Dunyoning ko‘plab shaharlari iqlim ta’siri ostida o‘z hududlarining haddan tashqari qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘proq daraxt ekish tashabbusi bilan chiqmoqda. Biroq bu harakatlar muammoni hal qilishda ko‘pchilik o‘ylagandek samarali bo‘lmasligi mumkin.
UNSW Sidney tadqiqotchilari Kay Gao, doktor Jyey Feng va ilmiy professor Matteos Santamuris olib borgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, daraxtlarning issiqlikni yumshatish borasidagi foydasi jaziramada sezilarli darajada susayadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, an’anaviy iqlim modellari jaziramada daraxtlarning sovitish qobiliyatini 60 foizga oshirib baholagan.
“Yashil infratuzilmani qo‘shish, ayniqsa daraxtlar ekish, shahar hududida issiqlikni kamaytirish uchun keng tarqalgan chora. Ammo tadqiqotimiz issiqlik to‘lqini paytida shahardagi haroratni yumshatish uchun daraxtlarda ayrim limitlar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu bilan daraxt ekish tashabbuslari issiqlikni kamaytirishda muhim rol o‘ynamaydi, deyish xato, lekin keng ko‘lamli daraxt ekish siyosatini diqqat bilan ko‘rib chiqish talab etiladi”, — deydi tadqiqot hammuallifi professor Santamuris.
Jaziramada sovitish uchun zarur transpiratsiya hodisasi sekinlashadi
Odatda, oddiy yoz sharoitida yashil infratuzilmaning haroratini pasaytirishga qo‘shadigan hissasi kun davomida 1-2°C ni tashkil qiladi. Bu jarayonning asosiy qismi transpiratsiya hodisasi tufayli yuz beradi. Transpiratsiya vaqtida daraxtlar bargi orqali suv bug‘ini chiqaradi, issiqlikni yutadi va atrofidagi havoni salqinlatadi.
Biroq daraxtlar namlikni saqlab qolish va tanasidagi ozuqaviy yelimni ushlab turish orqali suvsizlanishning oldini olish uchun issiqlik bosimi ostida ehtiyot choralarini ko‘radi. Bu esa transpiratsiya tezligini va natijada daraxtlarning sovitish qobiliyatini pasaytiradi – aynan mana shu hodisa hozirgi iqlim prognozlarida e’tibordan chetda qolgan.
Tadqiqot uchun mutaxassislar issiqlik to‘lqini paytida 700 dan ortiq daraxt turlarining transpiratsiyasidagi o‘zgarishlarni modellashtirish uchun global daraxt yelimi oqimini qayd etuvchi ma’lumotlar bazasidan foydalangan. Hodisani tasdiqlash maqsadida ular Sidneydagi evkalipt daraxtlar transpiratsiyasidagi o‘zgarishlarini o‘lchash uchun dala tajribasini ham o‘tkazdi.
Tadqiqotchilar namunadagi daraxtlarning uchdan ikki qismida haddan tashqari issiq sharoitda salqinlikni ta’minlash qobiliyati 60 foiz oshirib ko‘rsatilganini aniqladi.
“Daraxtlar 34°C atrofidagi limitga erishgandan so‘ng, tanasidagi yelim aylanishini kamaytirish orqali o‘zini himoya qilishga urinadi. Bu esa ularning transpiratsiya tezligini pasaytiradi, natijada atrof-muhitni sovitish qobiliyati sezilarli darajada kamayib, ayrim hollarda hatto issiqlik chiqarishga olib kelishi mumkin”, — deydi professor Santamuris.
“Daraxt ekish tashabbuslari issiqlikni kamaytirishda muhim rol o‘ynamaydi, deyish xato, lekin keng ko‘lamli daraxt ekish siyosatini diqqat bilan ko‘rib chiqish talab etiladi”
Professor Santamurisning aytishicha, qaror qabul qiluvchilar loyihalarda ishlatiladigan daraxtlarni tanlashda ularning turlari va harorat limitlariga ko‘proq ahamiyat berishi kerak. Haddan tashqari issiqda daraxtlar o‘zidan izopren kabi yuqori konsentratsiyali Biogen uchuvchi organik birikmalarni (BVOC) ham chiqarishi mumkin, ular atmosferani ifloslantiruvchi boshqa moddalar bilan o‘zaro reaksiyaga kirishganda havo sifatiga zarar yetkazishi mumkin.
“To‘g‘ri daraxt tanlanmagan holatda, nafaqat havo haroratini minimal darajada yumshatib bo‘lmaydi, balki sog‘liq uchun salbiy oqibatlar, jumladan, ifloslanishning oshishi xavfi ham mavjud”, — deydi professor Santamuris. “Bu esa issiqlikni yumshatish strategiyasini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi”.
Yetarlicha sug‘orishga bo‘lgan ehtiyoj
Shaharlardagi issiqlikni yumshatishda daraxtlardan foydalanish uchun suv ham juda muhim. Professor Santamurisning aytishicha, daraxtlarni sug‘ormaslik jaziramada ularning imkoniyatlarini cheklaydi.
“Daraxtlarni sug‘orish jiddiy masala, chunki shaharlar daraxtlardagi yuqori sovitish potensialini saqlab qolishi uchun zarur bo‘lgan katta miqdordagi chuchuk suvni ajratib berolmaydi”, — deydi professor Santamuris. “Demak, suvni boshqarish rejalari har qanday daraxt ekish strategiyasi uchun asosiy masala bo‘lishi kerak.”
Sidneyning shahar va shahar atrofidagi hududlari doimiy yashil keng bargli o‘rmonlar, ayniqsa evkalipt daraxtlari bilan mashhur, yaqindagina shahar ma’muriyati iqlim harorati ko‘tarilishiga qarshi kurashish uchun yana millionlab daraxt ekish masalasini muhokama qildi.
“Sidneyda ushbu daraxtlar kerakli sovitish ko‘rsatkichlarini namoyon qilishi uchun suvdan foydalanishni taxminan 20 foizga oshirishimiz kerak”, — deydi professor Santamuris. “Agar to‘liq miqyosli foydasiga erishmoqchi bo‘lsak, oqova suv yoki kanalizatsiya suvi kabi turli suvlardan foydalanish yo‘llarini ko‘rib chiqishimiz kerak, aks holda ular okeanga oqiziladi”.
O‘simlik fiziologlari yuqori harorat limitlariga ega genetik jihatdan o‘zgartirilgan daraxtlarni yaratish ustida ishlayotgan bo‘lsa-da, ular tabiiy daraxtlarga o‘rinbosar bo‘la olishi uchun kamida o‘n yil kerakligi aytilmoqda.
“Genetik modifikatsiya qilingan bunday daraxtlar 34 emas, 45 darajagacha limitga ega bo‘lishi mumkin, bu ularni haddan tashqari issiqlikka dosh berishga yanada moslashtiradi”, — deydi professor Santamuris. “Biroq bu harakatlarning aksariyati hali dastlabki bosqichda va taxminan 10 yilsiz ularni keng qo‘llashga erishilmaydi.”
Professor Santamurisning ta’kidlashicha, shaharlarda issiqlikni yumshatish bo‘yicha harakatlar, ayniqsa global harorat o‘sishda davom etayotgan bir paytda, eng so‘nggi ilmiy dalillarga asoslangan bo‘lishi juda muhim. Asr oxiriga kelib, shahar hududlarida o‘rtacha issiqlik to‘lqinlari 6°C gacha oshishi prognoz qilinmoqda.
“Ushbu tadqiqot shahardagi issiqlik muammosini shunchaki daraxt ekish orqali hal qilish mumkin deb hisoblaydiganlarni ogohlantirishi kerak. Bu unchalik oddiy emas.
Shaharlarda daraxt ekishga asoslangan har qanday sovitish siyosati ilm-fan bilan hisoblashishi kerak, aks holda katta sarmoya kerakli natijalar bermasligi va eng yomoni sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deydi professor Santamuris.