Ispaniyalik tennischi Rafael Nadal vatanidagi Malaga shahrida bo‘lib o‘tgan Devis Kubogi musobaqasida ishtirok etib, professional faoliyatini yakunladi.
Nadal so‘nggi bahsida niderlandiyalik tennischi Botik van de Zandshulpga (4:6, 4:6) imkoniyatni boy berdi. Nadal Devis Kubogining yakkalik bahslarida 20 yil ichida birinchi marta mag‘lub bo‘ldi, bungacha ketma-ket 29 bahsda g‘alaba qozongan edi.
«Bu mening oxirgi o‘yinim ekani qaysidir ma’noda yaxshi bo‘ldi. Men Devis Kubogidagi birinchi o‘yinimda mag‘lub bo‘ldim va oxirgi o‘yinda ham mag‘lub bo‘ldim. Shunday qilib, biz davrani yopamiz», dedi Nadal o‘yindan so‘ng.
Niderlandiya Ispaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng Nadalning faoliyati yakunlandi.
Malagadagi stadionda Nadal sharafiga tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Jamoatchilikka murojaati chog‘ida tennischi o‘z oilasi va professional faoliyati davomida uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi.
«Haqiqat shundaki, siz hech qachon bu nuqtaga borishni xohlamaysiz. Men tennis o‘ynashdan charchamadim, lekin tanam o‘ynashni istamayapti va buni qabul qilish kerak», dedi Nadal.
38 yoshli Rafael Nadal - eng nomdor tennischilardan biri. U tarixda «Oltin dubulg‘a» to‘plagan birinchi tennischi bo‘ldi, ya’ni yakkalik va juftlik bahslarida «Katta dubulg‘a»ning barcha turnirlarida g‘alaba qozondi va Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi.