lmasa, bolasi maktabda o‘qimaydimi?”
Toshkentda juda katta qarz ko‘tarib uy olganman. Olgunimcha ham ko‘p muammolar bo‘lgan. O‘sha payti “propiska”ga ro‘yxatga olinishim kerak edi. Pul bilan boshqa joydan ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘lganman.
Bir yildan keyin bolalarimni olib keldim. Ularni maktabga qo‘yish ham katta muammo bo‘lgan. Propiskang boshqa joyda deb maktabga olishmagan. Konstitutsiyada hamma ta’lim olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan, deb rosa tortishganman, foydasi bo‘lmagan.
Xalq ta’limi vazirligida kursdoshlarimdan biri ishlardi. Shunga aytib, telefon qildirtirganman. O‘shandan keyin direktorning o‘zi kelib nega aytmadingiz vazirlikda tanishingiz borligini, degan.
Vazirlikda tanishi bo‘lmagan odamning bolalari maktabda o‘qimaydimi? Dilxiralik bilan bo‘lsa ham bolalarimni o‘qishga joyladim. Xudoga shukur, yaxshi o‘qishdi. O‘qituvchilari ham yaxshi ta’lim berishgan. Hozirgacha ustozlaridan minnatdorman.
“Ish izlab rosa sarson bo‘ldim”
2004 yillar edi o‘shanda. Hamma narsa “propiska”ga borib taqalardi. Fan nomzodiman. Birinchi bo‘lib universitetlardan ish izlaganman. O‘zim o‘qigan jurnalistika fakultetiga borganman. Joy yo‘qligini aytishgan.
Ish izlab sarson bo‘lib yurgan kunlarim falsafa fakultetida dars beradigan kursdoshimni ko‘rib qoldim. Fan nomzodi bo‘lib yana rus tilini yaxshi biladigan mutaxassis ish izlab yuribdimi, deb rosa hayratlangan.
Yur bizning fakultetda rus tilida dars beradigan o‘qituvchilar kerak, deb dekanning oldiga boshlab borgan. Dekan Akbar aka meni umuman tanimasdi. Siz shunday ma’lumotingiz bilan ish izlab yuribsizmi deb rosa hayron bo‘lgan. O‘sha vaqtning o‘zida ariza yozdirib ishga qabul qilgan.
Falsafa meni yo‘nalishim emas edi. Shu sabab ikkinchi mutaxassislikka o‘qishga majbur bo‘lganman. Shunday qilib, 2009 yili falsafa fakultetini ham tamomlaganman.
Jurnalistik faoliyatning boshlanishi
Bir yildan so‘ng “Ma’rifat”, “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Halim Saidovni ko‘rib qoldim. Ularning taklifi bilan gazetada sharhlovchi, katta muxbir bo‘lib ishladim. Undan keyin O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida, “Sado”, “Region.uz” axborot agentligida faoliyat olib bordim.
2009 yildan boshlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida dars bera boshladim. Shundan beri o‘sha yerdaman. Ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha ko‘proq ish olib boraman. O‘zimning Ekolog.uz telegram kanalim, saytim bor. Yaqindagina Ekolog NNTni ochishga muvaffaq bo‘ldim.
“Bolaligimizni o‘g‘irladingiz”
3-4 ta joyda ishlaganim uchun bolalarimni nazorat qila olmasdim. Bolalarimning bo‘sh vaqtini qoldirmaslik uchun turli to‘garaklarga bergandim. Suzish, pianino, gitara, yakkakurash va albatta ingliz tiliga. O‘qishni xohlashmasdi. Men ularni majburlardim.
Ba’zida xafa bo‘lishgan. Siz bizni bolaligimizni o‘g‘irladingiz deb. Lekin keyin kechirim so‘rashgan. Juda qo‘rqardim, bolalarimga nimadir bo‘lishidan. 3-sinf qizim 1-sinf ukasiga qarashga majbur edi. Hozir o‘ylasam ham dahshatga tushaman. Ovqatlarini tayyorlab ketardim. Uni isitib berish ham qizimning bo‘ynida edi.
Xudoga shukur, ikkala farzandim ham hayotda o‘z yo‘llarini topishdi. Qizim O‘zDJTUda o‘qib, Xitoyga bir yillik grant yutib, o‘qishga borib keldi. Shanxayga magistratura bosqichiga o‘qishga kirgandi. Tobim bo‘lmagani sabab qaytib keldi va shundan so‘ng pandemiya boshlandi. Shu bilan ketolmay qoldi. Bu yil O‘zDJTUning tarjimashunoslik fakulteti magistraturasini tamomladi.
“To‘yib ovqatlandim”
O‘g‘lim beshta universitetga kirgan edi. Ularning ichidan Xitoyda o‘qishni tanladi. Yig‘ib-yig‘ib endigina mashina olgandim. Kontrakti, yo‘l xarajatlari, viza va boshqalar uchun mashinamni sotdim. O‘g‘limni Xitoyga jo‘natdim.
Borganidan so‘ng qiziq voqea bo‘lgan. Aya, bu yerda ingliz tili fakulteti yo‘q ekan, darslar faqat xitoy tilida bo‘larkan, deb qo‘ng‘iroq qilgan. Seni qaytarib olib kelishga pulim qolmadi, endi xitoy tilini o‘rganishga majbursan, deganman.
Boshida rosa qiynaldi. Lekin o‘rganib ketdi. O‘qishni bitirganidan so‘ng Xitoyga magistraturaga budjetga kirdi. Telefon qilib birinchi stipendiyangni oldingmi, nimaga ishlatding desam, rostini aytaymi, to‘yib ovqatlandim, deganida yig‘lab yubordim.
To‘rt yildan beri onam qiynalmasin, deb to‘yib ovqatlanishga ham pulini qiymay yurgan ekan. 4-5 joyda ishlab topganimni unga jo‘natishimni bilardi. Bir tomondan xursand bo‘ldim. Axir u o‘g‘il bola, oriyati, g‘ururi bo‘lishi kerak. Demak o‘g‘lim oila qurishga tayyor bo‘libdi, deb quvondim.
“Kuchli ayol bo‘lishni xohlamayman”
Hayot tashvishlaridan charchaganingda, muammolar girdobida qolganingda yoningda seni tushunuvchi inson bo‘lishi katta baxt! Hamma qayg‘ularni odamning o‘zi ko‘tarolmaydi. Ayol kishi uchun kuchli bo‘lish juda ham qiyin. Hech bir ayolga ravo ko‘rmayman, kuchli bo‘lishni.
Juda ham qiynalib ketganimda ikki marta o‘zimni osishga harakat qilganman. Vaqtida bolam uyg‘onib qolgan. O‘sha vaqtda miyamga urgan, bolalarim o‘zimdan boshqa kimga kerak, deganman. Bularning taqdiri mendan keyin nima bo‘ladi, degan o‘y kechgan.
Xudoga shukur, hayotda hamma narsaga erishdim. Lekin yana ko‘plab orzularim bor. Jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun oz bo‘lsa-da o‘z hissamni qo‘sha olsam men bundan xursand bo‘laman.
Charos Mannonova suhbatlashdi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.