Prezident "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Qonun uncha katta bo‘lmasa-da uning davlat va jamiyat rivoji uchun ahamiyati yuqori. Ushbu maqolada shular haqida to‘xtalamiz.
Xo‘sh, bu qanday qonun? Uning maqsadi, vazifasi nima, odamlarga nima beradi?
Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi milliy qonunchiligimizda ilk bor 2017 yil yanvarida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida sharhlangandi.
Unda shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat manfaatlar to‘qnashuvi sifatida e’tirof etilgandi.
Yangi qonunning maqsadi haqida
Qonunning asosiy g‘oyasi jamiyat va davlat manfaatlari shaxsiy manfaatlardan ustun ekani bilan xarakterli. U davlat xizmatida shaxsiy manfaatdorlik yo‘lidagi qarindosh-urug‘chilikni cheklashga qaratilgan.
Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev qonunni ikki asosiy yo‘nalishga bo‘ladi:
- iqtisodiy, ya’ni davlat xaridlari va umuman davlat tashkilotlaridagi moliyaviy munosabatlarda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik;
- mehnat munosabatlari, ya’ni davlat tashkilotlarida qarindosh-urug‘larning bir-birining qo‘l ostida ishlashiga barham berish.
Ikkala yo‘nalishda ham qonunda cheklovlar va bu bo‘yicha ko‘riladigan choralar belgilangan.
Masalan, biror tashkilotda rahbarning yaqin qarindoshi uning bevosita bo‘ysunuvida ishlasa, qonun kuchga kirgach, bu haqda xabarnoma orqali oshkor qilishi va eng asosiysi o‘sha xodimni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazishi shart. Jaydari tilda aytganda, qo‘l ostidagi qarindoshlarini ishdan bo‘shatishi kerak. Yo‘qsa bu qonun buzilishi bo‘ladi va javobgarlikka olib keladi.
Ta’sir doirasi va istisnolar
Qonun davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollarni mustasno etadi. Bunday lavozimlar ro‘yxati alohida tasdiqlanadi. Mazkur ro‘yxatda qayd etilmagan barcha lavozimlarga qonun talabi birdek amal qiladi, ya’ni fuqarolik lavozimlarida ham, harbiy lavozimlarda ham qarindosh-urug‘lar bir-biriga bevosita bo‘ysunuvchi sifatida ishlay olmaydi.
Prezidentning “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2024 yil 1 iyulga qadar Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantiriladi.
Mazkur qaror qabul qilingach qonun doirasi amal qiladigan tashkilotlar va undagi lavozimlar haqida aniq bilib olish mumkin bo‘ladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi qanday aniqlanadi?
Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlarni o‘rganish orqali amalga oshiriladi:
- ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan;
- davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;
- jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan;
- tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) ro‘yxatlaridan;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish modulidan;
- “FHDYo Yagona elektron arxivi” axborot tizimidan;
- “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;
- Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidan;
- maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan taqdimnomadan.
Javobgarlik
Taqiq bo‘lgandan keyin, javobgarlik ham bo‘ladi. Qonunning 29-moddasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Xususan, ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 193-4-modda qo‘shilmoqda.
Yangi modda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutadi.
Unda keltirilishicha, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo‘llanadi.
Agar mazkur huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlarni, vaqtida xabar bermaganlarga ma’muriy javobgarlik belgilash bo‘yicha bayonnoma tuzib, sudga oshirish vakolati berildi.
Aybdorning moddiy javobgarligi
Qonuning yana bir tomoni, endilikda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi sababli davlat tashkilotiga moliyaviy-iqtisodiy zarar yetsa, ushbu zararni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan insonning o‘zi qoplaydi. Xususan, qonunning 26-moddasida quyidagilar nazarda tutilgan:
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilinganligi yoki bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi. Bunda haqiqiy emas deb topilgan bunday bitimning ijrosi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanadi.
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganligi natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga yetkazilgan zarar davlat organining yoki boshqa tashkilotning aybdor xodimlaridan regress tartibida undirib olinadi.