Kinematografiya agentligi Firdavs Abduxoliqov bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh berdi

O‘zbekiston 22:20 / 22.01.2022 27206

Kinematografiya agentligi Kun.uz e’lon qilgan “Sabriya” mashmashasi: Serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Maqolada seriallar bo‘yicha davlat buyurtmalari va subsidiyalarini olib kelayotgan “Sevimli” telekanali bu buyurtmalar va subsidiyalarni beruvchi tashkilot – Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqovning oila a’zolariga tegishli ekani haqida so‘z boradi.

Javob-bayonot “Sabriya” serialiga agentlikning aloqasi yo‘qligini ta’kidlashdan boshlanadi. Biroq aytish kerakki, Kinematografiya agentligi tanqidga qolgan serial buyurtmachisi emasligi Kun.uz maqolasida ham yozilgan.

Rasmiy munosabatda, shuningdek, seriallarga davlat buyurtmalarini berish masalasi Badiiy kengashda kollegial ravishda hal etilishi aytilgan. Badiiy kengash raisi ham Firdavs Abduxoliqov ekaniga, bu esa muayyan vaziyatlarda qonunga zid bo‘lishi mumkinligiga to‘xtalib o‘tilmagan.

“Maqolada tilga olingan “Ona zamin” seriali “Sevimli” telekanali tomonidan mustaqil moliyalashtirilgan bo‘lib, ushbu mahsulotning agentlikka umuman aloqasi yo‘q”, – deyiladi rasmiy bayonotda.

Ta’kidlash kerakki, Kun.uz “Ona zamin” serialiga agentlik tomonidan buyurtma berilgani haqidagi ma’lumotni agentlikning rasmiy Telegram-kanalidan olgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligi 2021 yilda Kinematografiya agentligi deb o‘zgartirildi. Yangi nomdagi tashkilot avvalgisining huquqiy vorisi sanaladi.

Bundan tashqari, bayonotda tilga olingan “Orzular palatasi” seriali uchun go‘yoki “Sevimli” telekanaliga emas, “My Films” kompaniyasiga buyurtma berilgandek ko‘rsatilgan. Vaholanki, Firdavs Abduxoliqovning 20 yanvar kungi bayonotidan boshqacha xulosa kelib chiqadi, o‘z navbatida Kun.uz ham axborot tarqatishda rasmiy amaldorning bayonotiga asoslangan.

Nima bo‘lganda ham, eng kamida bitta holatda (“Tuzoq” seriali) manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ayni paytda holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv o‘tkazmoqda.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, holatga oydinlik kiritiladi va agar jarayon davom etsa, yakuniy xulosa sud tomonidan ham berilishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining to‘liq bayonoti bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: