Olimpiya o‘yinlari sovrindori Diyorbek O‘rozboyev 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi

Sport 14:29 / 21.10.2021 17706

Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Diyorbek O‘rozboyev O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test ro‘yxati”ga kiritilgan bo‘lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o‘tishi belgilangan. Joriy yilning 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan.

Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etilgani, ya'ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste'mol qilingani aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining “S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari” sinfiga mansub hisoblanadi.

Natijada, Diyorbek O‘rozboyev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya 2021 yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilandi.

Dzyudochi diskvalifikatsiya muddati tugagunga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilab qo‘yilganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: