Jaziramada muzdek suv yoki sharbat, albatta, jonning rohati. Sovitkichdan olib iste’mol qilingan sersuv meva-sabzavotlar ham tanamizga xush yoqishi tabiiy. Ayniqsa, bunday pallalarda muzqaymoqdan bosh tortish juda qiyin.
Mutaxassislar esa yoz chillasida shu kabi mahsulotlar iste’molidan tiyilib turishni maslahat berishadi. Bu o‘rinda gap faqat muzdek ne’matlarni tanovul qilib, tomoq yoki boshqa ichki a’zolarni shamollatib qo‘yishdagina emas.
SSV matbuot xizmati bu masalada tibbiyot fanlari doktori, professor Doniyor Alimovning fikrini so‘radi.
— Oqsilga boy mahsulotlarni hazm qilish uchun organizm o‘zidan juda ko‘p issiqlik chiqarishi kerak, — deydi u. — Bu jarayon tibbiyotda termogenez deb ataladi.
Sodda qilib tushuntiraman. Jaziramada bitta muzqaymoq yedingiz. Vujudingiz qizib turibdi. Endi tanangiz oshqozonga tushgan o‘sha muzday mahsulotni hazm qilishi zarur. Buning uchun, avvalo, uni normal haroratgacha qizdirishi kerak.
Bu jarayon esa organizmni zo‘riqtirishi barobarida, shundoq ham issiq tanada harorat oshishiga olib keladi. Oqibatda kuchli charchoq va lanjlik hissi yuzaga keladi. Bosh yoki yurak sohasida og‘riqlar paydo bo‘ladi.
Shu ma’noda, yoz chillasida xona haroratida suv ichish va taom iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Ba’zi mahsulotlar buyraklar faoliyati buzilishiga sabab bo‘lib, peshob ajratish jarayonini tezlashtiradi. Bu esa organizm suvsizlanishiga olib keladi. Tarvuz, mango, arpabodiyon, selderey, qushqo‘nmas shular jumlasidan.
Achchiq qalampir tarkibida kapsaitsin moddasi mavjud. U tanani bir muddat qizdiradi. Ammo jazirama paytida achchiq ovqat ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin.
Qolaversa, qalampir issiq paytda tanada kuchli terlashni hosil qiladi. Oqibatda organizm sezilarli miqdorda suv yo‘qotadi.
Shunday ekan, anomal issiq haroratda parhez qilish eng to‘g‘ri va oqilona chora.