1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi

O‘zbekiston 16:26 / 12.11.2024 2536

«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, vazirlik va idoralar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Biroq, qonunbuzarlik holatlari davom etyapti. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, agentlik tomonidan qonun talabiga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. Natijada 1 ming 488 nafar boshqaruv xodimi 1 ming 653 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan. Agentlik tomonidan bu haqda davlat organlari va tashkilotlariga 33 taqdimnoma kiritilgan.

Shu bilan birga, agentlik tomonidan «etender.uzex.uz» elektron axborot tizimi orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya qilinishi masofaviy o‘rganilgan. Jami 175,4 milliard so‘mlik 127 davlat xaridida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani, 22 holatda 23,9 milliard so‘mlik raqobatni cheklovchi usullar orqali g‘oliblik qo‘lga kiritilgani aniqlangan. Ushbu davlat xaridlarining natijalarini bekor qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomalar asosida mazkur davlat xaridlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma va shartnomalar bekor qilingan.

Ta’kidlanishicha, qonunchilik hujjatlarini «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlari loyihalari paketi shakllantirilib, tegishli qonun loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Qarorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibini belgilash nazarda tutilgan. Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.

Shuningdek, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilgan. Ro‘yxatga respublika darajasidagi 27 ta davlat organi va tashkiloti, 71 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organi, 10 ta davlat maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman-shahar hokimliklari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 49 ta xo‘jalik jamiyatlari, unitar korxonalar kiritilgan.

Ma’lumotda idora va tashkilotlar nomi keltirilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: