Tashqi qarz – xatarmi yo imkoniyat? Iqtisodchi bilan suhbat

Iqtisodiyot 20:25 / 15.09.2020 43512

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonov Kun.uz bilan suhbatda tashqi qarz tushunchasi, undagi qoidalar va xatarlar, shuningdek, tashqi qarzni boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

—​ Tashqi qarz nima va uni qanday tushunish kerak?

—​ So‘nggi yillarda yuz berayotgan ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz tashqi qarzi haqida bugun juda ko‘p ma'lumotlar e'lon qilinmoqda va bu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tashqi qarz – biror-bir mamlakat boshqa mamlakatdan yoki boshqa mamlakatdagi kompaniyalardan, banklardan, xususiy tashkilotlardan oladigan qarz hisoblanadi. Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ko‘pincha bu ikkisining farqini tushunmasdan umumiy qarz haqida gap ketadi. Bu narsa bir tarafdan to‘g‘ri. Ammo boshqa tarafdan unchalik to‘g‘ri emas. Chunki O‘zbekistonning bir kompaniyasi xususiy yo‘l bilan, qaysidir soha bo‘yicha, chetdan qarz olgan bo‘lsa, qarz mas'uliyati o‘sha kompaniyaning zimmasida bo‘ladi. 

Odil Olimjonov

Hukumat kafolati ostida yoki davlat olgan qarzlar esa davlatning tashqi qarzlari hisoblanadi. Bular qo‘shilib, ya'ni davlat qarzi bilan xususiy kapital qarzi qo‘shilib, umumiy tashqi qarz tushunchasini hosil qiladi.

Umumiy tashqi qarz har xil talqin qilinishi mumkin. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi qarzi miqdori o‘sayotgani xavotirga solyapti, raqamlar o‘zgarib boryapti. O‘tgan yili 17-19 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, shu yil 25 milliard dollardan o‘tdi. Bu umumiy qarzimiz. Shundan 17 milliard 300 millioni davlat qarzi. Qolgani xususiy kapital qarzi. Aslida, ana shu 17 milliard 300 million haqida ko‘proq gaplashishimiz kerak. Chunki bu davlatimiz olgan yoki kafolat bergan qarz. Shu ikkalasidan davlat qarzi paydo bo‘ladi. Bunga davlatimiz, albatta, javob beradi.

—​ Nima uchun O‘zbekistonning tabiiy boyliklari bo‘la turib, qarz olishi kerak?

—​ Har safar qarz olish paytida Moliya vazirligi uzoq hisob-kitoblar qilib, masalani tarozining ikki pallasiga solib ko‘radi. Biz hozir butun dunyo hayoti o‘zgarib ketgan murakkab davrda yashayapmiz. Dunyoda pandemiya yuz beradi-yu, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotini tiz cho‘ktirib qo‘yadi, deb hech kim o‘ylagan emasdi.

Bu virus iqtisodiyotga salbiy ta'sir qildi. Va bu yana qancha davom etishini hozir prognoz qilish ham qiyin. Chunki holat har kuni o‘zgarib turibdi. Mana shunaqa paytda biz yanada og‘irroq holatga tushib qolmaslik uchun 34 milliardlik zaxiralarimizni ushlab turishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayapmiz. Chunki bugun zaxiralarning barchasini ishlatib qo‘ysak, ertaga virusning oqibatlarini yumshatish cho‘zilib ketsa, bundan murakkabroq sharoitlarda, murakkabroq foizlarda qarz olishga majbur bo‘lardik. Hozir 1,5-1,25 yoki 2 atrofidagi foizlarda qarz olyapmiz.

Qaysidir davlatning katta miqdorda ishlatilmay turgan puli bo‘lsa ham, ular hech qachon o‘ylamasdan, qaysidir davlatning iltimosi bilan shunchaki berib yuborishmaydi. Ular ham juda ko‘p o‘rganishadi. Agar biz chetdan qarz olayotgan bo‘lsak, ular ikkilanmasdan qarz berishayotgan bo‘lsa, demak, ular O‘zbekistonning iqtisodiy ahvolidan xabardor.

—​ Xalqaro reyting agentliklaridan biri S&P esa O‘zbekiston tutgan pozitsiyani pasaytirishi mumkinligini ma'lum qildi. Agentlik nimadan xavotirlanyapti?

—​ To‘g‘ri, shu yilning aprel oyida ular bizga barqaror reytingni berishgan edi. Pandemiya boshlangandan keyin butun dunyo davlatlari qatori biz ham murakkab ahvolga tushganimizda, ular bizni ogohlantirishgan. Mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hukumat amalga oshirayotgan chora-tadbirlar, inqirozga qarshi kurashish uchun 10 trillion so‘mlik jamg‘arma tuzganimiz va inqiroz paytida aholini, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaganimiz tufayli ular bu ogohlantirishni kun tartibidan olishdi.

—​ Davlat tashqi qarzga murojaat etganda, garovga nimadir qo‘yadimi?

—​ Davlatlar o‘rtasida qarz munosabati shakllanayotganda qarz olayotgan davlat, albatta, o‘zining xorijiy banklarda qo‘yilgan va shaffof oltin-valuta zaxirasiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, qarz oluvchining iqtisodiy o‘sish darajasi ham hisobga olinadi. Chunki iqtisodiy o‘sish darajasi mavjud bo‘lgan davlat qarzini qaytara olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mamlakatimiz 2020 yilning 1-choragida ham, 1-yarim yilligida ham iqtisodiyoti o‘sishi minusga tushmagan dunyodagi kamdan kam davlatlar qatorida turibdi. Ba'zi davlatlarda ortga qaytish boshlangan. Bizda bu hodisa ro‘y bergani yo‘q. Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi ham O‘zbekiston iqtisodiyoti 2020 yilda ijobiy natija bilan yakunlanishini qo‘rqmay prognoz qilishyapti.

—​ Internet foydalanuvchilari orasida Xitoy va Tojikiston qarz munosabatlari oqibatida rasmiy Dushanbe yerining bir qismini Xitoyga uzoq muddatli ijaraga bergani keng muhokama etildi. Bu bo‘yicha qanday fikrdasiz?

—​ Qarz olayotgan davlat qarz berayotgan davlat yoki kompaniyalar guruhidan katta miqdorda qarz olib, ularga bog‘lanib qolishi kerak emas. Tojikiston hukumati bu qoidaga amal qilmadi. Ular olayotgan qarzning katta miqdori Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Va ularning valuta-oltin zaxirasi qarzni qoplashga yetmagani sababli yerni olib qo‘yish emas, uzoqroq muddatga ijaraga berishga majbur bo‘lgan, degan ma'lumotlar bor. Ammo bu rasmiy ma'lumot emas. Biz esa Xitoyning ikki bankidan qarz olganmiz. Bu ham bo‘lsa, barcha qarzlarimizning 14-15 foizini tashkil qiladi.

Bizga qarz berayotgan eng katta tashkilot - Osiyo Taraqqiyot banki. Bu bankdan olgan tashqi qarzimiz 3,9 milliardga to‘g‘ri keladi. Umuman olib qaraganda, O‘zbekiston ko‘proq moliyaviy institutlardan qarz oladi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori oldingi yillarda olingan qarzlarga nisbatan o‘syapti. Lekin boshqa davlatlar bilan solishtirib qaraydigan bo‘lsak, qarzni yalpi ichki mahsulotga nisbatan hisoblasak, oshib borsa 40 foizga to‘g‘ri keladi. Bu hamma qarzimiz. Agar davlat tashqi qarzi haqida gap ketsa, 1 iyul holatiga ko‘ra, YaIMga nisbatan 30,3 foizni tashkil etdi. Bu katta emas. Ba'zi bir davlatlarning tashqi qarzi YaIMdan bir necha barobar yuqoriroq. Bizniki esa, hali YaIMning yarmiga ham yetmaydi. Bu katta summa emas. Agar jon boshiga hisoblasak ham davlat tashqi qarzi 509 dollardan to‘g‘ri kelyapti. Hammasini hisoblaydigan bo‘lsak, 730 dollar.

Oldingiga nisbatan o‘sish ko‘pchilikni xavotirga solayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu tabiiy jarayon. Agar shu yil koronavirus bo‘lmagan taqdirda ham biz 2016 yilda boshlangan yangi iqtisodiy siyosatni davom ettirish uchun tashqi qarz jalb qilgan bo‘lar edik. Uy-joy qurilish sohasida ham, neft-gaz sohasida ham, energetika sohasida ham milliard-milliard dollarlik qurilishlar ketyapti. 

Birgina energetika sohasini olaylik. Bu sohadagi inshootlarning ko‘pchiligi 60-70 yillarda qurilgan. Va bugun ularda foydali ish koeffitsiyenti juda ham past. Bularni modernizatsiya qilish va yangilarini qurish juda katta miqdorda mablag‘ talab qilyapti. Bu mablag‘larning katta qismi xorijiy kreditlar evaziga bo‘lyapti. Agar biz rivojlanishni xohlasak, bizga albatta katta miqdorda mablag‘ kerak.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: