«Kanada va O‘zbekistondagi hokimlar farqi» - blogerlarning hafta mavzulari

Jamiyat 19:58 / 24.10.2021 25720

Hokimlarning korrupsiyaga qarshi kengashlariga rais bo‘lishi illyuziyadan iborat kurashning mantiqiy davomi

Telegramdagi Bakiroo kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov hokimlarning korrupsiyaga qarshi kengashlarga rais bo‘lgani borasidagi e'tirozlarini yozdi.

«Viloyat hokimlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga rais etib tayinlanganiga nisbatan turlicha munosabatlar bildirilmoqda. Albatta, izohlarda istehzolar, kinoyalar va achchiq luqmalar ko‘proqni tashkil etadi.

Balki tasodifdir, hududiy kengashlar tashkil etilgani to‘g‘risidagi rasmiy xabar va relizlarda asosan kengash tuzilgani to‘g‘risidagi matn bilan cheklanildi. Hokimlar ularda rais etib tayinlangani to‘g‘risidagi qismi aksarida tushirib qoldirildi. Balki matn mualliflarining o‘ziga ham bu haqda yozish noqulay bo‘lgandir, erish tuyulgandir. Bilmayman.

Shaxsan men, ushbu harakat bilan, ya'ni ish tutumi zo‘ravonlikdan iborat bo‘lgan, saylanmagan, hisobdor bo‘lmagan, vakolatlari cheksiz va tiyilmagan, o‘zbek amaldorlarining eng sifatsiz toifasi bo‘lgan hokimlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga rais etib tayinlanishini keyingi 5 yilda korrupsiyaga qarshi e'lon qilingan formal va illyuziyadan iborat kurashning mantiqiy yakuni deb hisoblayman. Ya'ni shu bilan mantiqiy halqa yopildi. Signal berib bo‘lindi. Jamiyat esa tushunishi kerak bo‘lganini tushunib bo‘ldi», deb yozdi u.

Kanadaning Kalgari shahrida yashovchi, «Zambarakning o‘qi» kanali muallifi ushbu shaharning sobiq hokimi ofisini bo‘shatib, narsalarini olib ketayotgani aks etgan suratni bo‘lishdi. Kanal o‘quvchilari shahar hokimining bu holatidan taajjublarini bildirishgach, kanal muallifi Kanada va O‘zbekistondagi hokimlarni solishtirdi.

Foto manbasi: Telegram/zambarakning_oqi

«Kommentlarga javoban: ha, hokim oddiygina yuradi. Chunki biladiki lavozim vaqtincha.

Albertada shahar hokimlari yer ajratish bo‘yicha qaror chiqara olmaydi. Bir o‘zi hech qanaqa qaror chiqarolmaydi. Shaharni kengashning 14 a'zosi va hokim boshqaradi. Hokimning shahar kengashi a'zolaridan ortiq vakolati (deyarli) yo‘q.

Safiya qandolat zavodi va istirohat bog‘i o‘rtasidagi kelishmovchilikni ko‘rib yoqangni ushlaysan kishi. Davlat organi ochiqchasiga qonunga tupurgan.

Nima qilish kerak?

Toshkent shahar kengashida 60 deputat ekan. Deputatlar sonini qisqartirish kerak, masalan, 20tagacha. Shunda deputat mas'uliyati oshadi, undan talab kuchayadi. Sessiya-pessiya ham bo‘lmasin. Kengash a'zolari doim hokimiyatda ishlasin; bir oyda bir kelib, qo‘lini ko‘tarib ketmasin.

Ikkinchidan, hokimlarning vakolatlarini qisqartirish kerak. Keskin qisqartirish. Bir o‘zi hech narsa qilolmasin.

Uchinchidan, Toshkentda tumanlar, tuman hokimlari va deputatlari nimaga kerak? Bir foydali ish qilishadimi? Umuman, tumanlarni tugatib, bitta shahar hokimligi qoldirsa nima bo‘ladi?

O‘zimcha aytdim-qo‘ydimda».

Politsiyaga xarajatlarni kamaytirsak bo‘ladi

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Telegram’dagi blogida politsiyaga xarajatlar jinoyat bilan bog‘liq emasligi, shu sababli unga xarajatlarni kamaytirish mumkinligi haqida yozdi.

«Bu grafikni Vashington postdagi bu maqoladan oldim. 

Muallifning fikriga ko‘ra, politsiyaga xarajatlar va politsiyachilar soni bilan jinoyat orasida bog‘liqlik yo‘q ekan.

Maqolada quyidagi argument bor, politsiyaga bo‘lgan xarajatlar bilan jinoyat bog‘liq emas, demak, xarajatlarni kamaytirsak bo‘ladi.

Shuning uchun o‘ylaymanki, statistikani hamma o‘qishi kerak. Men o‘zim bir necha marta guvohi bo‘lganman, hatto doktor darajasida ilmiy unvoni bor odamlar bog‘liqlik bilan sabab oqibatni farqlay olishmaydi. Bu albatta achinarli. Eng ko‘p shu xatoni, AQShdagi yuristlar yoki O‘zbekistondagi iqtisodchilardan eshitganman. Tasodif, korrelyatsiya bu, inson bazaviy statistika bilmasligi bilan ilmiy unvoni yoki mutaxassisligi bog‘liq emas», deb yozdi u. 

Senatorlar va adliya vaziri «jangi»

Xushnudbek.uz kanali muallifi Xushnud Xudoyberdiyev Senat majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov va senatorlar o‘rtasida kelib chiqqan ziddiyat haqida yozdi.

«Senat yalpi majlisida «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Senatorlarning bu qarori meni bir tomondan xursand qildi (unchalikmas), bir tomondan xafa qildi (juda). Xursand bo‘lganim, Senatda har qanday qonun o‘tib ketavermasligi, qizg‘in muhokama bo‘lishining isbotini ko‘rdik.

Xafa bo‘lganim, senatorlar kuchsiz asoslar bilan qonunni rad qilishdi. Yana qanday qonun deng: ko‘zi ojiz, kar-soqov va aholining boshqa ehtiyojmand toifasini tadbirkorlikka jalb etish, ularni ish bilan ta'minlashga oid qonunni.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov senatorlarning vaji asossiz ekanligi haqida ko‘p gapirdi. Yuridik faktlar ham keltirdi. Lekin senatorlar «qarorimiz shu» deyishdi va oxirida bir ovozdan tasdiqlashdi. Ammo ayrim senatorlarning gapini eshitib, ular umuman ijtimoiy tadbirkorlik nimaligini tushunmagan shekilli, deb o‘ylab qoldim», deb yozdi u.

Bloger qarorni rad qilish asoslarini keltirib, ularga o‘z e'tirozini bildirdi.

«Senatorlar bir necha bor tadbirkorlikka imtiyoz berilishiga qarshimiz, asossiz imtiyozlar biznes muhitiga salbiy ta'sir qiladi, investorlar kelmay qo‘yadi, Jahon banki ham tadbirkorlikka imtiyoz bermaslikni tavsiya etgan, deyishdi.

To‘ppa-to‘g‘ri! Ma'lum bir tadbirkorga imtiyoz bermaslik kerak. Ammo bu gaplarni ijtimoiy tadbirkorlikka nima aloqasi bor? Tadbirkorlik va ijtimoiy tadbirkorlik mohiyatan umuman boshqa narsalar-ku!

Adliya vaziri to‘ppa-to‘g‘ri savol berdi, qani, qayerda Jahon banki ijtimoiy tadbirkorlikka imtiyoz berish mumkinmas, degan, konkret fakt aytinglar degan mazmunda. Lekin senator «bilishimcha shunaqa» deb umumiy gap bilan qutuldi.

O‘zbekistonda qanchadan qancha katta monopol kompaniyalar, aniq tadbirkorlik sub'yektlari ochiq va yopiq hujjatlar bilan bir dunyo imtiyozga ega. Endi senatorlar kelib-kelib ko‘zi ojiz, kar-soqov shaxslarga oid ijtimoiy tadbirkorlikka beriladigan imtiyoz va preferensiyalar tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatadi, deb o‘ylab qolgani ajoyib.

To‘g‘ri, xolisona aytish kerak, Senat raisi ijtimoiy tadbirkorlikka imtiyoz berishga Senat qarshi emasligini, aksincha qo‘llab-quvvatlashini, qonun qayta ko‘rib chiqish uchungina rad qilinayotganini aytdi. Ammo barcha senatorlar ham bunday fikrda emasga o‘xshaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

«Senatorlar ijtimoiy tadbirkorlik mohiyatini tushunmagan ko‘rinadi»

Mavzu yuzasidan Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov ham fikrlarini bildirdi.

«Senatorlar parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarishga qaror qilibdi. Bu masala muhokamasi keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Xususan, adliya vaziri Ruslanbek Davletov senatorlarning xulosasiga jiddiy e'tiroz bildirgan.

Aftidan senatorlar ijtimoiy tadbirkorlik mohiyatini tushunmagani ko‘rinib qolibdi. Ya'ni ularning e'tirozi xususiy tadbirkorlik bilan bog‘liq masalalar atrofida bo‘lib qolgan. Ko‘r-ko‘rona bir-birini qo‘llab, «mundir sharafi»ni himoya qilishga o‘xshab ketibdi. Balki qonun zaif ishlab chiqilgandir, lekin senatorlar keltirgan vajlar poyintar-soyintar, fuqarolik jamiyati, ayniqsa, aholining zaif qatlami bilan bog‘liq munosabatlarni umuman tushunishmaganini ko‘rsatadi. Gaplaridan shunday tuyuldi. Qaytarish kerak ekan deb qaytaraverish kerak emas-da. Ijtimoiy tadbirkorlik bo‘lgandan keyin albatta u tadbirkorlik emas, albatta, u investorlar haqida emas.

Dahanaki tortishuv yaxshi, lekin prinsipial — ikki taraf ham to‘g‘ri tushunib tortishganda boshqa edi. Vazir asosiy masalani aytyapti, senatorlarimiz esa boshqa narsani nazarda tutyapti. Senatorlarimiz mamlakatimizda ishlayotgan ijtimoiy korxonalar faoliyati bilan bir tanishib olishsa yaxshi bo‘lar edi. IMHO, albatta», deb yozdi u. 

Ko‘proq yangiliklar: