Matyoqub Matchonov tanishini haqorat qilgan uchun javobgarlikka tortildi

Jamiyat 22:43 / 22.01.2025 3999

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov Kinematografiya agentligi binosida fuqaroni haqorat qilgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Sud hujjatlarga ko‘ra, Matyoqub Matchonov 2025 yil 15 yanvar kuni Kinematografiya agentligi binosida bo‘la turib, E.Yo‘ldoshevni o‘tkazilayotgan tadbirga xalaqit berishi vaji bilan binoga kiritmasligi yuzasidan kelishmovchilik yuz bergan. Natijada aktyor uni turli so‘zlar bilan haqorat qilib, sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.

Matchonovning ma’lum qilishicha, u Yo‘ldoshev bilan ancha yillardan buyon tanish va uning arizasiga asosan Kinematografiya agentligida tekshirish ishlari olib borilmoqda. Yo‘ldoshev o‘z arizasida Matchonovni Badiiy kengash a’zosi sifatida davlat buyurtmasi asosida tasvirga olingan kinolarda rol ijro etgani va bu manfaatlar to‘qnashuvi ekanini ko‘rsatib o‘tgan.

15 yanvar kuni E.Yo‘ldoshev Kinematografiya agentligiga kelganida, qorovullar uni ichkariga kiritmagan va o‘rtada tortishuv yuz bergan. Buni ko‘rgan Matyoqub Matchonov u bilan gaplashib olmoqchi bo‘lgan, Yo‘ldoshevni ancha yillardan beri tanigani uchun unga gapirgan, keyinroq esa uni haqorat qilgan.

Sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi E.Yo‘ldoshev Kinematografiya agentligining moliyaviy faoliyatidagi kamchiliklarni o‘rganish maqsadida Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgani, o‘rganish shaffof bo‘lishi uchun u ham agentlikka kelgani, lekin binoga kiritilmaganini aytgan.

Jabrlanuvchi Matchonov bilan suhbatini telefon apparatida diktofonga yozib olgan va uni IIBga bergan.

22 yanvar kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi qarori bilan Matyoqub Matchonov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga BHMning uch baravari (1 million 125 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil mart oyida Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida «Konstitutsiya o‘zimizniki» targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqan Matyoqub Matchonov qamoqda o‘tkazgan kunlarini yodga olib, u yerdagi kunlarini dushmaniga ham ravo ko‘rmasligini aytgan edi. 2016 yilda Matchonov rahbarlik qiladigan tijorat tashkilotiga soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish kabi ayblovlar qo‘yilgan va u qamalgan edi. Aktyor o‘sha yilning oktyabr oyida amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: