Sport | 17:04 / 15.02.2025
4753
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning birinchi raqamli raketkasi «atrofidagilarning beparvoligi» uchun diskvalifikatsiya qilindi

Italiyalik Yannik Sinner doping tufayli 3 oy davomida musobaqalarda ishtirok etolmaydi.

Foto: Reuters

Butunjahon antidoping agentligi (WADA) italiyalik tennischi Yannik Sinner bilan 3 oylik diskvalifikatsiya haqidagi kelishuvni tasdiqladi.

2024 yil mart oyida sportchi tahlilida taqiqlangan modda klostebol aniqlangan va u antidoping qoidalarini buzgan edi.

«WADA janob Sinnerda aldash niyati bo‘lmagani va klosteboldan foydalanishi unga unumdorlikni oshiruvchi foyda keltirmaganini va atrofidagilarning beparvoligi oqibatida taqiqlangan modda iste’mol qilganini tan oladi. Biroq Kodeks va CAS (Sport arbitraj sudi) pretsedentiga muvofiq, sportchi o‘z atrofidagilarning e’tiborsizligi uchun javobgar», deyiladi agentlik xabarida.

Sinner 9 fevraldan 4 maygacha diskvalifikatsiya qilindi. U rasman 13 aprel kuni mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin.

Yannik Sinner 2024 yil bahorida ketma-ket ikki marta musbat doping test topshirdi. Biroq, tennisdagi «halollik» uchun mas’ul bo‘lgan International Tennis Integrity Agency (ITIA) unga nisbatan deyarli ramziy jazo bilan cheklandi. Tashkilot taqiqlangan moddaning mikroskopik konsentratsiyasini, shuningdek, tennischi versiyasining ishonchliligini hisobga oldi. Qayd qilinishicha, tennischining shifokori Jakomo Naldi tarkibida klostebol bo‘lgan spreydan Sinnerni massaj qilishda foydalangan.

Oqibatda Sinner 400 reyting ochkosi va 325 ming dollar mukofotdan mahrum qilindi.

Endi WADA tomonidan qo‘yilgan diskvalifikatsiya tennischiga mavsumning ikkinchi «Katta Dubulg‘a» turniri - «Rolan Garros»da ishtirok etish imkonini beradi, u may oyi oxirida boshlanadi. Qolaversa, Sinner diskvalifikatsiya vaqtida ATP reytingida hatto eng yuqori pog‘onadan ham tushmasligi mumkin. Uning eng yaqin ta’qibchisi germaniyalik Aleksandr Zverevdan ustunligi juda katta: 3 ming balldan oshadi.

Mavzuga oid