2024 yil 6 dekabrda kuchga kirgan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun jamiyat va davlat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning qabul qilinishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, korrupsiya kabi salbiy holatlarni bartaraf etishda sezilarni o‘rin egallaydi.
Manfaatlar to‘qnashuvi deganda shaxsning lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyat tushuniladi.
Mazkur qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, unga oid munosabatlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvi haqida axborotni oshkor qilish va uni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi. Shuningdek, qonun davlat tashkilotlaridagi xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq tartibga soladi.
Bu avvalo har qanday sohadagi rivojlanish illati bo‘lmish korrupsiya holatlarining oldini oladi, ya’ni shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyini shaxsiy manfaatlari maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi yo‘lidagi xatti-harakatlarining bir qismini bartaraf etadi, davlat budjetining (xalq mablag‘i) noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini oladi, davlat tashkilotlarida mehnat munosabatlari va davlat xaridlarining ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi.
Avvalo qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Shuningdek, mazkur Qonun o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan faqat ularning davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga ham tatbiq etiladi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimlariga o‘rnatiladigan cheklovlar
Qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlariga nisbatan cheklovlar belgilandi.
Jumladan, qonunda xodimlar shaxsiy naf olishga, manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chog‘ida ma’lumotlarni yashirishga, bo‘ysunuvchi yoki nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga, tijorat tashkilotlarining ta’sischisi bo‘lishga, o‘zi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nazoratida bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati sub’yektining aksiyalariga yoki ustav fondidagi ulushlariga egalik qilishga, uning boshqaruv organi a’zosi bo‘lishga, o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda o‘ziga yoki o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda o‘zi ishtirok etishga haqli emasligi nazarda tutilgan.
Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash mexanizmlari
Qonunda manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash bo‘yicha quyidagi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra manfaatlar to‘qnashuvi holatlari:
- ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan;
- davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;
- manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan;
- tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) ro‘yxatlaridan;
- O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish modulidan;
- «FHDYo Yagona elektron arxivi» axborot tizimidan;
- «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;
- Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidan;
- maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan taqdimnomasidan aniqlanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi hollarini tartibga solish choralari
Qonunda manfaatlar to‘qnashuvi hollarini tartibga solish uchun quyidagi choralar qo‘llanishi belgilangan:
- manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish;
- xodimni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan chetlashtirish;
- xodimning lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish;
- xodimning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;
- xodimning yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlari ustidan kollegial nazoratni ta’minlash;
- xodimga o‘zidagi shaxsiy manfaatdorlikni qonunchilikka muvofiq bartaraf etishi to‘g‘risida takliflar taqdim etish;
- xodim tomonidan davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlariga zid bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
- xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish.
Masalan, bir tashkilotda tuzilgan komissiyada ko‘rib chiqilayotgan masala komissiyaning bir a’zosiga bevosita aloqador ekanligi aniqlandi va bu vaziyatda mazkur komissiya a’zosini komissiya a’zoligidan chiqarish manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha qo‘llangan oqilona chora hisoblanadi.
Qonunga rioya etilishini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar
Mazkur ishchi guruh tomonidan qonunni amalga oshirish bo‘yicha namunaviy dastur ishlab chiqilib, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuborildi.
Ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish va uning talablariga rioya etilishi bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘qitish reja-jadvali va “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish” mavzusi bo‘yicha qisqa muddatli tematik kursning o‘quv dasturi tasdiqlandi.
Qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot materiallari to‘plami (annotatsiya, slayd, infografika) tayyorlanib Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali 86 ta vazirlik va idoralarga, 9 455 ta mahallalarga hamda hududiy adliya organlariga yetkazildi.
Qonunda belgilangan talablarga mahalliy davlat hokimiyati organlarida rioya etilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi va aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Huquqiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘qitish reja-jadvali va “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish” mavzusi bo‘yicha qisqa muddatli tematik kursning o‘quv dasturi tasdiqlandi.
Tasdiqlangan o‘qitish reja-jadvaliga muvofiq hozirgi kunga qadar 42 ta davlat organi va tashkilotlarining 7 300 ga yaqin xodimlari masofaviy shaklda o‘qitilib, bilim va malakasi oshirildi.
Shu bilan birga, Qonun mazmun-mohiyati yuzasidan test savollari ishlab chiqilib, vazirlikning maxsus test.adliya.uz saytiga joylashtirildi va davlat organlari va tashkilotlarining boshqaruv xodimlarining test sinovlarida ishtiroki ta’minlandi.
Jamoatchilik va ekspertlar ishtirokining ahamiyati
Milliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan maxsus o‘quv treninglar reja-jadvali tasdiqlandi va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari uchun onlayn o‘quv seminar, hamda OAV vakillari uchun maxsus o‘quv treninglar tashkil etildi.
Shu bilan birga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun «Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi va uni hal qilish choralari» mavzusini o‘z ichiga olgan maxsus o‘quv kurslar tashkil etildi. Bugungi kunga qadar ushbu kurslarda 5420 nafar mahalla raisi o‘qitildi.
Bundan tashqari, Germaniyaning K. Adenauyer jamg‘armasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi va Fondning Osiyoda qonun ustuvorligi dasturi bilan hamkorlikda «Davlat muassasalarida korrupsiyaning oldini olish sohasidagi tizimli islohotlar asosida yuridik kadrlarning malakasini oshirish» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Qonunning amaliyotda keng qo‘llanilishini ta’minlashda jamoatchilikning ishtiroki juda muhim hisoblanadi. Mazkur Qonunning o‘zida ham davlat organlari va tashkilotlarga manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda o‘rnak bo‘layotgan xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha qoida nazarda tutilgan.
Shunga asosan Adliya vazirligi tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda o‘rnak bo‘layotgan adliya organlari va muassasalari xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha adliya vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Bu kabi ishlar boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi lozim.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlashda faol yordam bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi va miqdorlarini belgilash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining namunaviy shakllari (ro‘yxat raqami 3569, 2024 yil 21 oktyabr) tasdiqlandi.
Qonun buzganlarga javobgarlik choralari
Qonun qabul qilinganidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, kodeksda Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik uchun ham javobgarlik belgilab ketildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda Qonunni amaliyotga keng joriy qilish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ko‘plab ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Manfaatlar to‘qnashuviga qarshi butun jamiyat birgalikda kurashishi yaxshi samara beradi. Shu sababli fuqarolarimizdan ushbu masalaga nisbatan befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Xudoyor Meliyev