Jahon | 23:54 / 13.03.2025
4828
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya prezidenti korrupsionerlar uchun qamoqxona qurilishini e’lon qildi

Prabovo Subianto alohida orolda qamoqxona qurish uchun budjetdan mablag‘ ajratishga oid rejasi bilan bo‘lishdi.

Foto: Reuters

Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto alohida orolda qamoqxona qurish uchun budjetdan mablag‘ ajratishga oid rejasi bilan bo‘lishdi. Ushbu qamoqxona mamlakatda korrupsiyada ayblangan jinoyatchilar uchun mo‘ljallangan.

«Men korrupsionerlarga qarshi kurashdan chekinmayman. Ular men bu millat va bu davlat uchun o‘lishga tayyor ekanimni bilishlari kerak. Men mafiyadan qo‘rqmayman, chunki politsiya boshlig‘i, harbiy qo‘mondon va o‘qituvchilar mening tomonimda», — dedi Subianto.

Prezidentning ta’kidlashicha, davlat mablag‘larini o‘zlashtirishdan eng ko‘p o‘qituvchilar, shifokorlar, tibbiyot xodimlari va fermerlar aziyat chekkan.

Shu nuqtai nazardan, u davlat muassasalarida budjet samaradorligi bo‘yicha o‘zining ko‘rsatmasi aslida davlat mablag‘larining faqatgina odamlar farovonligini oshirish uchun ishlatilishini ta’minlashga va ularning mas’uliyatsiz sub’yektlar tomonidan noto‘g‘ri ishlatilishidan himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.

Budjet qisqarishlariga bo‘lgan e’tirozlarni e’tirof etgan holda, prezident o‘z ma’muriyati Indoneziya xalqining turmush darajasini oshirishga bo‘lgan sadoqati tufayli to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildirdi.

Indoneziya yetakchisi ushbu bayonotni hududlarda davlat xizmatchisi maqomiga ega o‘qituvchilarga beriladigan imtiyozlarni taqsimlashning yangi mexanizmini ishga tushirish chog‘ida aytib o‘tdi.

Subianto bundan oldin ham bir necha bor mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari haqida gapirgan edi.

Mavzuga oid