Jizzaxdagi baliqchilik klasteridan master-klass: oson, kam xarajatli, biroq daromadli biznes

Jamiyat 20:30 / 27.10.2021 23011

Xo‘sh, baliqchilik bilan shug‘ullanish osonmi yo qiyin? Shunday ish boshlagan tadbirkorlarning hammasini ham muvaffaqiyatli sanasa bo‘ladimi? Yoki bu ishni do‘ndirish uchun ham «Xudo yuqtirgan» bo‘lishi kerakmi?

Biz bu savollarga javob olish uchun Jizzax tomon yo‘l oldik.

Yurtimizda biznesga, tadbirkorlikka e’tibor oshgandan oshib boryapti va bu hol o‘z ishini ochgan va yo‘lga qo‘yib olganlar faoliyatida tobora bo‘y ko‘rsatmoqda.

Hukumat darajasidagi e’tibor qay tarzda amaliy ishlarda namoyon bo‘layotganiga guvoh bo‘lish uchun Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida bo‘ldik. Ko‘rganlarimiz bir olam. Bilganlarimiz yana bir olam. Baliqchilikka ixtisoslashgan Gold Fish Agro klasteri asoschisi Abror Narziyev biz uchun gid vazifasini o‘tab berdi.

43 gektar maydonda ochiq hovuzlar va yopiq turdagi kichik hovuzlar — basseynlar tashkil qilingan. Intensiv va yarim intensiv usulda yetishtirilayotgan baliqlardan millionlab daromad olish mumkinligi, biroq buning uchun qo‘ldagi sarmoya yoki bankdan olingan kreditning o‘zi yetarli emasligi, balki har bir biznes ilmga tayanishi, baliqchilik sohasida ham ilmsiz biror natijaga erishib bo‘lmasligini angladik va ko‘rdik.

Shuningdek, shu yerning o‘zida 10 gektar yerda tashkil qilingan uzum plantatsiyalari ham hosil olish uchun, ham tajriba maydoni o‘laroq tashkil qilingan. Narziyev bu yo‘nalishda xohlovchilarga bilim berishga tayyor.

E’tiborimizni tortgani, biznes egasi nafaqat o‘zi daromad olishni, balki bilganlarini boshqalarga o‘rgatishni ham istayotganidir. Klaster qoshida o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bu kurslarda sohani o‘rganish va amaliyotda qo‘llash imkoniyati bor.

«Faqatgina nazariy bilim kamlik qiladi, shuning uchun ham biz shu yerning o‘zida o‘qiyotganlarga amaliyot ham taqdim etyapmiz. Sinfxonadan uzumzorga yoki intensiv hovuzlarga o‘tamiz, o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan barcha ishni bajarishlari, jarayonda qatnashishlari mumkin va bu nazariy bilimlarni mustahkamlaydi», — deydi klaster rahbari.

Klaster — bu barchasi bir joyda, degani. Ya’ni bu yerda baliqlar uchun ozuqa ishlab chiqariladi, baliqlar lichinka holatidan tayyor mahsulot darajasiga kelgunicha barcha jarayon shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. Xullas, uvuldiriq shu yerda katta qilinib, sotuvga chiqariladi.

Uzumchilik borasida ham shu gap: yetishtirishdan yig‘ib olishgacha, tayyor mahsulotdan toki uni saqlash va turli ko‘rinishlarda qayta ishlashgacha.

Klasterda yiliga 500 tonna baliq yetishtirilishi, gektaridan 50 tonnagacha uzum hosili olinishi mumkin. Bularning barchasi zamonaviy texnologiyalar tufayli energiyatejamkor, suvtejamkor ko‘rinishda bo‘ladi.

Abror Narziyev istagan odamga 0,5 yoki 3 sotix maydonda baliq yetishtirishni o‘rgatishini, hatto qurilmalar va basseynni istagan odamning xonadoniga olib borib, o‘rnatib, chavoqlarni tashlab, «kalitigacha» taqdim eta olishini ma’lum qildi.

«Jarayon ana shunday. Deylik, siz hech qachon bunday ish qilib ko‘rmagansiz. Biroq, ishoning, bajara olasiz: o‘qitamiz, o‘rgatamiz, amaliyot o‘taysiz, yasab, qurib, o‘rnatib beramiz, bu yog‘iga o‘zingiz bemalol eplab ketasiz. Shunaqa!» — deydi Abror Narziyev.

Baliqchilikning bu kabi sir-asrorlarini o‘rganmoqchi bo‘lganlar quyidagi telefon raqamlari orqali Gold Fish Agro mutaxassislari bilan bog‘lanishlari mumkin:

+9989915690676
+9989938558988
+9989945721330

Bobur Akmalov, Kun.uz jurnalisti.
Operator va montaj ustasi: Mahmud Soliyev

Ko‘proq yangiliklar: